08:52 / 30.01.2023
9100

“2035 yilga borib O‘zbekiston aholisi 45,6 mln kishidan oshishi kutilmoqda” – PMTI

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti tahlillariga ko‘ra, 2035 yilgacha maktablarda qo‘shimcha 8,2 million o‘quvchi o‘rnini yaratish zarur. Shuningdek, ushbu davrgacha aholining elektr energiyasiga bo‘lgan talabi har yili 5−5,3 foizga oshishi kutilmoqda. Mutaxassislar imkon qadar tezroq yadro, vodorod va boshqa muqobil “yashil” texnologiyalardan foydalanishga o‘tishni tavsiya qilmoqda.

Foto: Kun.uz

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI) mutaxassislari tomonidan O‘zbekistonda 2035 yilgacha bo‘lgan davr uchun aholi soni prognozlarining ijtimoiy soha va elektr energiyasi ta’minotiga ta’siri o‘rganildi.

Qayd etilishicha, 2035 yilga borib, O‘zbekiston aholisi 45,6 mln kishidan oshishi kutilmoqda. Ushbu yilgacha har yili o‘rta hisobda 900−950 ming go‘dak dunyoga keladi.

3-6 yosh oralig‘idagi bolalarni maktabgacha ta’lim muassasalari bilan qamrab olish darajasi 90 foizga yetishi kutilyapti va buning uchun maktabgacha ta’lim muassasalarida 1 mln 264 ming nafar bola uchun yangi o‘rinlar tashkil etish zarur. Prognozlarga ko‘ra, 2035 yilga borib, 7-17 yosh oralig‘idagi bolalar soni 9 mln 737,4 ming nafarni tashkil etadi. Bu esa maktablarda qo‘shimcha 8,2 million o‘quvchi o‘rnini yaratishni talab qiladi. 2035 yilga borib, ambulator-poliklinikalar sonini 8450 birlikka (2022 yil boshida 6676 ta) yetkazish zarur.

Shuningdek, 2035 yilgacha bo‘lgan davrda aholining elektr energiyasiga bo‘lgan talabi har yili 5-5,3 foizga oshishi kutilmoqda. Aholi va umuman iqtisodiyotning o‘sib borayotgan talabini qondirish uchun 2030 yilgacha energiya quvvatini mavjud darajaga nisbatan kamida 1,7 barobar oshirish talab qilinadi.

Talabning taxminan 8-10 foizini tashkil etadigan mavjud taqchillik to‘ldirilishi bilan o‘sib borayotgan aholining elektr energiyasiga bo‘lgan talabi 2035 yilgacha bo‘lgan davrda taxminan 6,2-6,5 foizga o‘sadi.

PMTI ekspertlari tadqiqot natijalaridan kelib chiqib, quyidagilarni taklif etmoqda:

  • davlat qarzi ortib borayotgan sharoitda fiskal yukni yengillashtirish maqsadida ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarida xususiy ishtirokchilar bilan tizimli ish olib borish, ularga litsenziya va boshqa ruxsatnomalarni berish tartibini soddalashtirish;
  • xalq deputatlari viloyat Kengashi a’zolari budjet mablag‘larini taqsimlash va hududlarning ijtimoiy infratuzilmasini o‘rta muddatli rejalashtirishda demografik rivojlanish prognozlarini hisobga olishi zarur;
  • ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarida xalqaro va mahalliy ishtirokchilar, shuningdek, tegishli texnologiyalarni yetkazib beruvchilar O‘zbekistonga sarmoya kiritish borasidagi qarorlarni qabul qilishda demografik prognozlarni inobatga olgan holda, ta’lim va sog‘liqni saqlash xizmatlariga o‘rta muddatli talab mavjud ekaniga ishonchi komil bo‘lishi;
  • demografik yukning ortib borishini hisobga olgan holda energetika tizimlarini boshqarish va rivojlantirish borasida mutlaqo yangi yondashuvlarni ishlab chiqish talab etiladi. Bunda real vaziyat hamda imkoniyatdan kelib chiqib, Markaziy Osiyo mintaqasida joylashgan mamlakatlarning energetika sohasidagi integratsion salohiyatini jalb qilish muhim ahamiyatga ega. Milliy energetika tizimini imkon qadar tezroq yadro, vodorod va boshqa muqobil “yashil” texnologiyalardan foydalanishga asoslangan yangi texnologik platforma parametrlariga integratsiyalashning dolzarbligi ortib bormoqda.

Uzoq muddatli istiqbolda aholini resurslar bilan barqaror ta’minlashning omili sifatida energetika, suv va yer resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirishga qaratilgan islohotlarni muvofiqlashtirgan holda, bosqichma-bosqich o‘tkazish tavsiya etiladi.

Top