20:02 / 02.02.2023
27539

480 gramm tug‘ilgan bola 4 yoshga to‘ldi. Kam vaznli go‘daklar hayoti qanday saqlab qolinyapti?

O‘zbekistonda muddatidan oldin tug‘ilgan chaqaloqlarning hayotini saqlab qolish bo‘yicha sezilarli yutuqlarga erishilmoqda. 500 grammdan 1000 grammgacha vaznda tug‘ilgan go‘daklarning yashab qolish ko‘rsatkichi 3 barobar oshdi. “Qizim 480 gramm tug‘ilgan. 6 oylik tug‘ilgan chaqaloqning yashab ketishiga ishonmagandim. Mana, hozir 4 ga kirdi”, deydi bolasi Toshkent shahar perinatal markazida parvarishlangan onalardan biri.

Muddatidan oldin tug‘ilgan bolalarni parvarishlash oson kechmaydi. Bunday vaziyatda shifokorlar va ota-onalar bor imkoniyatlarini ishga solib, bolaning yashab ketishi uchun kurashishadi. Kun.uz muxbiri Toshkent shahridagi perinatal markazida bo‘lib, muddatidan oldin tug‘ilgan bolalar onalari va ularni parvarishlagan shifokorlar bilan suhbatlashdi.

Juda kam vaznli chaqaloqlarni saqlab qolish maxsus reanimatsiya o‘rinlari, issiq saqlaydigan inkubator, isitkich stollari, nafas olish uchun yordam beradigan apparatlar, zamonaviy neonatal jihozlarini talab etadi. Bu bo‘yicha Toshkent shahar perinatal markazida ma’lum tajriba to‘plangan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi bergan ma’lumotga ko‘ra, O‘zbekistonda yiliga tug‘ilgan chaqaloqlarning 5 foizi muddatidan oldin tug‘iladi. Ularning 0,2-0,3 foizini juda kam vaznli chaqaloqlar tashkil qiladi. Bugungi kunda 500 grammdan 1000 grammgacha bo‘lgan zaif chaqaloqlarning yashab qolish ko‘rsatkichi 3 barobar oshgan.

Bunday chaqaloqlar tug‘ilganda hayoti xavf ostida bo‘ladi. Ularni parvarish qilish, tibbiy yordam ko‘rsatish oson ish emas. Juda ko‘p muolajalar qilinadi. Yutuqlarimizdan biri shuki, kam vaznli chaqaloqlar uchun har bir viloyatda hududiy perinatal markazlar tashkil etilgan. Ular zaif tug‘ilgan chaqaloqlarni qabul qiladi va parvarishlaydi”, – deydi Toshkent shahar perinatal markazining neonatal xizmati bo‘yicha direktor o‘rinbosari Malika Usmonova.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga ko‘ra, bola homiladorlikning 22-haftasida tug‘ilib, vazni 500 gramm va undan oshsa, bo‘yi 25 smdan ortiq bo‘lsa, u tirik tug‘ilgan hisoblanadi. Kam vazn bilan tug‘ilganlik uchta darajaga bo‘linadi:

– kam vaznli – 2500-1500 gramm;

– o‘rta kam vaznli – 1499-1000 gramm;

– juda kam vaznli – 999-500 gramm.

Ammo 500 grammga ham yetmay, Toshkent shahar perinatal markazida tug‘ilgan qizaloq yashab ketgan. Bu haqda qizning onasi gapirib berdi.

Qizim olti oyligida 480 gramm tug‘ilgan. To‘g‘risi, yashab ketishiga umidim kam edi, Toshkent shahar perinatal markazida davom etgan 3 oylik parvarishdan so‘ng yaxshi rivojlana boshladi. Ikki yil mobaynida shifokorlar nazoratida bo‘ldi. Hozir to‘rt yoshga to‘ldi. Hammasi yaxshi”, – deydi Nasiba Eshmuhammedova.

Biz bilan suhbatda bo‘lgan onalardan biri Bibisora Abdullayevaning ham o‘g‘li muddatidan oldin tug‘ilgan. Bibisoraning tug‘uruq davri koronavirus avj olgan vaqtga to‘g‘ri keladi.

“2020 yilda homiladorligimda koronavirus bo‘ldim. Shu sabab o‘g‘lim muddatidan oldin tug‘ildi. Uning vazni 850 gramm edi. O‘sha payt juda qo‘rqdik, yashab keta oladimi deb. Bolamni sog‘lom katta qilib berganlari uchun minnatdormiz. Bir necha oy shifoxonada yotgach, uyga ruxsat berishdi. Hozir tengdoshlari bilan teng katta bo‘lyapti”, – deydi u.

SSV ma’lumotiga ko‘ra, davlat har yili kam vaznli bolalarning o‘pka faoliyatini tiklab turuvchi “Surfaktant” dorisi uchun 5 milliard so‘m mablag‘ ajratadi. Ushbu dori hududiy perinatal markazlariga bepul tarqatiladi. Chaqaloqlarni davolashda dori-darmondan tashqari uning sharoiti, ya’ni issiqligini saqlash, ona sutini erta boshlash, tozalikka rioya qilish, ona omili bilan parvarishlashga alohida e’tibor beriladi.

Muddatidan oldin tug‘uruq haqida xabar berilsa, biz shay holatda tug‘uruqxonasiga borib turamiz. Chunki chaqaloqlar tug‘ilishi bilan maxsus transport inkubatorlarida jonlantirish bo‘limiga olib kelinadi. Toshkent shahri tug‘uruqxonalarida tug‘ilgan kam vaznli chaqaloqlarni ham olib kelamiz. 2022 yilda o‘ta kam vaznda tug‘ilgan ana shunday 80 nafar chaqaloqdan 78 nafarining hayoti saqlab qolindi”, – deydi markazning chaqaloqlarni jonlantirish bo‘limi mudiri Abdulla Nodirov.

Markazda ikki bosqichda yordam ko‘rsatiladi. Birinchisi – chaqaloqlar reanimatsion yordam vaqtida ikki-uch hafta jonlantirish bo‘limida bo‘ladi. Ikkinchi bosqichda ular patologiya bo‘limiga o‘tkaziladi va bu bo‘limda o‘rtacha bir oyga yaqin parvarishlanadi. Bola kerakli vaznga yetgach, uyga javob beriladi.

Vazirlik bergan ma’lumotga ko‘ra, 2023 yilning may oyigacha 46 ta tumanlararo perinatal markazi ish boshlaydi. Ularni jihozlashga 5,2 million dollar mablag‘ yo‘naltirilgan. Mazkur markazlarda ishlash uchun 180 nafar tibbiyot xodimi xorijiy mutaxassislar tomonidan qayta o‘qitilgan.

Maqsuda Abduqayumova,
Kun.uz muxbiri
Tasvirchi va montaj ustasi – Javohir G‘ayratov

Top