18:19 / 04.02.2023
6867

Qozog‘iston va O‘zbekiston bosh vazirlari davlatlararo hamkorlik masalalarini muhokama qilishdi

Almatida Alixon Smailov va Abdulla Aripov uchrashdi.

Foto: ASTANA. Kazinform

Qozog‘iston va O‘zbekiston hukumatlari rahbarlari Alixon Smailov va Abdulla Aripov Almatida bo‘lib o‘tgan Yevrosiyo hukumatlararo komissiyasi yig‘ilishidan so‘ng davlatlararo hamkorlikning bir qator muhim masalalarini muhokama qildilar. Bu haqda Kazinform hukumat saytiga tayanib xabar berdi.

Tomonlar savdo-iqtisodiy, transport-tranzit, suv-energetika, sanoat kooperatsiyasi va qishloq xo‘jaligida hamkorlik qilish rejalarini ishlab chiqdilar.

Alixon Smailov respublikalar o‘rtasida mustahkam va ahil munosabatlar mavjud bo‘lib, ular barcha sohalarda jadal rivojlanib borayotganini ta’kidladi. O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi qariyb 30 foizga oshib, rejalashtirilgan 5 milliard dollarga yetdi.

«Bu bizning birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz tufayli mumkin bo‘ldi. Endi yuqori darajada qo‘yilgan vazifalarga muvofiq, o‘rta muddatli istiqbolda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 10 milliard dollarga yetkazish zarur», dedi Qozog‘iston bosh vaziri.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu borada o‘tgan yili imzolangan yo‘l xaritalarining o‘z vaqtida amalga oshirilishi, Qozog‘iston-O‘zbekiston hukumatlararo komissiyasining faol faoliyati muhim ahamiyatga ega.

«Qozog‘iston hukumati o‘zaro hamkorlikning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha faol muloqotga tayyor», dedi Smailov.

O‘z navbatida, Abdulla Aripov mamlakatlar o‘rtasida sanoat kooperatsiyasi, ayniqsa, avtomobilsozlik sohasida ijobiy tajriba mavjudligini ta’kidladi. Neft-gaz, kimyo, energetika, metallurgiya va boshqa sohalarda istiqbolli loyihalar ishlab chiqilmoqda.

«Qishloq xo‘jaligi va transport-logistika, ayniqsa, yangi transport yo‘laklarini rivojlantirish borasidagi yaqin hamkorlikni alohida ta’kidlash joiz. Biz mamlakatlarimiz hududlari o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni ham yuksak qadrlaymiz, bu bizga qardosh xalqlar o‘rtasidagi hamkorlik salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish imkonini beradi», — dedi Abdulla Aripov.

Top