Ijtimoiy tarmoqlarda go‘yoki maktab o‘quvchilarini o‘g‘irlashmoqchi bo‘lishgani haqida xabarlar tarqalmoqda. Ichki ishlar vazirligi axborot xizmati rahbari Shohruh G‘iyosov holat yuzasidan rasmiy ma’lumot berdi.

Foto: IIV
O‘tkazilgan tekshiruv jarayonida aniqlanishicha, joriy yilning 1 fevral kuni Shayxontohur tumanida 113-sonli maktabning 11-sinf o‘quvchisi F.N. boshqaruvidagi avtomashinaga 132-sonli maktab o‘quvchilari G.B va S.N. yerdagi muz bo‘lagini tepgan.
Shundan so‘ng, 11-sinf o‘quvchilari muz bo‘lagini tepgan bolalarni ichki ishlarga olib boramiz deb ularni og‘zaki qo‘rqitgan. Bolalar boshqa bunday qilmasligini aytib uyiga ketishgan.
“Hozirgi vaqtda bolalar sog‘-salomat ota-onasi bag‘rida”, deyiladi ma’lumotda.
Avtomashinani boshqarish huquqi bo‘lmagan maktab o‘quvchilarining ota-onasi bilan birga huquqbuzarlikka yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan profilaktik suhbat o‘tkazilgan.