12:24 / 04.02.2023
9165

YeI: Kiyev a’zolik yo‘lida «katta sa’y-harakatlarni» amalga oshirdi

Ukrainaning YeIga a’zo bo‘lishi uchun qat’iy muddatlar yo‘q, biroq Kiyev bir qator shartlarni bajarishi kerak, dedi Yevropa Ittifoqi-Ukraina sammitidan so‘ng Yevrokomissiya rahbari.

Foto: EMILE DUCKE / THE NEW YORK TIMES

Ukraina Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish yo‘lida «katta sa’y-harakatlar» qildi. Bu haqda Yevropa kengashi rahbari Sharl Mishel, Yevrokomissiya prezidenti Ursula fon der Lyayyen va Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning Kiyevda 3 fevral, juma kuni Yevropa Ittifoqi-Ukraina sammiti yakunlari bo‘yicha chop etilgan qo‘shma bayonotida aytiladi.

YeI Ukrainaning so‘nggi oylarda Yevropa Ittifoqiga nomzod maqomi asosidagi maqsadlarga erishish yo‘lida ko‘rsatgan muhim sa’y-harakatlarini e’tirof etdi, Ukrainaning mana shunday og‘ir damlarda islohotlarga qaratilgan sa’y-harakatlarini olqishladi va mamlakatni bu yo‘lda davom etishga undadi, deyiladi hujjatda.

Sammitdan so‘ng o‘tkazilgan matbuot anjumanida Ursula fon der Lyayyen Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishi uchun qat’iy muddatlar yo‘qligini, biroq Kiyev Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish uchun bir qator shartlarni bajarishi kerakligini ta’kidladi.

Sharl Mishel, o‘z navbatida, Yevropa Ittifoqi Kiyevni YeIga qo‘shilish yo‘lida qo‘llab-quvvatlashini aytdi. «Ukraina bu - Yevropa Ittifoqi, Yevropa Ittifoqi esa bu - Ukraina, - dedi Mishel. - Biz har qadamda siz bilan bo‘lamiz. Yevropa Ittifoqi bugun siz bilan, ertaga siz bilan va qancha vaqt kerak bo‘lsa, shuncha siz bilan bo‘ladi».

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Kiyevdagi sammitni uning mamlakati Yevropa integratsiyasi yo‘lidagi barcha to‘siqlarni yengib o‘tishining «muhim ramzi» deb atadi. «Maqsadimiz mutlaqo aniq: Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga a’zoligi bo‘yicha muzokaralarni boshlash. Biz Ukraina va YeIni yaqinlashtirish bo‘yicha ishda bir kun vaqtni ham boy bermaymiz», — dedi u.

Shu bilan birga, Ukraina davlati rahbari Yevropa Ittifoqini Rossiyaga o‘z harbiy salohiyatini tiklashga imkon bermaydigan shunday sanksiyalar joriy etishga chaqirdi. «O‘ninchi sanksiyalar paketi yaqinlashyapti, u 10 milliard yevroga teng bo‘ladi. Bu yana keng ko‘lamli paket bo‘ladi», dedi Ursula fon der Lyayyen matbuot anjumanida. Bir kun oldin u Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishining bir yilligi munosabati bilan 24 fevralda yangi cheklovlar to‘plami joriy etilishini va’da qilgan edi.

Tayyorlanishi dekabr oyida boshlangan sanksiyalarning 10-paketi boshqa chora-tadbirlar qatorida, sanksiyalar ostida qolgan Rossiya va Belarus fuqarolarining aktivlarini muzlatish va ularning Yevropa Ittifoqiga kirishini taqiqlashni ham o‘z ichiga olishi kutilmoqda. Avvalroq fon der Lyayyen ro‘yxatga o‘tgan yil davomida kiritilgan sanksiyalarni chetlab o‘tishga urinishlarga qarshi kurash choralari kiritilishini aytgan edi. Yevrokomissiya rahbarining so‘zlariga ko‘ra, YeI hamkorlar bilan birgalikda «Rossiya davlat aktivlaridan Ukraina manfaati uchun foydalanish yo‘llarini ham o‘rganmoqda».

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top