16:03 / 20.02.2023
6044

Milliy arxivda saqlanayotgan 56 ta yig‘majild maxfiylikdan chiqarildi

O‘zbekiston milliy arxivida saqlanayotgan tarixiy davr (1917 yilgacha) arxiv hujjatlaridan 56 ta yig‘majild o‘rnatilgan tartibda maxfiylikdan chiqarildi. Bu haqda “O‘zarxiv” agentligi axborot xizmati rahbari Anvar Aliyev ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, 2022 yil davomida O‘zbekiston milliy arxivida saqlanayotgan 1917 yilgacha bo‘lgan arxiv hujjatlaridan 10 ta fonddan jami 56 ta yig‘majild o‘rnatilgan tartibda maxfiylikdan chiqarilgan.

Jumladan I-1 «Kanselyariya Turkestanskogo general gubernatora» (1868-1917y.) fondining 26-ta: I-3 «Rossiyskoye imperatorskoye politicheskoye agenstvo v Buxare»; I-5 «Kanselyariya nachalnika Zeravshanskogo okruga», I-16 «Upravleniye pereselencheskim delom v Syr-Darinskom rayone»; I-19 «Ferganskoye oblastnoye upravleniye», I-46 «Upravleniye Turkestanskogo tamojyennogo okruga»; I-194 «Patta Gisarskaya tamojnya», I-278 «Tovarishch prokurora Samarkandskogo okrujnogo suda po Samarkandskomu uchastku», I-715 «Podgotovitelnyye materialy k sostavlennoy polkovnikom A.G.Serebrennikovym publikatsii dokumentov «Turkestanskiy kray. Sbornik materialov dlya istorii yego zavoyevaniya» va I-722 «Shtab Turkestanskogo voyennogo okruga» fondlaridagi 56 ta yig‘majildlari o‘rnatilgan tartibda maxfiylikdan chiqarildi va tadqiqotchilar uchun ilmiy muomalaga kiritildi.

Shuningdek, R-314 «Upolnomochennyy upravleniya po evakuatsii naseleniya pri Sovete Narodnyx Komissarov UzSSR» fondi va R-837 “Sovet Narodnyx Komissarov UzSSR” fondlarining 603 ta varaqdan iborat arxiv hujjatlari o‘rnatilgan tartibda maxfiylikdan chiqarilgan.

2022 yil davomida 290 ta vazirlik, idoralar va ularning hududiy bo‘linmalari hamda boshqa tashkilotlarda arxiv ishi bo‘yicha davlat nazorati tadbirlari o‘tkazilgan. O‘tkazilgan tekshirish natijasida arxiv ishiga mas’ul xodimlarning 10 nafariga ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnomalar tuzilib, tegishli sud organlariga yuborilgan; 4 ta o‘tkazilgan tekshirishlar bo‘yicha to‘plangan materiallar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan; qonunchilik hujjatlari talablari buzilganligini bartaraf qilish haqida 218 ta ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan taqdimnomalar kiritilgan.

Top