08:40 / 23.02.2023
38994

Ichki ishlar vaziriga yangi birinchi o‘rinbosar tayinlandi

Ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari - Tezkor-qidiruv departamenti boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.

Foto: Namangan viloyati IIV

O‘zbekiston prezidentining 2023 yil 22 fevraldagi qaroriga asosan polkovnik Shavkat Rahmonov O‘zbekiston ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari – Tezkor-qidiruv departamenti boshlig‘i lavozimida ish boshladi. 

2017 yildan 2019 yilga qadar Xorazm viloyati IIB rahbari bo‘lgan Shavkat Rahmonov 2019–2022 yillarda Samarqand viloyati IIBni boshqargan, 2022 yil fevralida esa Namangan viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlangandi. 

Bungacha Ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari – Tezkor-qidiruv departamenti boshlig‘i lavozimida general-mayor Shuhratjon Sobirov ishlab kelayotgandi. Uning keyingi faoliyati haqida hozircha ma’lumot berilmadi.

  • Ma’lumot uchun, Ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari – Tezkor qidiruv departamenti boshlig‘iga bevosita quyidagicha xizmatlar bo‘ysunadi: Tezkor-qidiruv hamkorligi boshqarmasi, Jinoyat qidiruv bosh boshqarmasi, Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish bosh boshqarmasi, Tezkor ta’minot boshqarmasi, Maxsus operatsiyalarni muvofiqlashtirish boshqarmasi.
Top