15:13 / 24.02.2023
16922

Sardor Rahmonqulov ishi bo‘yicha apellyatsiya sudi boshlandi

30 yanvarda Olmazor tuman sudi 21 yoshli Sardor Rahmonqulovni o‘z sinfdoshiga Telegram'dan diniy nashida yuborgani uchun 5 yilga ozodlikdan mahrum qilgandi. Toshkent shahar sudi sudlanuvchi tomonining arizasiga asosan ishni qayta ko‘rishni boshladi.

Sudlanuvchining advokati birinchi instansiya sudi hukmidan norozi bo‘lib, apellyatsiya shikoyati kiritgan. 23 fevral kuni Toshkent shahar sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati ushbu apellyatsiya shikoyatini ko‘rib chiqishni boshladi.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, sud hay’ati tomonidan OAV xodimlariga mobil qurilmalari bilan sud majlisida qatnashishga ruxsat berilmadi.

Ochiq sud majlisida dastlab so‘z sudlanuvchining himoyachilariga berildi va ular suddan oqlov so‘radi.

Rahmonqulov tergov hibsxonasida saqlangan paytda huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari bir necha marta oldiga kirib: “Boshqa jinoyatni ham bo‘yningga olsang, ishingni yengillashtirib beramiz”, degan. Biz uni birinchi sudda bayon qildik. Va birinchi sud o‘zining tashabbusi bilan buni oydinlashtiramiz, dedi. Lekin bu narsa oydinlashtirilmadi. O‘sha tergov hibsxonalariga sud tomonidan so‘rov chiqarilib, haqiqatdan qaysi organ vakillari kirgani aniqlashtirilishi kerak.

Rahmonqulovning buvisi bilan suhbatlashdik, ularning uyiga terrorizm guruhining (Terrorizmga qarshi kurashish boshqarmasi – tahr.) yigitlari kelgan. Lekin Rahmonqulovning biror-bir harakatida terrorchilikka olib boruvchi narsa yo‘q. Shuningdek, birinchi sudda maktab, mahalla vakillari, imomlar tomonidan fikrlar bildirildi. Biroq sudda ularning birortasi e’tiborga olinmadi”, – deya ta’kidladi Sardor Rahmonqulovning himoyachisi.

Shundan so‘ng sudda 2 martga qadar tanaffus e’lon qilindi.

Eslatib o‘tamiz, 2023 yil 30 yanvar kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Olmazor tuman sudi 21 yoshli Sardor Rahmonqulovni diniy nashidani o‘z sinfdoshiga yuborgani uchun 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilgandi.

Birinchi instansiya sudining hukmida yozilishicha, Sardor Rahmonqulov o‘zining mobil telefonidagi Telegram ilovasida bot orqali yuklab olgan diniy nashidani 2020 yil noyabr oyida sinfdoshiga yuborgan. 2022 yil 5 iyun kuni uning uyida tintuv o‘tkazgan IIB xodimlari rasmiylashtirib olgan mobil qurilmada ushbu nashida topilgan.

Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning 2022 yil 18 iyuldagi xulosasiga ko‘ra, bu diniy qo‘shiq aqidaparastlik g‘oyasi bilan yo‘g‘rilgan: uni O‘zbekistonga olib kirish, tayyorlash va tarqatish taqiqlangan.

Top