21:21 / 27.02.2023
9905

Alisher Usmonov Germaniya sudida sanksiyalarga qarshi e’tiroz bildirmoqchi – OAV 

Rossiyalik tadbirkor Yevropa Ittifoqining o‘ziga nisbatan joriy qilgan sanksiyalarini asossiz deb hisoblamoqda. 

Foto: kremlin.ru

Rossiyalik milliarder Alisher Usmonovning advokatlari Germaniya konstitutsiyaviy sudida unga nisbatan qo‘yilgan sanksiyalarga e’tiroz bildirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Germaniyaning Süddeutsche Zeitung gazetasi xabar berdi. 

Advokatlar fikricha, Usmonovning Yevropa Ittifoqi sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilishi Germaniyaning asosiy qonunchiligiga ziddir. 

Huquqshunoslar Yevropa Ittifoqi talqiniga ko‘ra «Rossiya hukumatini qo‘llab-quvvatlayotgan va shu orqali Rossiyaning Ukrainadagi urushiga bilvosita hissa qo‘shayotgan» boylarga nisbatan sanksiyalar qanchalik samarali ekanligi masalasini sudda ko‘rib chiqmoqchi. 

Da’vo yuzasidan ekspert xulosasi ham tayyorlangan. Jumladan, professor Ditrix Mursvik xulosasiga ko‘ra, agar YeI urush uchun javobgar bo‘lmagan shaxsni ro‘yxatga kiritsa, sanksiyalar «inson qadr-qimmati»ga to‘g‘ri kelmaydi. Mursvikning fikricha, bu holatda Germaniyaning «konstitutsiyaviy o‘ziga xosligi» buziladi. Professor O‘zbekistonda tug‘ilgan va vatani bilan aloqada bo‘lgan Usmonovga imkon qadar yordam berishga harakat qiladi. Professorning o‘zi milliy konservativ qarashlarga amal qiladi va so‘nggi yillarda o‘ta o‘ngchi «Germaniya uchun alternativa» partiyasi bilan, shuningdek, «Yashillar» va boshqa uyushmalar bilan ham hamkorlik qilgan. 

Agar Usmonov Germaniya Konstitutsiyaviy sudida muvaffaqiyat qozonsa, bu sanksiyalar ostida qolgan boshqa rossiyaliklar uchun ham foydali bo‘ladi, deb hisoblamoqda nashr. 

Ammo Germaniyada Usmonov hamon tergov qilinmoqda: u 555 million yevro miqdoridagi soliqni to‘lashdan bo‘yin tovlash, pul yuvish va Yevroittifoq sanksiyalaridan bo‘yin tovlashda gumon qilinyapti, deb yozdi gazeta. Agar Usmonov Germaniyaga borsa, darrov hibsga olinishi mumkin. 

Usmonov barcha ayblovlarni rad etadi va ularni asossiz deb hisoblaydi. 

Alisher Usmonov 2022 yil 28 fevralda - milliarderlar Aleksey Mordashov, Gennadiy Timchenko, Mixail Fridman, Petr Aven va Aleksandr Ponomarenko bilan bir vaqtda Yevropa Ittifoqi sanksiyalariga tushib qoldi. 2022 yil aprelida Usmonov sanksiyalarga e’tiroz bildirish maqsadida Yevropa Ittifoqi Kengashiga qarshi umumiy yurisdiksiya sudiga da’vo arizasi berdi. 

Noyabr oyida Financial Times gazetasi O‘zbekiston Yevropa Ittifoqi rasmiylaridan Alisher Usmonovga nisbatan sanksiyalarni bekor qilishni so‘ragani, bu cheklovlar milliarderning mamlakat iqtisodiyotiga sarmoya kiritishiga to‘sqinlik qilayotganini ko‘rsatganini yozgan edi.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top