17:59 / 09.03.2023
15790

Qozog‘istonda sobiq mudofaa vaziri 12 yilga qamaldi

Mamlakat prezidenti uni yanvardagi namoyishlar vaqtidagi harakatsizligi va qat’iyatsizligi uchun ayblagandi.

Foto: Qozog‘iston Mudofaa vazirligi

Qozog‘iston Mudofaa vazirligining sobiq rahbari 2022 yil yanvaridagi tartibsizliklar bo‘yicha jangovar vaziyatda mansab vakolatini suiiste’mol qilganlikda aybdor deb topildi.

Qozog‘istonda sobiq mudofaa vaziri Murat Bektanov 2022 yil yanvaridagi tartibsizliklar ishi bo‘yicha ozodlikdan mahrum etildi. Ma’lum bo‘lishicha, 24 fevral kuniyoq vazir lavozimidan ozod etilgan Bektanov jangovar vaziyatda mansab vakolatini suiiste’mol qilganlikda aybdor deb topilib, 12 yilga qamaldi.

Bu haqda Ostona shahridagi jinoiy ishlar bo‘yicha ixtisoslashtirilgan tumanlararo harbiy sudi qaror chiqardi, deb xabar bermoqda «Azattyk» radiosi. Shu bilan birga, ushbu ishning maxfiyligi sababli batafsil ma’lumotlar oshkor etilmayapti.

Murat Bektanov Qozog‘iston Mudofaa vazirligini 2021 yil avgustidan buyon boshqarib kelayotgan edi. 2022 yil 19 yanvarda u mamlakatdagi ommaviy tartibsizliklardan so‘ng o‘z lavozimidan ozod etilgan edi. Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev qurolli kuchlar qo‘mondonligi va Bektanovni o‘ta ishonchsizlik va tashabbuskor boshqaruvning yo‘qligi, shuningdek, o‘ziga yuklangan vazifalarni bajarmaganlikda aybladi.

Oradan bir oy o‘tgach, Bektanov yanvar oyidagi tartibsizliklarda harakatsizlikda gumonlanib hibsga olinib, vaqtinchalik saqlash izolyatoriga joylashtirildi. U Jinoyat kodeksining davlat organlari mansabdor shaxslarining harakatsizligi haqidagi 452-moddasini buzganlikda gumon qilingan. Tergov manfaati uchun boshqa ma’lumotlar oshkor etilmadi. Oktabr oyida ish harbiy sudga o‘tkazilgani ma’lum bo‘ldi.

Yanvar oyi boshida Qozog‘iston g‘arbidagi Janao‘zen shahrida suyultirilgan gaz narxining keskin oshishiga qarshi mitinglar boshlandi va bu tezda butun mamlakat bo‘ylab iqtisodiy va siyosiy talablar bilan ommaviy namoyishlarga aylanib ketdi. Ba’zi viloyatlarda 5 yanvarga o‘tar kechasi tartibsizliklar boshlandi, ma’muriy binolar, politsiya bo‘limlari va do‘konlarga hujumlar uyushtirildi. Qozog‘istonning eng yirik shahri - Olmaota eng ko‘p zarar ko‘rdi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, tartibsizliklar davomida 225 kishi, jumladan, huquq-tartibot idoralarining 19 vakili halok bo‘lgan, 4500 dan ortiq kishi jarohatlangan. Birgina sobiq poytaxtning o‘zida tartibsizliklarda ayblanib, 2700 dan ortiq odam hibsga olingan. Prezident To‘qayev hukumatni iste’foga chiqardi va mamlakatda favqulodda holat e’lon qildi. 6 yanvar kuni uning iltimosiga ko‘ra, Qozog‘istonga «terror tahdidini yengishda» yordam berish uchun qurolli kontingent yetib keldi. Yanvar oyi o‘rtalarida KXShT kuchlari bo‘linmalari Qozog‘istonni tark etishdi.

Mavzuga oid
Top