14:15 / 10.03.2023
3807

Gurjiston parlamenti «chet el agentlari» haqidagi qonunni rasman qaytarib oldi

Gurjiston parlamenti «chet el agentlari» haqidagi qonun loyihasini qabul qilishga qarshi ovoz berdi.

Foto: AFP

10 mart, juma kuni Gurjiston parlamenti yalpi majlisda «chet el agentlari» to‘g‘risidagi qonun loyihasini qabul qilishga qarshi ovoz berdi va shu bilan uni rasman qaytarib oldi. Yig‘ilish bir necha daqiqa davom etdi, deb xabar beradi «Interfaks». 

7 va 8 mart kunlari Tbilisida minglab odamlar «chet el agentlari» haqidagi qonunga qarshi norozilik namoyishi o‘tkazdi, u politsiya va namoyishchilar o‘rtasida to‘qnashuvlarga aylanib ketdi.

Gurjistonda «chet el agentlari» haqidagi bahsli qonun loyihasi qaytarib olinganiga qaramay, hukumatga qarshi namoyishlar davom etyapti. 9 mart, payshanba kuni minglab odamlar yana Tbilisi markazida norozilik aksiyasiga yig‘ildi. Namoyishchilar Gurjiston, Ukraina va Yevropa Ittifoqi bayroqlarini ushlab turishgan.

Muxolifat o‘z tarafdorlarini Gurjiston g‘arbparast yo‘l tutishiga kafolat olmaguncha namoyishlarni davom ettirishga chaqirdi. Avvalroq Gurjistonning hukmron partiyasi Rossiyadagi xuddi shunday qonunga o‘xshab ketadigan va u yerda o‘zgacha fikrni bostirish uchun qo‘llanadigan qonun loyihasini parlamentdan qaytarib olgan edi. Hujjatni qaytarib olish to‘g‘risidagi qaror zo‘ravonlik va o‘nlab muxolifat vakillarining hibsga olinishi bilan kechgan ommaviy norozilik namoyishlari fonida qabul qilingan.

9 mart kuni Gurjiston Ichki ishlar vazirligi 7 va 8 mart kunlari «chet el agentlari» to‘g‘risidagi qonun qabul qilinishiga qarshi o‘tkazilgan norozilik aksiyalarida ma’muriy huquqbuzarlik uchun qo‘lga olinganlarning barchasi ozod etilganini ma’lum qildi.

Avvalroq «chet el agentlari» to‘g‘risidagi qonun loyihasini keskin tanqid qilgan Gurjiston prezidenti Salome Zurabishvili ushbu hujjatning parlamentdan qaytarilishini namoyishchilarning muvaffaqiyati deb atadi. «Men hamjamiyatni birinchi muvaffaqiyati bilan tabriklamoqchiman. O‘zini eshitishga majburlagan odamlar bilan faxrlanaman», dedi u rasmiy tashrif bilan bo‘lib turgan Nyu-York shahridan yo‘llagan telemurojaatida.

Qonun loyihasiga ko‘ra, xorijiy moliyalashtirish ulushi 20 foizdan ortiq bo‘lgan barcha tashkilotlar yuqori jarima yoki qamoq jazosi tahdidi ostida «chet el agentlari»ning maxsus reyestrida ro‘yxatdan o‘tishlari kerak edi.

Top