14:17 / 10.03.2023
15459

Oramizdagi odamlar: 10 tonnalik kranni bo‘ysundirgan ayol hikoyasi

Uch yildan beri qurilishda ishlayotgan Shahzoda Mengliboyeva har kuni 10 tonnalik kranni boshqarish uchun 50 metr balandlikka chiqib tushadi. 2018 yilda Toshkentga ish izlab kelgan qahramonimiz pul topish uchun Qo‘yliq bozorida yuk tushirib, 50 kilogrammgacha og‘irlikdagi qoplarni tashishiga ham to‘g‘ri kelgan.

Yolg‘iz onani ikki farzandini halol luqma bilan boqish, yig‘ilib qolgan qarzlardan qutulish umidi Surxondaryo viloyatidan Toshkentga yetaklab kelgan. Biroq bu u o‘ylaganchalik oson kechmagan.

«Kelgan paytim qish edi. Toshkentda kunlik ishlarda, bozorlarda ishlab pul topsa bo‘lar, deb o‘ylaganman. Ammo ha deganda ish topolmaganman. E’lonlarni ko‘rib, qayerda ish bor deyilsa, axtarib ko‘chama-ko‘cha yurganman sovuqda. Boradigan, yotadigan joyim yo‘q edi. Supermarketlarda isinardim. Kafelarda idish-tovoq yuvganman. Qo‘yliq bozorida yuk tashuvchi bo‘lib bir yil ishladim. 50 kg yuk ko‘tarardim, farzandlaringiz bo‘lsa, og‘ir-yengilligi ko‘rinmas ekan. Qishda sovuq suvda limon yuvardim», — deya xotirlaydi o‘tgan kunlarini Shahzoda Mengliboyeva.

Kranchi bo‘lib ishlashni tavsiya qilishganida bu ish bozordagi og‘ir mehnatdan charchagan ayol uchun ancha yengil ko‘ringan. Ammo 52,5 metrlik kranga chiqish u o‘ylaganchalik oson bo‘lib chiqmadi. O‘shanda atrofdagilar ishonchi haybatli temir texnika qarshisidagi qo‘rquvdan kuchli kelgandi.

«Ishlab ketishim xayolimda bo‘lmagan. Odatda kranga chiqayotganda o‘rtada to‘xtab dam olinadi, men esa yana narvonga qaytib chiqolmayman, deb 47 metr balandlikka dam olmasdan chiqqanman. Birinchi, ikkinchi kunlari o‘zlari olib chiqib o‘rgatishgan. Uchinchi kundan o‘zim chiqqanman. Ustozim qattiqqo‘l edi, 100 litrlik bochkaga suv oldirib, uy tomidagi belgiga qo‘ydirardi. Ozgina xato qilsam, 3 marta qaytadan qildirardi», — deydi u.

Shahzoda boshqaruvidagi kran 10 tonnagacha yukni ko‘tarishga mo‘ljallangan. Qahramonimiz ishining mas’uliyatini doim his qilishini ta’kidlaydi.

«Kran boshqarayotganda, yuk iluvchining gapidan boshqa narsani o‘ylamaslik kerak. Chalg‘ishga haqqimiz yo‘q. Chunki yukni qo‘yguncha odamlarning yonidan o‘tamiz, yomon oqibatlari bo‘lishi mumkin. Shuning uchun kran ishida xato qilib bo‘lmaydi. Iluvchimiz ratsiyada bizga ko‘rinmaydigan joylarni aytib turadi. Yuk iluvchi odamsiz ishlamaymiz, uning roli katta jarayonda. Endi ishga kirgan paytlarimda sekin ishlardim, gap eshitib qolardim. Azbaroyi ehtiyot bo‘lishga harakat qilardim. Ishlayotganimga 3 yil bo‘lyapti. Shu paytgacha xato qilmaganman, lekin baribir ayol kishida qo‘rquv bo‘ladi»,  — deydi kranchi ayol.

Shahzoda ikki farzandning onasi. Ular qishloqda xolasi bilan birga yashayapti. Qizi 10, o‘g‘li 7 yoshda. U ish bilan bo‘lib, uch oylab bolalarini ko‘rolmaydi.

«O‘g‘lim hali kichkina bo‘lgani uchun keling, deb yig‘laydi. Qizim tushunchali, aqlli. U onam qahramon deb mag‘rurlanadi. Bilaman, farzandlarimning yoshlik onlarini yo‘qotyapman, ularning o‘sayotganini ko‘rolmayapman. Ona bo‘lib yonida bo‘lolmayotganimdan ezilaman. Ammo yonida bo‘lsam-u, yeb-ichishiga, kiyimiga, o‘qishiga pul topib berolmasam... Ularning hamma narsasi to‘kis bo‘lishini istayman. Hozir ularga xolasi qaraydi. Xola mehribon bo‘ladi, mendan ham yaxshi qaraydi deb o‘ylayman, undan minnatdorman. Orzu-maqsadim — farzandlarim yonimda bo‘lishi. Yoshlik paytlarini ko‘p ko‘rolmagandirman, bu yog‘iga ularni o‘zim maktabga kuzatib, osh-ovqatini qilib berishni istayman. Maktabdan kelib baholarini maqtanishini ko‘rishni xohlayman», — deydi u.

Qiyinchiliklarga qaramay zahmatkash ayol hayotidan nolimaydi. U mehnati ortidan kun kelib yorug‘likka chiqishiga umid qiladi.

«Ishimdan zavq tuyaman. Balandlikda ishlayotganingizda butun shahar ko‘rinadi. Yillar o‘tib qurgan binolarimizning yonidan o‘tganda faxr tuyamiz. Kelajakda farzandlarim, nevaralarim shu binolarni qurishga buvijonim hissa qo‘shgan deb faxrlanishini istayman», — deydi Shahzoda.

Maqsuda Abduqayumova,
Tasvirchi va montaj ustasi – Asror Almurodov.

Mavzu
Hayotiy hikoyalar
Turfa taqdirlar va umr manzaralari
Barchasi
Mavzuga oid
Top