08:52 / 14.03.2023
3921

Eron va Belarus hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldi

Eron prezidenti Ibrohim Raisiy va Belarus rahbari Aleksandr Lukashenko Tehronda hamkorlik bo‘yicha yo‘l xaritasini imzoladi.

Foto: Xinhua

Eron prezidenti Ibrohim Raisiy va Belarus rahbari Aleksandr Lukashenko Tehronda 2026 yilgacha hamkorlik bo‘yicha yo‘l xaritasini imzoladi. BelTA davlat agentligining 13 mart, dushanba kuni xabar berishicha, hujjat Minsk va Tehron o‘rtasida siyosiy, iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, konsullik, ta’lim sohalarida, shuningdek, turizm, ommaviy axborot vositalari, madaniyat va san’at sohalarida hamkorlikni nazarda tutadi. 

Muzokaralar chog‘ida Raisiy va Lukashenko barcha sohalarda aloqalarni mustahkamlash niyatida ekanini ma’lum qildi. Eron davlati rahbari Eron G‘arb sanksiyalari sharoitida Belarus bilan iqtisodiyotni rivojlantirish yo‘llarini bo‘lishishga tayyorligini ta’kidladi.

2022 yilda ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 100 million dollarni tashkil etdi, bu o‘tgan yilga nisbatan uch barobar ko‘pdir. Belarusning Eronga eksporti hajmi olti baravarga ko‘payib, 81 million dollardan oshdi. Belarus Eronga asosan kaliyli o‘g‘itlar, yog‘och, sintetik iplar yetkazib beradi, oziq-ovqat mahsulotlarini import qiladi.

Top