18:34 / 15.03.2023
5801

Maktablarda 5,2 mln o‘quvchi o‘rniga 6,3 mln o‘quvchi ta’lim olayotgani ma’lum bo‘ldi

Deputatlar o‘quvchilar soni maktablarning mavjud sig‘imidan sezilarli darajada ortiqligini aniqladi.

Foto: KUN.UZ

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan ta’lim sohasiga oid hujjatlarning ijro etilishi holati nazorat-tahlil tartibida o‘rganildi. 

Ushbu o‘rganishlar yakunlariga ko‘ra, bugungi kunda o‘quvchilar soni maktablarning mavjud sig‘imidan sezilarli darajada ortiqligi aniqlangan. Bu esa qo‘shimcha binolar qurish ehtiyojini yuzaga keltirmoqda. 

O‘zbekistondagi 10 ming 104 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabi 5,2 million o‘quvchiga mo‘ljallangan bo‘lsa-da, ularda 6,3 million o‘quvchi ta’lim olmoqda. 673 ta maktabning navbatlilik koeffitsiyenti esa belgilangan normalardan yuqori.

2022 yilda «Tashabbusli budjet» loyihasi doirasida 942 ta maktabga davlat budjetidan 1 trillion so‘mga yaqin mablag‘ ajratilgan. Ammo ayrim hududlardagi maktablarning moddiy-texnik ta’minotini va infratuzilmasini ushbu mablag‘ doirasida yaxshilash borasidagi ishlar shu kunga qadar boshlanmagan. 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida sohadagi o‘rganishlar yakunlaridan kelib chiqib, maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarovaga «Maktablarning o‘quvchi o‘rinlarini oshirish, ularning moddiy-texnik ta’minotini mustahkamlash hamda optik tolali internet tarmog‘iga ulash borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida»gi masala yuzasidan Qonunchilik palatasining parlament so‘rovini yuborish haqida qaror qabul qilindi.

Top