O‘zbekiston | 22:22 / 16.03.2023
71891
13 daqiqa o‘qiladi

Ulug‘bek Shodibekov do‘sti Farhod Mannopovning vafoti haqidagi savollarga javob berdi

“Mittivine” jamoasi a’zosi Ulug‘bek Shodibekov marhum do‘sti, loyiha asoschisi Farhod Mannopovning so‘nggi kunlari, to‘satdan ro‘y bergan o‘lim, nima uchun operatsiya shoshilinch qilingani, bemor hayotini saqlab qolish uchun nimalar qilingani haqida gapirib berdi.

Foto: Videodan kadr

Ulug‘bek Shodibekov bu mavzuda “Chotki Tv” YouTube-kanaliga intervyu bergan.

Farhodning jarohatlanishi qanday ro‘y berdi?

— Basseynga berilgan kartamiz ancha oldin berilgandi. Ammo u yerga bormayotgandik. Farhod jarohat olgan kuni qo‘ng‘iroq qilib, shu basseynga boraylik, cho‘milaylik deb qoldi. Bu taklif menga ham ma’qul bo‘ldi.

U suv tagida suzishni yaxshi ko‘rardi. Borganimizdan keyin u bilan suv ichida suratga tushdik. U payt hali burnini jarohatlab olmagandi. Suratni unga ko‘rsata turib: “O‘rtoq, qara, qaysi birimiz o‘tib qolsak, esdalikka zo‘r surat bo‘lib qolarkan-a” deb aytdim. Bu gap qayerdan xayolimga kelganini, nima uchun bu gapni aytganimni bilmayman. Bu gapimdan Farhodning jahli chiqdi. “To‘g‘ri gap gapirsang-chi”, deb aytdi.

Shundan keyin u basseynga tushib ketdi. Men saldan keyin unga qo‘shilishimni aytdim. Bir payt uning og‘riqdan ihragan ovozi eshitildi. Nima bo‘ldi deb so‘ragandim, boshimni urib oldim deb aytdi. Boshida men buni jiddiy qabul qilmadim, ko‘zingga qarab suzmaysanmi deb uning ustidan kuldim. Keyin qarasam ko‘rinishi yaxshimas. Oldiga yugurib bordim.

Boshini basseyn chetiga qattiq urganidan peshonasiga kafel izi tushib qolgandi. Burnining usti shilingan, tishi aralash og‘zidan ozgina qon chiqayotgandi. Darrov muz olib kelib jarohatiga bosdik.

Odatda, biz bilan nima holat bo‘lishidan qat’i nazar buni videoga olib auditorimizga bo‘lishamiz. Bu biz uchun bir sarguzasht. Oyog‘imiz yoki qo‘limiz sinishi auditoriya uchun qiziq. Shu sababli Farhodning ustidan kulib holatni videoga oldik.

Shifokorni kim tavsiya qildi?

— Farhod Mannopovning burnini operatsiya qilgan shifokorni basseyndagi noma’lum yigit tavsiya qildi, uning telefon raqamini berdi. Mana shu kishiga boring, yaxshi mutaxassis dedi.

Basseynda birpas o‘tirib chiqib ketdik. Men yaqin atrofdagi klinikaga boramizmi deb o‘ylagandim, lekin Farhod Star Med'dagi shifokorga qo‘ng‘iroq qilibdi. Aytishlaricha, unga birdaniga telefon qilib tushish muammo ekan, odamlar qabuliga kirish uchun navbat kutib turisharkan. Lekin u bizga vaqt ajratib, kelaveringlar deb aytdi.

Darrov yetib bordik. Farhod jarohat olganidan roppa-rosa bir soat o‘tgan vaqtda klinikada edik. Farhod savollarini berdi, do‘xtir ularga javob berdi. Operatsiya pulini gaplashdik, muddatini kelishdik. “Ertaga ertalab kelasiz, tahlillar topshiriladi, shifokorlar ko‘rigidan o‘tiladi” deyishdi.

O‘sha kuni kun bo‘yi ko‘chada yurdik. Reklama uchun roliklar oldik. Boshqa ishlarimizni qildik. Kechki payt tug‘ilgan kunga bordik. Undan chiqib Counter Strike ham o‘ynadik. Shu burun, shu og‘riq bilan. Hammasi yaxshi edi. Tungi soat birlarda tarqaldik. “Ertalab sakkizda klinikaga yetib borishim kerak ekan, tekshiruvlardan o‘tib turaman, orqamdan soat o‘n birlarda kel” deb aytdi Farhod menga.

Aytilgan vaqtda yetib bordim. U bilan oxirgi videolarimni oldim. Ustidan kulib hazillashdim. Men bu operatsiyani jiddiy deb o‘ylamagandim. Tez tugaydigan yengil operatsiya deb o‘ylagandim. O‘z oyog‘i bilan chiqib keladi deb o‘ylagandim. Bunday bo‘lishi xayolimga ham kelmagandi.

“Hozir operatsiyaga kirib ketaman. Soat uchlarda palatada bo‘larkanman” dedi. Men 12 gacha klinikada o‘tirdim. Juma kuni edi. Ammo negadir soat o‘n ikkidan o‘tsa ham uni operatsiyaga olib kirib ketishmadi. Farhodni operatsiyaga kirishdan oldin videoga olishim kerak edi. Juma namoziga kech qolmay deb chiqib ketdim. Qaytib kelganimda operatsiyaga kirib ketgan ekan. Operatsiyaga kirishdan oldin menga SMS-xabar va ovozli xabar yuborgan ekan.

Operatsiya nega shoshilinch qilindi?

— Farhod kasalmidi? Yo‘q. O‘zining oyog‘i bilan yurib borgandi klinikaga. Bu yerda faqat meditsina aybdor deb hisoblayman.

Operatsiya jarohat olingan kunning ertasiga belgilanganiga kelsak, Farhod bilan Dubayga ketishimiz kerak edi. Shuning uchun shifokordan operatsiyani tezroq qilishning iloji bormi deb so‘ragandik. Do‘xtir bizga: “Yo‘q, miyangda hali qanaqadir og‘riqlar bor, boshingni MRT qildirish kerak, burningni yaxshilab tekshirishimiz kerak, allergiyang haqida ma’lumot olishimiz kerak” deganda, biz unga qarshi chiqmagan bo‘lardik.

Bu narsani do‘xtir bizga aytishi kerak. U: “Sen mana bunday ahvoldasan, operatsiyani mana bu paytda qilamiz” deyishi va Farhodni operatsiyaga tayyorlashi kerak edi.

Farhodning allergiyasi bor edi. Chang havoda ko‘p aksirardi. Chetga chiqqanimizda maza qilib yurardi. Yomg‘irli, qorli havoda maza qilib yurardi.

“Komaga tushib qolganini 6 soat yashirishdi”

— Farhod soat uchda operatsiyadan chiqib palataga o‘tkazilishi kerak edi. Soat to‘rt bo‘ldi, besh bo‘ldi, olti bo‘ldi hamki operatsiyadan chiqmadi. Klinikaning oldida hech qayerga ketmasdan kutib o‘tirgandim. Farhodning onasi va rafiqasi ham shu yerda edi. Boshqa hech kimga aytmagandik operatsiya bo‘layotganini.

Operatsiya qilayotgan shifokorning yordamchisiga qo‘ng‘iroq qilsam, u: “Boshqa bemorlar kelib qolgani uchun operatsiya cho‘zilyapti” deb aytdi. Buni qanday tushunish kerak?! Bitta bemor operatsiya qilinayotgan joyda boshqasi kelib qolsa uni tashlab boshqasiga o‘tib ketilmasa kerak. Oxiri tinmasdan nima bo‘lyapti o‘zi deb so‘rayverganimizdan keyin soat 20:30 da komaga tushib qoldi deb aytishdi.

Keyin bilsak, operatsiya boshlanganidan 1 soat-u 42 minut o‘tganda muammo yuzaga kelgan. Ya’ni Farhodda, shifokorlarning aytishi bo‘yicha, doriga reaksiya kuzatilgan. Bu soat 14:30 ga to‘g‘ri keladi deb olsak, bizga uning komaga tushganini 20:30 da aytishdi. Ya’ni 6 soatdan keyin.

Komaga tushib qolibdi degan xabarni eshitganimdan keyin avvaliga qotib qoldim. Keyin operatsiya xonasigacha yugurib kirdim. U yerdagi holatni so‘z bilan tasvirlab berolmayman. Komaga tushgan odamni birinchi marta ko‘rishim. Yana u eng yaqin do‘sting bo‘lsa, juda og‘ir bo‘larkan.

Agar vaziyat haqida bizga vaqtliroq aytilganda boshqa do‘xtirlarni olib kelgan bo‘lardik, ularning yordami tekkan bo‘lardi.

“Farhodning yuragi uch marta to‘xtab qolgan”

— To‘g‘ri, bu ajal, yozilgan umri shu yergacha bo‘lgan, bu borada hech qachon bahslashmayman. Ammo nima uchun operatsiya boshlangach bir soatu 42 minutda chiqqan muammo haqida 6 soat o‘tib aytishlarini tushunolmasam kerak.

Bu payt ichida Farhodning yuragi uch marta to‘xtab qolgan. Hamma a’zolari “otkaz” bergandan keyin bizga xabar berishyapti. Bu vaqtning ichida ular nimani o‘ylashgan, nimani rejalashtirishgan, faqat o‘zlariga va xudoga ayon.

Kech soat 9-10larda eng yaxshi do‘xtirlarni olib kelishni boshladik. Kelgan do‘xtirlar vaziyatni tushunib olishi va yordam berishi uchun operatsiya qilganlar ularga kerakli ma’lumotlarni berishi kerak. Ular bir qancha tibbiy uskunalarning nomini aytib, shular bormi deyishganda klinikada bu narsalar yo‘qligi ma’lum bo‘ldi. Dorilarni so‘rashdi, ular ham yo‘q ekan.

Keyin bemorning yuragi necha minut to‘xtab qoldi, bu juda muhim deb so‘rashdi. Adashmasam, yurak 6-7 minutdan ko‘proq to‘xtab qolsa, miya o‘charkan, keyingi urinishlar foydasiz bo‘larkan, odamning hech qaysi a’zosi ishlamay qolarkan. Ming u o‘ziga kelgan taqdirda ham tirik-o‘likka aylanarkan, faqat ko‘zlari ochiq turarkan, miyasi ishlamas ekan.

Yordamga kelgan shifokorlar shu narsani bilib turib klinikadagi anesteziologdan shu haqda so‘rayapti, u 1-2 minut urmay qoldi deyapti, aniq javob bermayapti.

Tashqaridan chaqirilgan shifokorlarning menga aytishlaricha, Farhodning isitmasi chiqayotganini ham kech bilib qolishgan. Ular narkozda ishlatgan dori reaksiya berib, bemorning qon bosimi tushib ketgan, shifokorlar uning qon bosimini ko‘tarish bilan ovora bo‘lib qolishgan. Bu orada o‘pkaga qon ketgan. Qonni to‘xtatamiz deb uning issig‘iga qarashmagan. Tana harorati 42 darajagacha ko‘tarilib ketgan. O‘pka, jigar, buyrak va yurakni ishdan chiqarib bo‘lganlaridan keyin bizga xabar berishgan.

U yerda qon tekshiradigan uskuna ham yo‘q ekan. Har yarim soatda K6 degan tahlil topshirilishi kerak ekan. Qonning holatidan kelib chiqib ahvol yaxshilanyaptimi yoki yomonlashyaptimi bilisharkan va shunga qarab muolaja tayinlanarkan. Har yarim soatda shu narsa uchun Bunyodkordan Paxtakor metro tarafga qatnadim. Qonni yetkazaman, tahlil javobini olishim bilan suratini telegramdan yuboraman. Ertalabgacha 8-10 marta qatnadim o‘sha joyga. Ertalab o‘sha jihozni topib klinikaga keltirdim.

O‘zimiz olib kelgan shifokorlar, mutaxassislar Farhodning hayotini saqlab qolish uchun oxirigacha kurashishdi. U yerdagi shifokorlar esa, qo‘pol qilib aytganda, o‘yindan chiqib ketishdi. Bizga yuragi qancha muddatga to‘xtab qolganini aniq aytishganda shunga qarab harakat qilishardi.

Shu orada klinikadagilar bilan urishib ketdim. Hech bo‘lmasa obro‘laring uchun harakat qilinglar dedim ularga. Na tashqaridan kerakli tibbiy jihozlarni olib kelishdi, na qo‘shimcha mutaxassislarni yordamga chaqirishdi. Chunki ular nima bo‘lganini allaqachon bilishardi, shuning uchun na klinika muassisi, na shifokorlardan hech qanday harakat bo‘lgani yo‘q. Barchasiga o‘zimiz yugurdik.

Hamma ekspertiza natijasini kutyapti

— Qayerga borish kerak bo‘lsa, kim bilan gaplashish kerak bo‘lsa, haqiqat yuzaga chiqishi uchun hammasiga tayyorman. Xudo xohlasa, buning uchun oxirigacha kurashaman.

Ikki haftadan bir oygacha muddatda ekspertiza javoblari chiqishi kerak ekan. Uning natijasiga qarab prokuratura tegishli choralarni ko‘rarkan.

Boshida operatsiyada qatnashgan do‘xtirlar qamaldi degan ma’lumotlar tarqaldi. Keyin hech kim qamalmagan deyildi. Hozircha hech kim qamalmaganiga sabab aynan qaysi shifokor xato qilganini bilish kerak ekan. Bu esa ekspertiza natijasi asosida ma’lum bo‘larkan.

Bizga birinchi berilgan javob Farhodda anafilaktik shok kuzatildi deb aytilgandi. Ya’ni doriga reaksiya kuzatilgan. Bu bo‘yicha tayinlangan tekshiruv natijasi eng tezi 15 kunda chiqarkan. Hamma o‘sha javobga qarab turibdi hozir. Ko‘riladigan choralar ham shunga bog‘liq, o‘limga nima sabab bo‘lgani ham shundan keyin chiqib keladi. Bunda kimning aybi bo‘lgan, uni qutqarib qolish imkoni bormidi, shu kabi savollarga javob topiladi.

  • Eslatib o‘tamiz, Sog‘liqni saqlash vazirligi Star Med klinikasi faoliyatini 14 martdan e’tiboran 10 kunga to‘xtatgan. Jinoyat ishini Chilonzor tuman prokuraturasi tergov qilmoqda.

Mavzuga oid