O‘zbekistonlik mashhur vayner Farhod Mannopovning o‘limi sabablari mediaolamda keng muhokama qilinmoqda. Operatsiya vaqtida bemorda kuzatilgan xavfli gipertermiya juda kam uchrashi aytilmoqda.
Xususiy klinika mutaxassislari, jumladan, bemorni operatsiya qilgan shifokordan Farhod Mannopov bilan sodir bo‘lgan holatning oldini olish imkoni bormidi yoki yo‘q, u bosh qismidan yaqinda jarohat olgani ma’lum bo‘lgan bir paytda nima uchun shoshilinch rinoplastika amaliyoti qilingani, bunga qanchalik zarurat bo‘lgani haqida izoh olmoqchi edik, biroq buning imkoni bo‘lmadi.

Shu bois boshi kuchli zarb yegan bemor operatsiyadan oldin neyroxirurg va travmatolog ko‘rigidan hamda tegishli diagnostik tekshiruvlardan o‘tib, keyin operatsiya stoliga yotganmi yoki yo‘q, operatsiya paytida bemorda qon ketish kuzatilmaganmi, Mannopovning hayotini saqlab qolish uchun qanday choralar ko‘rilgani haqidagi savollarimiz ham ochiq qoldi.

“Farhod Mannopovning vafoti yuzasidan Chilonzor tumani prokuraturasi tomonidan 5 mart kuni Jinoyat kodeksining 116-moddasi (Kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik) tegishli bandlari tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozir dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Shuningdek, kasb yoki xizmat vazifasi lozim darajada bajarilmaganiga oydinlik kiritish maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligiga shifokorlarning harakati yuzasidan xizmat tekshiruvlari tayinlangan. Bundan tashqari, marhumning vafoti yuzasidan sudga oid tibbiy ekspertiza tayinlangan. Mazkur tekshiruvlar bo‘yicha xulosalar olingandan keyin tergov natijasiga ko‘ra qo‘shimcha ma’lumot beriladi”, dedi Chilonzor tumani prokuraturasi katta tergovchisi Otabek Bekiyev.

Bosh prokuraturaning bayonotida vaynerning o‘limi bo‘yicha Jinoyat kodeksining 116-moddasi 4-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani ta’kidlanadi. Odatda kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik odamlar o‘limiga yoki boshqacha og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lsa, ushbu moddaning shu qismi bo‘yicha ish ochiladi.














