19:15 / 18.03.2023
6959

Erdo‘g‘an g‘alla bitimi uzaytirilganini e’lon qildi

Ukraina g‘allasi eksport qilinishda to‘xtab qolmaydi.

Foto: AP

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an g‘alla bo‘yicha kelishuv uzaytirilganini ma’lum qildi. Bu haqda Anadolu xabar berdi.

«Biz 19 martda tugaydigan don shartnomasi muddatini uzaytirdik», dedi Turkiya prezidenti.

Erdo‘g‘an g‘alla bitimi qachongacha uzaytirilganiga aniqlik kiritmadi.

G‘alla bitimi – Ukraina portlaridan don va oziq-ovqat mahsulotlarini xavfsiz tashish tashabbusi, shuningdek, «Qora dengiz g‘alla tashabbusi» yoki «don bitimi» Rossiya, Ukraina, Turkiya va Birlashgan Millatlar Tashkiloti o‘rtasida xavfsiz dengiz koridorini tashkil etish bo‘yicha kelishuvdir.

2022 yil 22 iyulda Istanbulda imzolangan shartnoma 120 kun (birinchi davr 2022 yil 18 noyabrgacha) amal qildi va keyinchalik 19 martgacha uzaytirilgan edi.

Ukraina dunyodagi eng yirik don eksportchilaridan biridir. To‘liq miqyosli bosqin boshlanishidan oldin, Rossiya va Ukraina dunyodagi don eksportining to‘rtdan bir qismini ta’minlagan. O‘tgan yilning aprel oyidan boshlab Yevropa Ittifoqi Ukraina g‘allasini quruqlik, temiryo‘l va daryolar orqali «birdamlik yo‘llari» bilan eksport qilishga ko‘maklashmoqda.

Top