13:07 / 26.03.2023
20950

Millionlab fransuzlar ko‘chaga chiqdi, ular nima xohlayapti?

Fransiyada prezident Emmanuel Makronning pensiya islohotiga qarshi namoyishlar to‘xtamayapti. 23 mart kuni 1 milliondan ortiq fransiyalik pensiya islohotiga qarshi namoyishga chiqdi.

Kasaba uyushmalari 2030 yilgacha pensiya yoshini 62 yoshdan 64 yoshga ko‘tarish haqidagi qonun loyihasini qaytarib olishni talab qilmoqda.

Namoyishchilar temiryo‘l vokzallari, Parijdagi Sharl de Goll aeroporti, neftni qayta ishlash zavodlari va portlarni to‘sib qo‘ydi.

Tezyurar va mintaqaviy poyezdlar, Parij metrosi va boshqa yirik shaharlardagi jamoat transporti tizimlari ishlamay qolgan. Parijning Orli aeroportida parvozlarning 30 foizga yaqini bekor qilingan.

Kun.uz bilan suhbatda Fransiyada yashaydigan o‘zbekistonlik Doniyor Ro‘zmetov namoyishlar ko‘lami haqida gapirib berdi.

“Fransiyada namoyishlar bo‘lib turishi odatiy hol. Chunki Fransiya ancha siyosiylashgan jamiyat hisoblanadi. Norozilik ifodalari turli ko‘rinishlarda yuz bermoqda: parlamentda, ko‘chalarda va ish tashlashlar orqali. Masalan, maktablar, banklar va boshqa sohalarda ishlaydigan davlat xizmatchilari; avtobus haydovchilari kabi kundalik hayotda muhim o‘rin tutadigan odamlar ish tashlaydi va hayotni bloklab qo‘yishadi. Yo‘llarni to‘sishadi – ishga ketishingiz kerak, ammo maktabdagi o‘qituvchilar ish tashlasa, o‘sha kuni bolani maktabga olib borib bo‘lmaydi. O‘zingiz ham ishga ketolmay o‘tirasiz. Qiyinchiliklarga duch kelasiz: avtobusga chiqib ishga borishingiz kerak, ammo avtobuslar yurmaydi. Hukumatga bu norozi odamlarning bosimidir”, – deydi Doniyor.

U odatda namoyishlarning legitimligini yo‘qotishga urinadigan yashirincha kuchlar bo‘lishi, ular [namoyishlarga] aralashib do‘konlarni buzib, mashinalarni yoqib, namoyishlar legitimligini pasaytirishini ta’kidlaydi.

 “Ammo hozirgi vaziyatda xalq o‘z noroziligini shu ko‘rinishda bildiryapti”, – deydi Fransiyadagi hamyurtimiz. 

Politsiya namoyishlarni tarqatish uchun ko‘zdan yosh oqizuvchi gazdan foydalanyapti.

G‘arbiy Nant, Renn va Loriyen shaharlarida ma’muriy binoga hujum uyushtirilgan, politsiya bo‘limi hovlisiga o‘t qo‘yilgan va derazalari sindirilgan.

26 mart kuni Britaniya qiroli Charlz III taxta o‘tirganidan buyon ilk marta Fransiyaga borishi kutilgandi. Ammo xavfsizlik nuqtai nazaridan bu tashrif qoldirildi. Chunki Fransiya kasaba uyushmalari qirolning tashrifi vaqtida ko‘proq ish tashlashlar va norozilik namoyishlarini o‘tkazishga chaqirgan.

Mamlakatdagi tozalash xizmatlari ish tashlashlar o‘tkazayotgani sabab Fransiya ko‘chalari, xususan, Parij chiqindiga to‘ldi. Fransuzlar chiqindilarni shahar ko‘chalariga tashlashmoqda va bu namoyishlarning o‘ziga xos ramziga aylandi.

Siyosatshunos Kamolliddin Rabbimov pensiya islohoti Makron davridan boshlanmagani, ungacha bir qancha prezidentlar bu masalani jiddiy ravishda ko‘tarib kelganini aytadi.

Siyosatshunos Fransiyadagi namoyishlarni tahlil qilarkan katta qadamlarni prezident Nikolas Sarkozi boshlagani, undan keyin Fransua Olland davom ettirgani va navbat Makronga kelganini ta’kidlaydi.

Ular bosqichma-bosqich ma’lum bir davr ichida pensiya yoshini 60 yoshdan 65 yoshga ko‘tarish islohotini amalga oshirishga kirishgan. Xo‘sh, bunda muammo nimada?

“Pensiya yoshi (60 yosh) 2 jahon urushidan keyin, 1945-1955 yillarda belgilangan edi. U paytda fransuzlarning umr ko‘rish maksimal bir davri 70 yosh atrofida edi. Ya’ni odamlar 60 yoshda pensiyaga chiqadi va taxminan 10 yil pensiya olardi. Lekin o‘tgan 70 yilda umr ko‘rish davri anchagina cho‘zildi. Men Fransiyada yashaganimda shunday qo‘shnilarim bor edi: 60 yoshda pensiyaga chiqqan, hozir ular 85-90 yoshda. Ya’ni 35-40 yildan beri pensiya oladi. Bu yerda ikkita katta haqiqat bor: davlatning haqiqati shundaki, 60 yoshda pensiyaga chiqqanidan keyin, odamlarni pensiya bilan ta’minlash uchun pensiya fondlari davlatdan juda katta qarz oladi. Ya’ni odamlarning fondga to‘layotgan pullari pensiyaga chiqqanlarni ta’minlay olmayapti.

Jamiyatning haqiqati shundaki, 60 yoshdan keyin ishlash nihoyatda og‘ir. [Pensiya yoshini Sarkozi 60dan 62 yoshga ko‘tardi. Makron esa 64 yoki 65ga ko‘tarmoqchi] Chunki Fransiyada odamlar har xil sektorlarda ishlaydi – og‘ir ishlar bor. Masalan, 62 yoshga kirgan odam haftasiga 37, ba’zan 40 soatlab ishlashi oson emas. Insonning vaqtini sotib olayotgan kompaniyalar uni maksimal darajada eksplutatsiya qilishga harakat qiladi. Shu sababli bir tomondan kasaba uyushmalari, jamiyat hamda davlat va ish beruvchilar o‘rtasida qattiq kurash ketyapti”, – deydi Rabbimov.

Emmanuel Makronning saylovoldi dasturida keltirgan bu qonun loyihasi prezident uchun nihoyatda muhim va hukumat uni qaytarib olmoqchi emas. Avvalroq Makron pensiya yoshini 65 gacha oshirmoqchi edi, ammo muhokamalar vaqtida 64 yosh tanlandi. Fransiya hukumati pensiya islohoti natijasida minimal pensiya miqdorini 1200 yevroga oshirishni ham va’da qilgan.

Fransiya pensiya yoshini 64 ga oshirsa ham, Yevropadagi eng past ko‘rsatkichlardan biri bo‘lib qoladi. Taqqoslash uchun, Italiya va Germaniyada pensiya yoshi 67, Buyuk Britaniyada 66, Ispaniyada 65 yoshni tashkil qiladi. AQShda ham 1960 yildan keyin tug‘ilganlar faqat 67 yoshda pensiyaga chiqishi mumkin.

Kamolliddin Rabbimov Fransiyadagi namoyishlarni keltirib chiqargan pensiya islohotini qilishdan oldin siyosat oldindan modellashtirilishi hamda prezidentlar xalqning ko‘chaga chiqishini bilishini ta’kidlaydi.

“Ijtimoiy masalalarda nihoyat kuchli ijtimoiy namoyishlar ko‘p bo‘ladi. Tashqi dunyodagi urushlar, immigratsiya, migratsiya masalalari fransuzlarni ancha keyingi darajada bezovta qiladi. Birinchi o‘rinda ijtimoiy masalalar: oyliklar, pensiya, minimal ish haqi kabilar turadi. O‘ylaymanki, Makron bu loyihani qaytarib olmaydi. Namoyishlarning qizg‘in pallasi o‘tadi. O‘ylashimcha va ko‘pgina ekspertlarning fikriga ko‘ra, kuzga borib bu loyiha baribir tasdiqlanadi. Chunki Fransiyada muxolif partiyalar va siyosatchilardan ko‘ra kasaba uyushmalari juda kuchli. Ular millionlab insonlarni ko‘chaga olib chiqa oladi. Fransuz prezidentlari uchun eng katta muammo yaratadigan siyosiy kuch ham kasaba uyushmalaridir. Ular bunga yo‘l qo‘ymaslikka harakat qilyapti, lekin hukumat bunday islohotlarni boshlashdan oldin yaxshilab hisob-kitob qiladi.

Makron bu islohotlarni o‘zining birinchi besh yillik muddatida qilmadi. Agar o‘shanda boshlaganda edi, u ikkinchi muddatga o‘ta olmasdi. Bugun Makronning reytingi o‘tgan davrdagi eng past darajaga tushib ketdi. Sarkozi bu islohotlarni birinchi muddatda boshlagandi, shu sababli ikkinchi muddatga o‘ta olmadi. Makron bu narsani birinchi muddatda qilmadi, o‘ylaymanki, u bu narsaning oxirigacha olib boradi”, – deydi siyosatshunos.

23 martdagi umummilliy norozilik namoyishlari yanvar oyidan beri kasaba uyushmalari tomonidan uyushtirilgan to‘qqizinchisi bo‘ldi. O‘shanda ham muxoliflar parlament Makronning pensiya yoshini oshirish rejasidan voz kechishga umid qilgandi.  

Madina Ochilova
Abdusalim Abduvohidov, Kun.uz

Top