Jahon | 21:51 / 20.01.2026
8674
9 daqiqa o‘qiladi

Tramp Yevropa rasmiylarining o‘ziga yozgan xabarlarini e’lon qilib yubordi

AQSh prezidentining Grenlandiyaga da’vosi atrofida nimalar bo‘lmoqda?

Foto: Truth Social

AQSh prezidenti Donald Tramp Grenlandiya Vashington nazorati ostiga o‘tishi kerakligini aytishda davom etmoqda: seshanba kuni u ijtimoiy tarmoqdagi sahifasiga Grenlandiyada Amerika bayrog‘i o‘rnatilayotgani ko‘rsatilgan suratni joyladi. Hozirda Oq uy rahbari Davosdagi Jahon iqtisodiy forumiga yo‘l olgan, u yerda Yevropa vakillari bilan Grenlandiya masalasida muhokamalar o‘tkazishi kutilmoqda. Shuningdek, Tramp dunyodagi eng katta orolga bo‘lgan da’volarini tushuna olmayotgan NATO yetakchilari bilan shaxsiy yozishmalarini ommaga ochiqlagan.

Seshanba kuni, Davosga uchayotganda, Tramp NATO bosh kotibi Mark Ryutte bilan «juda yaxshi o‘tgan» telefon muloqotidan keyin Jahon iqtisodiy forumida Grenlandiya masalasida «turli tomonlar» bilan uchrashishga rozi bo‘lganini ma’lum qildi.

«Men allaqachon hammaga tushuntirganimdek, Grenlandiya milliy va global xavfsizlik uchun katta ahamiyatga ega. Orqaga yo‘l yo‘q», – deya yozgan u. Tramp forumga chorshanba kuni yetib kelishi kutilmoqda.

NBC News uchun intervyusida Tramp Grenlandiyani kuch bilan bosib olishi ehtimoli haqidagi savolni ochiq qoldirgan. U agar kelishuvga erishilmaydigan bo‘lsa, Yevropa mamlakatlariga bojlar qo‘llashi haqidagi tahdidini takrorlagan.

Bu vaqtda Shimoliy Amerika Havo-kosmik mudofaasi qo‘mondonligi (NORAD) o‘z samolyotlari tez orada Grenlandiyadagi «Pituffik» harbiy bazasiga yetib borishini e’lon qildi.

NORAD’ning X ijtimoiy tarmog‘idagi xabarida ular Grenlandiyaga «ancha oldin rejalashtirilgan turli tadbirlar»ni o‘tkazish uchun yuborilayotgani, unda AQSh va Kanadaning kontinental hududida joylashgan samolyotlar ham ishtirok etishi aytilgan.

«Bu faoliyat Daniya qirolligi bilan muvofiqlashtirilgan va barcha qo‘llab-quvvatlovchi kuchlar zarur diplomatik ruxsatnomalar bilan harakat qilmoqda. Grenlandiya hukumati ham rejalashtirilgan tadbirlar haqida xabardor qilingan», – deyiladi bayonotda.

Grenlandiyadagi yevropalik harbiylar

Dam olish kunlari Yevropaning sakkizta davlati yetakchilari qo‘shma bayonot e’lon qilib, unda Daniya bilan birdamlik bildirgan va Trampning yevropaliklarga Grenlandiya bo‘yicha pozitsiyasi uchun boj joriy etish haqidagi tahdidlari Yevropa va AQSh munosabatlarini «xavfli tig‘» ostiga qo‘yish bilan tahdid qilayotganini aytgan.

Avvalroq Tramp 1 fevraldan Daniya, Norvegiya, Shvetsiya, Fransiya, Germaniya, Buyuk Britaniya, Niderlandiya va Finlandiya tovarlariga 10 foizlik bojlar kuchga kirishini, keyinchalik ular 25 foizgacha oshirilishi mumkinligini ma’lum qilgandi.

Daniyalik harbiylar Nuukda, 18 yanvar
Mads Claus Rasmussen/Ritzau Scanpix via Reuters

Grenlandiya bosh vaziri Yyens-Frederik Nilsen feysbukdagi postida hududlar o‘z taqdirini o‘zi hal qilishiga imkon berilishi kerakligini yozdi. «Biz bosimga bo‘ysunmaymiz. Biz muloqot, hurmat va xalqaro huquq pozitsiyasida qat’iy turamiz», – dedi u.

Dushanba kuni Daniya avtonom hududiga u yerda turgan 200 dan ortiq harbiy xizmatchiga qo‘shimcha ravishda «kattagina kontingent» va o‘z armiyasi rahbarini yubordi.

Ammo bu Trampda taassurot uyg‘ota olmadi.

«Bular harbiylar emasdi, – dedi Tramp dushanba kuni jurnalistlarga. – Ular bir necha kishini yuborishibdi. Va meni deb emas, Rossiyadan himoya qilish uchun yuborishganini aytishdi. Ammo bilasizmi, NATO Daniyani taxminan 20 yildan beri, hatto undan ham ko‘proq, 25 yildan beri ogohlantirmoqda, ular Daniyani Rossiya tahdidi, nafaqat Rossiya, balki Xitoy tahdidi haqida ham ogohlantirmoqda».

Seshanba kuni Davosda AQSh moliya vaziri Skott Bessent Amerikaning savdo hamkorlarini «chuqur nafas olishga va vaziyatni rivojlantirishga imkon berish»ga chaqirib, «mamlakatlar qilishi mumkin bo‘lgan eng yomon narsa – AQSh bilan mojaroni kuchaytirish» ekanini qo‘shimcha qildi.

Yevroittifoq qanday javob qilishi mumkin?

Seshanba kuni Davosda so‘zga chiqqan Yevropa komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayyen Yevropa Arktikada xavfsizlikni ta’minlashga «to‘la sodiq» ekanini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Arktikadagi xavfsizlik faqat birgalikdagi sa’y-harakatlar bilan ta’minlanishi mumkin va aynan shuning uchun Tramp taklif qilayotgan qo‘shimcha bojlar «xato» hisoblanadi.

Yevropa Ittifoqi yetakchilari payshanba kuni Bryusselda bo‘lib o‘tadigan favqulodda sammitda ehtimoliy harakat variantlarini muhokama qilishadi.

Ssenariylardan biri – AQShdan import qilinadigan 93 mlrd yevrolik mahsulotlar uchun bojlar paketi bo‘lib, u 6 fevraldan avtomatik ravishda kuchga kirishi mumkin (Yevropa bu choralarni Vashington bilan savdo bo‘yicha kelishib bo‘lmaydigan holat uchun ishlab chiqqan).

Yevropa komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayyen o‘tgan yilgi savdo urishida Donald Tramp bilan kelishuv tuza olgandi.
World Economic Forum

Yana bir variant – «savdo bazukasi» nomini olgan, rasman Majburlashga qarshi vosita (Anti-Coercion Instrument, ACI) deb ataladigan qonun bo‘lib, u Yevropa Ittifoqiga Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lmagan mamlakatlarning iqtisodiy shantajiga javob qaytarishga imkon beradi.

U davlat tenderlari, investitsiyalar yoki bank faoliyatidan foydalanishda cheklov qo‘yishga imkon beradi.

Yevropa Ittifoqidagilar AQSh bilan «barcha darajalarda» hamkorlik qilishda davom etayotganini ma’lum qilishdi, biroq ACI’dan foydalanish kun tartibidan olib tashlanmayotganini ta’kidlashdi.

Germaniya kansleri Fridrix Mers chorshanba kuni Tramp bilan uchrashishga harakat qilishini aytdi va savdo mojarosi maqsadga muvofiq emasligini qo‘shimcha qildi. «Ammo agar biz asossiz deb hisoblagan bojlarga duch keladigan bo‘lsak, unda biz ham javob berishga qodirmiz», – dedi Mers.

Tramp shaxsiy yozishmalarni e’lon qildi

Grenlandiya atrofidagi muhokamalar fonida Tramp Fransiya prezidenti Emmanuel Makron hamda NATO bosh kotibi Mark Ryutte bilan shu masaladagi shaxsiy yozishmalarini e’lon qilib yubordi.

Fransiya prezidenti qator masalalarda (Suriya, Eron) AQSh prezidenti bilan hamfikr ekanini aytadi. «Do‘stim, biz Suriya bo‘yicha bir xil pozitsiyadamiz. Eron masalasida buyuk ishlarni amalga oshirishimiz mumkin. Ammo men siz Grenlandiya masalasida nima qilayotganingizni tushunmayapman», – deya qayd etadi Makron.

U Davosdagi forumdan keyin, payshanba kuni «Katta yettilik» uchrashuvini tashkil etishni taklif qilgan. «Men Davosdan keyin payshanba kuni tushdan keyin Parijda G7 uchrashuvini tashkil qilishim mumkin. Men ukrainaliklar, daniyaliklar, suriyaliklar va rossiyaliklarni taklif qila olaman. AQShga qaytib ketishingizdan oldin payshanba kuni Parijda birga kechki ovqat tanovul qilaylik», – deyiladi ingliz tilida yozilgan xabarda.

Bir kun avval Donald Tramp Makronning G‘azo bo‘yicha Tinchlik kengashiga qo‘shilishni istamasligi haqidagi savolga javob berarkan, vinoga boj joriy qilish bilan tahdid qilgan edi. «U hech kimga kerak emas, chunki u tez orada lavozimini tark etadi. Men uning vinolari va shampanlariga 200 foizli boj solaman va u ham [Tinchlik kengashiga] qo‘shiladi», – degandi u.

Tramp Ryutte bilan yozishmalarini ham e’lon qilgan, unda u shunday degan: «Janob prezident, qadrli Donald, bugun Suriyada erishganlaringiz shunchaki aql bovar qilmaydigan natija. Men mediadagi aloqalarimdan foydalanib, Davosda G‘azo va Ukraina bo‘yicha qilgan ishlaringiz haqida so‘zlab beraman. Men Grenlandiya bilan bog‘liq vaziyatdan chiqish yo‘lini topishga qaror qildim. Siz bilan uchrashishni sabrsizlik bilan kutaman».

Qayd etish kerakki, Tramp Norvegiya bosh vaziri Yonas Gar Styore bilan yozishmalari matbuotga chiqib ketganiga javoban boshqa yevropalik rasmiylar bilan shaxsiy yozishmalarini ommaga e’lon qilishga qaror qildi.

O‘sha yozishmada Styore Grenlandiya atrofidagi keskinlikni bartaraf etish uchun birgalikda ishlashni taklif qiladi, Tramp esa Norvegiya unga tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotini bermaganidan shikoyat qiladi va «endi u faqat tinchlik haqida o‘ylashga majbur emasligi»ni aytadi.

Mavzuga oid