18:35 / 31.03.2023
7173

The Wall Street Journal barcha rossiyalik jurnalistlarni AQShdan chiqarib yuborishga chaqirdi

Kreml WSJ’ning Rossiya elchisi va barcha rossiyalik jurnalistlarni Qo‘shma Shtatlardan chiqarib yuborish haqidagi chaqiriqlarini «bema’nilik» va «noto‘g‘ri narsa» deb atadi. 

Evan Gershkovich / Foto: Dimitar Dilkoff/AFP

Amerika fuqarosi, The Wall Street Journal gazetasi jurnalisti Evan Gershkovichning Rossiyada josuslikda ayblanib hibsga olinganidan so‘ng, AQSh prezidenti Jo Bayden ma’muriyati diplomatik va siyosiy eskalatsiya ehtimolini ko‘rib chiqishi kerak, deb yozadi WSJ. 30 mart, payshanba oqshomida chop etilgan tahririyat maqolasiga ko‘ra, Rossiya elchisi, shuningdek, mamlakatda ishlayotgan barcha rossiyalik jurnalistlarning Qo‘shma Shtatlardan chiqarib yuborilishi Vashingtondan bu borada kutilayotgan «minimal javob» bo‘ladi. 

Gershkovichni hibsga olish vaqti «AQShni sharmanda qilish va Rossiyada faoliyat yuritayotgan xorijiy matbuotni qo‘rqitish uchun» rejalashtirilgan provokatsiyadan dalolat beradi, deb hisoblaydi WSJ. Maqolada aytilishicha, Kreml Rossiya matbuoti ishini bostirgani sababli, xorijiy muxbirlar so‘nggi mustaqil axborot manbalari hisoblanadi. Mualliflarning fikricha, Gershkovichning hibsga olinishi uning yaqinda Rossiya iqtisodiyotining yomonlashayotgani haqidagi maqolasi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. «Kreml bu haqida haqiqiy gaplar aytilishini xohlamaydi», deb taxmin qilgan Amerika gazetasi tahririyati. 

Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov 31 mart kuni WSJ tahririyatining rossiyalik barcha jurnalistlarni AQShdan chiqarib yuborish chaqirig‘iga munosabat bildirar ekan, bunday talablar «bema’nilik» va «noto‘g‘ri narsa» ekanini aytdi. 

Peskovning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyada amaldagi akkreditatsiyaga ega bo‘lgan barcha xorijiy jurnalistlar «hech qanday cheklovlarga duch kelmayapti va yaxshi sharoitda ishlayapti». Biroq, Gershkovichning ishida, «gap jurnalist sifatidagi maxfiy faoliyat, mohiyatan josuslik faoliyati haqida bormoqda», deya qo‘shimcha qildi u. 

WSJ muxbirining Yekaterinburgda qo‘lga olingani 30 mart kuni ma’lum bo‘ldi. O‘sha kuni kechqurun Evan Gershkovich «josuslik» ishi bo‘yicha Moskvaning Lefortovo sudi qarori bilan 29 maygacha hibsga olingan. Gershkovich sovuq urush tugaganidan keyin Rossiyada josuslikda ayblanib, hibsga olingan birinchi xorijlik muxbir bo‘ldi.

Federal xavfsizlik xizmati («FSB») muxbir «Rossiya harbiy-sanoat kompleksi korxonalaridan birining faoliyati to‘g‘risida davlat sirini tashkil etuvchi ma’lumotlarni to‘plagani»ni da’vo qilgan. Rossiya Jinoyat kodeksining «josuslik» moddasi 10 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazoni nazarda tutadi.

Jurnalist Yekaterinburgga «Vagner» XHK haqida maqola yozish uchun kelgan. 

«Aniqlanishicha, Evan Gershkovich Amerika tomonining ko‘rsatmasi bo‘yicha Rossiya harbiy-sanoat kompleksi korxonalaridan birining faoliyatiga oid davlat sirini tashkil etuvchi ma’lumotlarni to‘plagan. Maxfiy ma’lumotlarni olishga urinayotganda, chet ellik fuqaro Yekaterinburgda qo‘lga olindi», — deya «FSB» Jamoatchilik bilan aloqalar markazi xabaridan iqtibos keltirgan Rossiyaning TASS. 

Mavzuga oid
Top