12:58 / 02.04.2023
33600

«Arsenal» va «Barsa» chempionlik grafigida ketmoqda. Kun o‘yinlari yakunlari

Yevropa futbolida shanba oqshomidagi asosiy voqealar.

Angliya: Gvardiola Kloppni yakson etdi

Manchester Siti – Liverpul 4:1
Gollar: 0:1 – 17 Saloh, 1:1 – 27 Alvares, 2:1 – 46 de Bryuyne, 3:1 – 53 Gundo‘g‘an, 4:1 – 74 Grilish.
Manchester Siti – Ederson, Ake, Ruben Diash, Akanji, Stounz, Gundo‘g‘an, de Bryuyne, Grilish, Rodri (Bernardu Silva, 83), Mahrez, Alvares.
Liverpul – Alisson, Aleksander-Arnold, van Deyk, Konate, Roberson (Tsimikas, 70), Henderson, Fabino, Elliott (Oksleyd-Chemberlen, 70), Saloh (Nunes, 70), Diogu Jota (Firmino, 70), Gakpo (Milner, 82).
Ogohlantirishlar: Saloh (19), Rodri (33).

«Manchester Siti» va «Liverpul» jangi so‘nggi yillarda brendga aylandi. Muxlislar chempionlik uchun aynan shu ikki jamoa asosiy da’vogar bo‘lishiga ko‘nikib qolgan, ularning to‘qnashuvlari esa tomoshabopligi va futbol sifati bo‘yicha hatto ispan klasikosini ortda qoldira boshlagan.

Ammo bu mavsumda barchasi biroz boshqacharoq. Pep Gvardiola birinchi o‘rin uchun kurashni davom ettirmoqda, Yurgen Kloppda esa jiddiy muammolar bor: bir yil muqaddam «Liverpul» oxiriga qadar barcha sovrinlar uchun da’vogar bo‘lib turgan bo‘lsa, hozir esa mavsum arafasida qo‘lga kiritilgan va barchaning yodidan chiqib ulgurgan — Angliya Superkubogi bilan kifoyalanmoqda.

Ammo qizillarda kurashish uchun maqsad bor: kuchli to‘rtlikdagi o‘rin. Ma’lumki, APLda bu o‘rin titulga teng, «Liverpul» esa hozircha Chempionlar ligasiga yo‘llanma beruvchi o‘rinlardan ancha yiroqda. Bundan ham yomonrog‘i, ataylab qilingandek, jamoa uchun taqvim juda noqulay: «Siti» bilan o‘yin ortidan qizillarni «Chelsi» va «Arsenal» bilan bahslar kutmoqda.

Matbuot anjumanida qiyin taqvim mavzusi haqida gapirar ekan, Klopp yumor qilishga harakat qildi — u bu qiyin o‘yinlar seriyasini «Liverpul» allaqachon chiqib ketgan Chempionlar ligasidagi taqvimga o‘xshatdi. 

Qizillar chempionatning joriy mavsumida kuchsiz jamoalarga ochko ulashgan bo‘lsa-da, «katta oltilik» vakillariga qarshi o‘yinlarda munosib harakat qilgan. 

Klopp bu o‘yinda «Siti»ni birinchi davrada mag‘lub etishga yordam bergan modelni tanladi: to‘pga egalik qilish da’vosidan voz kechilib, to‘psiz harakatlanganda 4-4-1-1 sxemasiga o‘tildi, mudofaa chizig‘i oldinroqda joylashdi va yuqori pressing amalga oshirildi, shuningdek keskin qarshi hujumlarga tayanildi. Qizillar bo‘sh hududlarni topishni uddalashdi va 17-daqiqada Jota Saloh bilan birgalikda raqib himoyasini darvozadan ancha oldinga o‘tib ketgani uchun jazoladi.

Pepni bunday start dog‘da qoldira olmadi. Uni Holand jarohat olib safdan chiqqani ham dovdirata olmagandi — norvegiyalik hujumchi terma jamoalar uchun ajratilgan tanaffus vaqtida safga qaytishga ulgurmadi va o‘yinni tribunada tomosha qildi, asosiy tarkibda esa Alvares tushdi. Bu yo‘qotish jamoa muxlislarini xavotirga solishi mumkin edi. Alvares jahon chempioni, ammo u umuman Holand tipidagi hujumchi emas. Lekin «Liverpul» bilan o‘yin shuni ko‘rsatdiki, Gvardiola «aldamchi to‘qqizlik» bilan o‘ynashni unutib yubormagan.

Alvares vingerlardan orqaroqda harakat qildi, ayrim holatlarda esa to‘pni yoki pasni qidirib maydon markazigacha tushdi. Oxir-oqibat argentinalik futbolchining bunday harakatlari o‘yin natijasiga ta’sir ko‘rsatdi, ammo bu ikkinchi bo‘limda ro‘y berdi.

Tanaffusga qadar esa «Siti»ning asosiy qahramoni Grilish bo‘ldi. Hisob 0:1 ekanida Jyek o‘z jarima maydoniga fantastik tezlikda yetib kelib, Salohni golli vaziyatdan mahrum qildi, bir daqiqa o‘tib esa Angliya terma jamoasi yarimhimoyachisi Alvaresga assistentlik qildi.

Birinchi bo‘limda durang hisob qayd etildi, ammo «Siti»ning ustunligi sezilarli darajada edi. Bo‘lim oxiriga kelib Gvardiola Klopp o‘ylagan barcha g‘oyalarni tushunib oldi, tanaffus vaqtida murabbiyga quloq solgan futbolchilar esa ishga kirishishdi. Alvares porladi: 46-daqiqada aynan ushbu argentinalik ichkaridan turib Mahrezga ajoyib pas uzatdi, jazoirlik futbolchi esa De Bryuynega assistentlik qildi. Biroz o‘tib Hulian «Liverpul» himoyasini dog‘da qoldirib zarba berdi, darvozabondan qaytgan to‘pni esa Gundo‘g‘an darvoza to‘riga joylab qo‘ydi.

Ketma-ket gollar tufayli mehmonlarda barchasi chippakka chiqdi, ammo Klopp negadir futbolchilarni almashtirishga shoshilmadi. Faqat 70-daqiqaga borib u bir vaqtning o‘zida to‘rt futbolchini maydonga tashladi — bunday harakat esa hamisha tavakkalchilik hisoblanadi. Ayrim vaziyatlar kuzatilgan bo‘lsa-da, amalda ularning hech biri o‘yinga sifat qo‘sha olmadi. O‘yindagi vaziyatlar hujumdagi o‘ylangan rejalar tufayli emas, individual mahorat tufayli yuzaga keldi. Saloh ham almashtirilgach esa «Liverpul»ning oldingi chiziqdagi harakatlari umuman xira tus oldi.

«Siti» esa bosim qilishda davom etdi va 74-daqiqada o‘yinga amalda nuqta qo‘yuvchi mantiqiy gol urildi — jamoada eng yaxshi o‘yinlaridan birini o‘tkazgan Grilish o‘zi haqli bo‘lgan golni urdi.

4:1 — «Liverpul» Chempionlar ligasidan uzoqlashishda davom etmoqda, «Siti» esa chempionlik poygasida qoladi.

Arsenal – Lids 4:1
Gollar: 1:0 – 35, penalti Gabriel Jyezus, 2:0 – 47 Uayt, 3:0 – 55 Gabriel Jyezus, 3:1 – 76 Kristensen, 4:1 – 84 Jaka.
Arsenal – Remsdeyl, Uayt, Xolding, Gabriel, Zinchenko (Tirni, 85), Jaka (Fabiu Viyeyra, 86), Parti (Jorjino, 60), Edegor (Smit-Rou, 85), Trossard, Martinelli, Gabriel Jyezus (Saka, 60).
Lids – Mele, Eyling, Streyk, Kox (Kuper, 74), Firpo, Kristensen, Roka, Xarrison (Bemford, 85), Aaronson (Makkenni, 65), Sinisterra (Rodrigo, 65), Sammervill (Ryutter, 74).

«Arsenal» maydonga «Manchester Siti»ning yorqin g‘alabasidan xabardor holda chiqib keldi va o‘yin startida londonliklar o‘yinida bosim sezildi. «Lids» bir necha bor Ramsdeyl qo‘riqlayotgan darvoza atrofida keskinlik yuzaga keltirdi, amo «kanonirlar» o‘z o‘yinini namoyish etishda davom etdi va qatorasiga 14-uy uchrashuvida raqib darvozasini ishg‘ol etishdi. Gabriel Jyezus raqib jarima maydoni ichida himoyachilarning boshini aylantirib tashladi va penalti ishladi. Jamoaning shtatdagi penaltichisi, sardor Edegor esa unga 11 metrlik jarima zarbasini ijro etish imkoniyatini taqdim etdi va braziliyalik hujumchi jarohatdan qaytganidan keyin ilk golini urdi.

Sardorning harakati — jamoadagi sog‘lom muhitdan darak beradi. Bunday muhit mezbonlarga tanaffusdan keyin kur ikkinchi bo‘limda mezbonlar quvnoq o‘yin ko‘rsatishiga yordam berdi. Amalda o‘yin masalasini Zinchenko va Gabriel Martinellining chap qanotdagi kombinatsiyasidan keyin o‘ng qanotda darvoza qarshisida paydo bo‘lgan Uaytning zarbasi hal qildi. O‘yinning bezagi esa uchinchi gol urilgan hujum bo‘ldi, bu hujum davomida Jyezus to‘pni uch himoyachi orasidan o‘tkazib jarima maydoniga kirib borgan Trossarga yetkazib berdi, belgiyalik futbolchi esa to‘pni qulay vaziyatga ochilgan hujumchining o‘ziga qaytardi.

O‘yin qahramoni almashtirilayotgan vaqtda «Emireyts» uni olqishladi — jamoaning ushbu muhim futbolchisi mavsumning eng muhim pallasiga ideal holatda yetib keldi. «Arsenal» «Siti»ga imkon qoldirmayapti va Arteta boshqaruvida ilk bor APL o‘yinlarida qatorasiga yetti g‘alabaga erishdi. Jamoa haqiqiy  chempionlarcha grafikda ketmoqda.

Chelsi — Aston Villa 0:2
Gollar: Uotkins (18), Makginn (56).
Chelsi – Arrisabalaga, Kulibali, Kukurelya (Pulishich, 80), Jyeyms, Chiluell, Loftus-Chik (Kante, 57), Kovachich (Gallaher, 80), Haverts, Mudrik (Madueke, 57), Fernandes, Felish.
Aston Villa – Martines, Yang, Mingz, Konsa, Moreno (Din, 89), Makginn, Remzi, Kamara (Chembers, 46), Duglas Luis (Dendonker, 87), Buendia (Beyli, 76), Uotkins.
Ogohlantirishlar: Kamara (4), Kovachich (39), Chiluell (54), Fernandes (68), Chembers (84), Din (90+3).

«Stemford Brij»dagi o‘yinning ilk daqiqalarida Mudrik nihoyat Angliyadagi ilk golini nishonlashi mumkin edi. Ammo u darvozabon va himoyachilar bir-birini tushuna olmagan vaziyatdan foydalana olmadi, Emiliano Martines to‘p uzatishdagi xatosini to‘g‘rilab, JCh finalida Kolo Muani bilan bo‘lgani kabi seyv ijro etdi. Bo‘lim davomida u Mudrik bilan yakkama-yakka vaziyatda yana jamoasini qutqardi. Mezbonlar uning darvozasini baribir ishg‘ol etishganida ham u «Aston Villa» futbolchilarini ruhlantirishda davom etdi, qolaversa Chiluell urgan gol vaziyatga VAR aralashuvi bilan bekor qilindi, himoyachi zarba berishdan oldin Yangga fol ishlatgani ma’lum bo‘ldi.

Unai Emeri jamoasi ko‘p hujum qilmadi, ammo hujumlarni yakunlashda maksimal darajada samarali harakat qildi. Kukurelya to‘pni bosh bilan darvozabonga qaytarishda xatoga yo‘l qo‘ydi va to‘pga ega chiqqan Uotkins uni osonlik bilan Kepaning ustidan oshirib tashladi. Ikkinchi bo‘limda esa Makginn jarima maydoni tashqarisidan yo‘llagan zarbasi bilan jamoasi ustunligini mustahkamladi, ushbu yarimhimoyachining birinchi bo‘limda, hisob 0:0 holatida bergan zarbasi darvoza to‘siniga tekkandi.

Mehmonlarga ikkinchi golning hojati bo‘lmasligi ham mumkin edi, Grem Potter bosh murabbiylikka tayinlanganidan buyon «Chelsi» o‘z uyida birinchi bo‘lim gol o‘tkazib yuborgan to‘rt o‘yinda ham yutqazgan. Endilikda ko‘klar turnir jadvalining ikkinchi qismiga tushib ketishdi, jamoa muxlislari uchun bu o‘yindagi yagona yoqimli vaziyat avgust oyidan buyon maydonga tushmagan Kantening qaytishi bo‘ldi. Emerining tayinlanishi esa «Villa»ning natijalarini butunlay o‘zgartirgan. Ispaniyalik mutaxassis kelganidan buyon jamoa 15 o‘yinda 29 ochko jamg‘argan va bu borada faqat «Arsenal» va «Man Siti»dan ortda (fevralda birmengemliklar ketma-ket turlarda ushbu ikki jamoaga yutqazgandi).

Ispaniya: Fatining tabassumi

Elche — Barselona 0:4
Gollar: Levandovski (20, 66), Fati (56), Torres (70).
Elche – Badiya, Palasios, Bigas, Maskarel, Klerk, Blanko (Fernandes Merkau, 65), Morente (Xosan, 65), Karmona (Guti, 54), Fidel, Gumbau, Milya (Ponse, 76).
Barselona – ter Stegen, Kunde, Alonso, Arauxo (Torre, 78), Alba, Garsiya, Serxi Roberto, Gavi (Kessie, 68), Ferran Torres, Fati (Garrido, 84), Levandovski.
Ogohlantirishlar: Gavi (60), Arauxo (74), Levandovski (87).

«Barselona»dagi kadrlar muammosini Xavi tayanch zonasiga himoyachi Erik Garsiyani tushirgani yaqqol ko‘rsatadi. Shu bilan birga, la liganing so‘nggi o‘rindagi jamoasi bilan bunday tajribalar amalga oshirish xavfli emas. Qolaversa, 23 fevraldan buyon gol urmagan Levandovski tezkor gol urdi. Shu bilan birga, ushbu polyak hujumchisi mavsumda yetti o‘yinda hisobni ochgan futbolchi sifatida yetakchilik qilmoqda.

Bu oqshomda gol urish hammadan ko‘ra Fatiga kerak edi. Otasining mojaroli intervyusidan keyin ko‘k-anorranglilarning 10-raqamli futbolchisi to‘pni o‘zi raqib jarima maydoniga olib bordi va darvoza burchagini aniq nishonga olib, nihoyat chin dildan tabassum qildi. Ansu uchun bu yanvar oyidan buyon ilk gol edi, la ligada esa u oxirgi bor o‘tgan yilning oktyabr oyida raqiblar darvozasini ishg‘ol etgandi.

Yangiliklar lentasining yana bir qahramoni — epizodlardagi qaltis tashlanishlari uchun tanqid qilinadigan Gavi — pressingda naqadar muhimligini ko‘rsatdi va Levandovskining ikkinchi goliga sababchi bo‘ldi. «Barsa» keyingi yakshanba kuni «Real»ga qarshi hal qiluvchi o‘yin oldidan oradagi farqni 15 taga yetkazib qo‘ydi (madridliklar 27-tur o‘yinini bugun «Valyadolid»ga qarshi o‘tkazadi).

Bu o‘yinda barcha masala hal qilib bo‘linganidan keyin Xavi asosiy jamoaga ilk bor chaqirilgan 19 yoshli Garridoni maydonga tushirishga haqli edi. Murabbiy ushbu o‘smir futbolchi o‘z uzatmalari bilan jarohatdagi Pedrining o‘rnini bilintirmay turishi mumkinligini aytmoqda.

Italiya: «Yuve» ko‘tarilmoqda

Inter – Fiorentina 0:1
Gol:
0:1 – 53 Bonaventura.
Inter – Onana, Dumfris, Darmian, Acherbi, Bastoni (de Vrey, 63), Gozens (Bellanova, 63), Mxitaryan (Aslani, 78), Brozovich (Djyeko, 78), Barella, Korrea (Martines, 63), Lukaku.
Fiorentina – Terrachchano, Dodo, Martines (Milenkovich, 46), Igor Julio, Biragi, Bonaventura, Saponara (Sottil, 66), Mandragora (Barak, 76), Ikone (Raneri, 76), Kastrovilli (Amrabat, 66), Artur.
Ogohlantirishlar: Kastrovilli (58), Ikone (76), Brozovich (77), Amrabat (79).

«Inter» yana muxlislar hafsalasini pir qildi va qariyb bir oydan buyon g‘alaba qozona olmayapti. Bu davrda xursand qiladigan yagona xursandchilik — «Portu» bilan golsiz durangdan keyin Chempionlar ligasining chorakfinaliga yo‘l ochilishi bo‘ldi. Milliy birinchilikda esa «neradzurri» qatorasiga uch o‘yinda mag‘lub bo‘ldi, «Fiorentina» esa raqib o‘yinidagi pasayishdan foydalanib, bu jamoani olti yil ichida ilk bor mag‘lubiyatga uchratdi. O‘ziga juda yaxshi tanish bo‘lgan stadionda hal qiluvchi golni «Milan»ning sobiq yarimhimoyachisi Bonaventura urdi. «Binafsharanglar» Simone Indzagini ranjituvchi jamoalar portretiga mos tushadi — milanliklar so‘nggi o‘n turdagi besh mag‘lubiyatni turnir jadvalida oltinchi o‘rindan pastda joylashgan va ayni vaqtda yevrokuboklarga yo‘llanma beruvchi hududda bo‘lmagan jamoalardan qabul qilib olgan.

Yuventus — Verona 1:0
Gol: Ken (56).
Yuventus – Shchensni, Danilo, Bremer, Gatti, De Shilo, Kuadrado (Kostich, 66), Lokatelli, Fajoli, Barrenechea (Miretti, 46), Milik (Di Mariya, 60), Ken (Vlahovich, 60).
Ogohlantirishlar: Depaoli (44), Gaych (58), Ken (59).

Massimiliano Allegri «Inter»ga qarshi kechadigan Italiya kubogi yarimfinal o‘yinini yoddan chiqarmagan holda kuchsiz raqibga qarshi o‘yinda Di Mariya, Vlahovich, Kostich va Aleks Sandroni zaxirada qoldirdi. Birinchi bo‘lim 
yakunida vaziyatlardan foydalanishdagi muammolarni ham qisman shu bilan izohlash mumkin. Ammo maydonga chiqqanlar, jumladan shu kuni «Yuventus» safida 300-o‘yinini o‘tkazgan Kuadrado futbolchilar almashtirish boshlanguniga qadar vazifani uddalashdi. Yana «Verona» darvozasiga g‘alaba golini urgan Moyze Kinda esa xato qilish huquqi yo‘q edi, chunki Lokatelli to‘pni unga juda qulay qilib yetkazib berdi. Uch kundan keyin kechadigan o‘yinda «Keksa sinora»da ikki yarim hafta ichida «Inter» ustidan ikkinchi g‘alabaga erishish uchun imkoniyat bor.

Kun statistikasi

  • 1 futbolchi Xosep Gvardiola jamoasiga ikki raqamda ifodalanadigan gollar urib bo‘lgan. «Liverpul» forvardi Saloh ushbu jamoaga urgan gollar soni 11 taga yetdi.
  • «Liverpul» APLda joriy yil boshidan buyon 10 o‘yindan 5 tasida yutqazdi. Jamoaning o‘tgan mavsumdagi jami mag‘lubiyatlari soni shuncha bo‘lgandi.
  • Gvardiola Kloppni 11-bor mag‘lub etdi. Yurgenda g‘alabalar soni 12 ta. 
  • «Sevilya» hujumchisi An-Nosiriy JCh-2022 turniridan keyin barcha turnirlar doirasida urgan gollari sonini 11 taga yetkazdi. La ligada bu davrda bundan ko‘proq golni faqat «Real» forvardi Benzema urgan (13).
  • «Kristal Pelas» Roy Hojson qaytgan o‘yinning birinchi bo‘limida «Lester» darvozasiga 20 bor zarba yo‘lladi. Bu turnirda joriy mavsum rekordi hisoblanadi va APLda 2015 yildan buyon eng yaxshi ko‘rsatkich.
  • Gvardiola APLda 100-uy g‘alabasiga erishdi. Ushbu murabbiyga Arsen Vengerga tegishli bo‘lgan (139) rekordni yangilash uchun 128 o‘yin yetarli bo‘ldi.
Top