10:43 / 06.04.2023
8311

Kiyev: Qrim bo‘yicha muzokaralar qarshi hujumdan keyin o‘tkazilishi mumkin

Ukraina qo‘shinlari Qrimning ma’muriy chegarasiga yetib borgach, Kiyev yarimorolning kelajagi bo‘yicha muzokaralarga tayyor bo‘lishi mumkin, dedi Ukraina prezidenti devonining matbuot kotibi Sibiga.

Qrim ko‘prigi / Foto: sapo

Ukraina armiyaning bahorda boshlanishi mumkin bo‘lgan muvaffaqiyatli qarshi hujumidan so‘ng Rossiya tomonidan annexia qilingan Qrim kelajagi bo‘yicha Rossiya bilan muzokaralar o‘tkazish imkoniyatini istisno qilmayapti. «Agar biz jang maydonida strategik maqsadlarimizga erisha olsak va Qrim bilan ma’muriy chegaraga yetib borsak, bu masalani muhokama qilish uchun diplomatik sahifa ochishga tayyormiz», - dedi Ukraina prezidenti devonining xalqaro masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Andrey Sibiga Britaniyaning Financial Times gazetasiga 6 aprel, payshanba kuni. Biroq, uning so‘zlariga ko‘ra, «bu armiyamiz tomonidan Qrimni ozod qilish yo‘lini istisno qilamiz, degani emas».

Ukrainaning yarimorolni qaytarib olish qobiliyatiga shubha bilan qaraydigan va buning uchun har qanday urinish Putinning urushni yadro quroli bilan keskinlashtirishiga olib kelishidan xavotirda bo‘lgan g‘arb amaldorlari Sibiganing bu bayonotidan keyin yengil tin olishi mumkin, deb yozadi Britaniya nashri.

Ukraina Rossiya bilan urushni tugatish bo‘yicha to‘g‘ridan to‘g‘ri maslahatlashuvlarni 2022 yil aprelida tugatdi. Bungacha u Moskva bilan Qrimni harbiy yo‘l bilan qaytarishga urinmasdan, uning kelajagi haqida muzokaralar olib borishga tayyor edi. O‘tgan yilning sentabr oyida Rossiya Ukrainaning to‘rtta viloyatini annexia qilganidan so‘ng, Zelenskiy Putin bilan muzokara o‘tkazish mumkin emasligi haqida farmon imzolagan edi. Shu munosabat bilan Financial Times qayd etishicha, Ukraina prezidenti devoni xodimining bayonoti 2022 yil aprelidan beri Kiyevning Rossiya bilan muzokaralarga qiziqishi haqidagi eng ochiq bayonotga aylandi.

5 aprel kuni Rossiya bilan Qrim bo‘yicha muzokaralar o‘tkazish imkoniyati haqida Ukraina prezidenti devoni rahbari maslahatchisi Mixail Podolyak «Ozodlik radiosi»ga bergan intervyusida ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu Rossiya qo‘shinlari Ukraina hududidan olib chiqib ketilgandan keyingina mumkin bo‘ladi. Podolyak, bundan tashqari, Qrim ko‘prigi oxir-oqibat demontaj qilinishini e’lon qildi. Bir kun avval Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi «Qrimni deokkupatsiya qilish bo‘yicha 12 qadam» dasturini – yarimorol Ukrainaga qaytarilgandan keyin amalga oshiriladigan huquqiy va tashkiliy chora-tadbirlar rejasini taqdim etdi. U, boshqa narsalar qatori, «to‘liq kemalar harakati erkinligini ta’minlash maqsadida» Qrim ko‘prigini yo‘q qilish rejalariga ham ishora qiladi.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top