22:14 / 06.04.2023
10926

Sudlar fermerlarni yetarli himoya qilolmayapti. Yerlarning “ko‘chib yurishi” tahdidlar yaratmoqda

Kun.uz mamlakat qishloq xo‘jaligi sohasi holatini yoritishda davom etadi. Bugungi mavzu – haq-huquqlari sudlarda-da himoya qilinmayotgani sababidan aziyat chekayotgan fermerlar, buning oqibatida mustaqil egasiz qolayotgan, mudom qo‘ldan qo‘lga o‘tayotgan, “yetim” yerlar.

Shokir Xo‘janiyozov (Xorazm viloyati Xonqa tumanidagi “Mastura Doniyor Doston” fermer xo‘jaligi rahbari):

— 2005 yilda fermer xo‘jaligi tashkil qilganmiz va shundan buyon dehqonchilik qilib kelyapmiz. 2020 yilda Xonqa tumanimizga yangi hokim keldi, noqonuniy topshiriqlar bera boshladi. Davlat rejasini topshirib bo‘lgach, 40 tonna ortiqcha bug‘doy topshirish bo‘yicha buyruq bo‘ldi. Berolmasligimni aytdim hokimga, chunki davlat sherikchiligida bog‘cha qurayotgan edim, bug‘doydan tushgan daromadni shunga ishlatishimni aytdim. Mashmashalar shundan keyin boshlandi.

4-5 marta sudga berdi yer shartnomasini bekor qilish uchun. Mana, bir yildirki, sudlashib kelyapmiz. Oliy sudgacha keldi ish. Apellyatsiya shikoyati sudidan keyin tuman hokimi yerlarimizni auksionga qo‘yib, lotlarga bo‘lib, sotib yubordi. Biz Oliy sudga shikoyat qildik. Oliy sud kassatsiya jarayonlari tugamaguncha jarayonlarni to‘xtatish bo‘yicha qaror berdi. Lekin tuman hokimi buni pisand qilmay, yerlarni sotib yubordi.

Chorixon Qodirov (O‘zbekiston fermer, dehkon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi bosh huquqshunosi):

— Xonqa tumanidagi boshqa fermerlar ham tuman hokimi xatti-harakatlaridan norozilik bildirgan. Murojaatlarning aksariyati o‘rinli. Boshqa fermerlarning murojaatlari ham Shokir Xo‘janiyozovniki kabi. Tuman hokimligi vakolati yo‘q bo‘lgan tashkilotning taqdimnomalarini da’vo arizasiga qo‘shgan.

Shokir Xo‘janiyozovning fermer xo‘jaligi hujjatlarini ko‘rib chiqdim. Bu kishining advokati Oliy sudga iltimosnoma kiritgan, ya’ni Fermerlar kengashi, Qishloq xo‘jaligi vazirligidan mutaxassislar jalb qiling, amaliy yordam bering, degan. Sudlov hay’ati esa asossiz ravishda inkor etgan buni. Quyi tizimdagi sudlardan kelgan qarorlarga qarab, qarorlarni o‘z kuchida qoldirish harakatida bo‘lishadi. Shuning uchun ish chuqur ko‘rilib, mutaxassislar jalb qilinishiga qarshi bo‘lishadi. Maqsad – quyi sudning qarorini kuchida qoldirish.

Birinchi va ikkinchi instansiya sudlariga tuman hokimligi tomonidan taqdim etilgan hujjatlarning ko‘pi soxta bo‘lib chiqdi. Buni o‘rganib chiqdim. Biz shunday holatlarni aniqlaydigan tashkilotmiz, sudlov hay’ati esa bizning sudga kirishimizga qarshilik qilyapti. Agar meni mutaxassis sifatida chaqirishsa, birma-bir noqonuniylik va soxtakorliklarni ko‘rsatib berardim.

Bir narsaga e’tibor bering. Tuman hokimligi kiritgan da’vo arizasida Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 31 yanvardagi 22-sonli qarori asosidagi nizom bo‘yicha fermerning qonunbuzaliklari bo‘yicha aniq hujjatlar taqdim qilishi kerak edi. Ammo bunga rioya qilinmagan.

Bu narsa birgina Xonqa tumanida emas, butun O‘zbekiston bo‘yicha barcha tuman hokimliklari shunday qiladi. Bir hokim soliqdan qarzi bor degan ma’lumotnoma qo‘shadi, yana bittasi suvdan bor deydi. Bular bilan da’vo arizasi kiritib bo‘lmaydi. Amaliyotda juda ko‘p ko‘ryapman. Bekobod tumanida 12 ta fermer xo‘jaligiga nisbatan berilgan da’vo arizasida shunday kamchiliklar bo‘lgani uchun sudya da’vo arizasini to‘xtatdi. Mazkur holatda ham sudya adolat qilganda, da’vo arizasi to‘xtatilishi kerak edi. Ammo sudya ma’muriy tartibga rioya qilinmagan da’vo arizasini qanoatlantirgan.

Sh.Xo‘janiyozov bilan bog‘liq ish materiallarida 2022 yil 8 sentabrdagi dalolatnoma bor. Yuqorida aytganimdek, huquqiy me’yorlarga amal qilinmagan. Ya’ni nizomning 3-bob 14-bandiga zid tarzda fermerlar kengashi raisi ishtirokisiz rasmiylashtirilgan, bundan dalolatnoma haqiqiy emas. Lekin birinchi instansiya sudi buni dalil sifatida baholagan. Apellyatsiya sudlov hay’ati ham shunday qilgan.

2022 yilning 9 aprelidagi 102-sonli taqdimnoma kiritilgan. Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 9 iyuldagi 571-sonli qarori bilan tasdiqlangan nizom talabi bo‘yicha qishloq xo‘jaligi bo‘limlariga taqdimnoma kiritish vakolati berilmagan. Faqatgina kadastr bo‘limlarida bu huquq bor. Aynan mana shu vakolati yo‘q idora kiritgan taqdimnomani sudlar inobatga olyapti.

2022 yil 8 aprelda berilgan Suv iste’molchilar uyushmasi (SIU) tomonidan berilgan 65-sonli ma’lumotnoma ham haqiqiy emas. SIU nodavlat notijorat tashkilot hisoblanadi va bunday tashkilotlarning muhrida davlat gerbi bo‘lmaydi, bu yerda esa bor – soxta hujjat bu.

“Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risida”gi qonunning 35-1 sonli moddasini buzgan deb yozilgan. Agar shunday bo‘lsa, ma’muriy javobgarlikka tortilishi va o‘shaning qarorini ilova qilish kerak edi. Sudlar huquqiy baho bermagan bunga.

2022 yil 7 aprelda Xonqa tumani Ekologiya bo‘limi ham xuddi shunday ma’lumotnoma bergan. Monitoring o‘tkazilgan, lekin unda fermer ishtiroki yo‘q, hujjat haqiqiy hisoblanmaydi.

Fermer xo‘jaligi 3 yil reja topshiriqlarini bajarmagan, degan gap bor da’vo arizasi ilovasida. Ammo me’yoriy talabdan kam yoki ko‘p hosil olgani to‘g‘risida mutaxassislar xulosasi yo‘q. Bundan tashqari, yer maydoni va holatidan kelib chiqib shartnoma tuzilmagan. Butun respublikada shunday holat hozir. Sudlarda mana shu masalani hal qilishda, mutaxassis jalb qilishda qishloq xo‘jaligi tizimlari oqsayapti. Berilgan me’yor to‘g‘ri berilmaganini o‘zlari ham bilishadi, to‘g‘ri xulosa berishdan qochishadi. Bu ham adolatsizlik.

Agar adolatli yondashilsa, quyi sudlarning qarorlari bekor qilinib, qayta ko‘rishga berilishi kerak. Aslida esa belgilangan tartibda hujjatlar taqdim etilmagani uchun ishni harakatdan to‘xtatish kerak edi. Birinchi instansiya sudi ham, apellyatsiya sudlov hay’ati ham Oliy sudning qaror va talablarini buzgan.

Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 9 yanvardagi 14-sonli qarori bilan maqbullashtirish o‘tkazilgan edi. Bunda ham respublika bo‘yicha tuman hokimliklari juda shoshma-shosharlik bilan, Yer kodeksi me’yorlarini, ma’muriy tartiblarni chetlab o‘tib, ko‘plab fermer xo‘jaliklarining qonuniy manfaatlarini poymol qilgan edi. Maqbullashtirish qarori ijrosini nazorat qilish prokuraturaga topshirilgan edi. Yakuniy yechimni Bosh prokuratura qilishi kerakligi ham aytilgandi. Ammo bunday qilishmadi. Oqibatda juda ko‘p hokimliklar tomonidan qilingan bunday harakatlar yashirildi.

Masalan, Bo‘ka, Ohangaron, Sirdardyo, Buvayda, Bo‘stonliq, Andijon, Gurlan, Yangiyo‘l, Yakkabog‘ kabi bir qancha tumanlarda maqbullashtirish adolatsiz o‘tkazildi. Yakkabog‘ tumani sobiq hokimi nogironligi bo‘lgan fermerning yerini soxta hujjatlar bilan olib qo‘yib, boshqa fermerga berib yuborgan. Jinoiy ish qo‘zg‘atib, aniqlaganmiz. Bunday holatlar boshqa tumanlarda ham juda ko‘p.

Hokimlarimiz juda havolanib ketgan. Qonuniy manfaatlari poymol bo‘lgan fermerlarning huqularini tiklashda juda ko‘p to‘siqlarga duch kelyapmiz. Ba’zi hollarda sud tizimidagilar bizga yomon ko‘z bilan qaraydi. Chunki biz NNTmiz.

Jinoyat ishlari qo‘zg‘atiladigan holatlar va dalillar juda ko‘p, lekin prokuratura organlari panja ortidan qarashadi bularga. Biroq oyni etak bilan yopib bo‘lmaydi.

Kamoliddin Ikromov (“Agrobiznes assotsiatsiyasi” jamoat birlashmasi rahbari):

— Bunday tajribali fermerlarning yeri olib qo‘yilsa, ular o‘zini jamiyatga keraksizday his qilib qoladi. Misollar ko‘p.

Yaxshi yangilik ham bor bu sohada. Fermerlar yerini notarial tartibda olish joriy qilindi. Endi hokimlarga oson bo‘lmayapti fermer yerini olib qo‘yish.

Chust tumanida hokim prezident qaroridan oldingi sana bilan fermerlar yerini olib qo‘ygan holat bo‘ldi. Hujjatlarni fermerlarning o‘zi yozmagan holatlar ham bor. Bunday holatlar keyingi va hozirgi fermerlar avlodiga salbiy signal. Soha 10-15 yildan keyin ancha cho‘kib qoladi. Keyingi avlod bu qiyinchiliklarni ko‘rib, sohani tanlamaydi ham.

O‘z-o‘zidan yerning ahvoli ham yomonlashib boradi, chunki ishlashni, yerga qarashni xohlamaydigan odamlar keladi. “Bir kunga” ishlash boshlanadi, chunki ertaga yerni olib qo‘yish xavfi bor. Qishloq xo‘jaligiga juda katta zarar bo‘ladi. Hozirdan bunday holatlarni to‘xtatish kerak. Qonunlarga amal qilishni kuchaytirish lozim.

Shokir Xo‘janiyozov:

— Eng achinarlisi shu bo‘lyaptiki, Oliy sud ajrimiga bo‘ysunmasdan o‘z bilganicha ish qilishyapti. Tuman sudlari-ku hokimlar uchun ishlayapti. Oliy sud qarorlari ham ijro etilmasligi kelajakda sudlarning obro‘sizlanib borishiga sabab bo‘ladi. Shunday davom etaversa, kelajakda bu katta muammoga aylanib qoladi.

Chorixon Qodirov:

— Mana masalan, yaqinda Ohangaron tumanidagi Iqbolxon Ahmedovaning fermer xo‘jaligi xuquqlari Oliy sud tomonidan tiklangan edi. Ammo tuman prokurori noto‘g‘ri vajlar bilan, davlat manfaati deb yana sudga da’vo kirityapti.

Gapirsa, gap ko‘p. Respublika bo‘yicha qanchadan qancha fermer xo‘jaligining huquqlari toptalyapti. Sudlar, prokuratura esa yetarlicha himoya qilmayapti, qonuniy yondashmayapti. Prokuratura organlari fermerlarni himoya qilishni emas, yer ijara shartnomasini bekor qildirish to‘g‘risida da’vo ariza kiritishni amaliyotiga joriy qilib olishdi. Aslida tuman prokurori fermer xo‘jaligining ijara shartnomani bekor qilish bo‘yicha da’vo arizasi kiritishda TARAF EMAS. Tuman hokimligining o‘zi berish kerak da’vo arizasini. Boj to‘lashdan qochib, tuman prokuroriga aytadi. Prokuratura go‘yoki davlat manfaatini himoya qilayotgan bo‘ladi, lekin boshqa shaxsning manfaatlari turgan bo‘ladi buning ortida. O‘zlari biladi buni.

Shokir Sharipov suhbatlashdi.

Top