09:51 / 07.04.2023
4822

Sanna Marin Finlandiya bosh vaziri lavozimidan iste’foga chiqdi

Marinning partiyasi so‘nggi parlament saylovlarida faqat uchinchi o‘rinni egalladi. Konservatorlar va o‘ng qanot populistlar g‘alaba qozonishdi.

Finlandiya prezident Sauli Niinistyo va bosh vaziri Sanna Marin / Foto: Markku Ulander/Getty Images

Finlandiya bosh vaziri Sanna Marin parlament saylovlarida sotsial-demokratik partiyasi mag‘lubiyatga uchragach, iste’foga chiqish haqida ariza berdi. Prezident Sauli Niinistyo Marinning iste’fosini qabul qildi, deb xabar qildi prezident idorasi 6 aprel, payshanba kuni. 37 yoshli sotsial-demokrat yangi vazirlar mahkamasi shakllanmaguncha Finlandiya hukumati rahbari vazifasini bajaradi.

Sanna Marin 2019 yil oxiridan beri Finlandiya hukumatini boshqarib kelmoqda. U besh partiyadan iborat so‘l markaz koalitsiyasini boshqaradi. 2 aprelda bo‘lib o‘tgan saylovlarda uning partiyasi konservativ Milliy koalitsiya partiyasi va o‘ng qanot populist «Haqiqiy finlar» partiyasidan keyin faqat uchinchi o‘rinni egalladi. Bu Finlandiyada hukumat almashishini bildiradi.

Konservatorlar yetakchisi Petteri Orpo katolik Pasxadan so‘ng barcha partiyalar bilan hukmron koalitsiya tuzish bo‘yicha muzokaralarni boshlash niyatida. Sanna Marin bir kun avval sentabr oyida bo‘lib o‘tadigan partiya qurultoyida sotsial-demokratik partiya raisi lavozimini tark etish niyatida ekanligini ma’lum qilgan edi. Shundan so‘ng u parlamentda oddiy deputat sifatida faoliyatini davom ettiradi.

Sanna Marinning nufuziga 2022 yil avgust oyida ijtimoiy tarmoqda uning do‘stlari bilan raqsga tushgani aks etgan video tarqalgani zarba berdi. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, Finlandiya bosh vaziri aks etgan videoyozuvda kimdir go‘yoki kokainga ishora qilib, «un» so‘zini aytgani eshitilgan. Mojaroni to‘xtatish uchun Marin ixtiyoriy ravishda narkotiklarga testdan o‘tdi, uning natijasi musbat bo‘lib chiqdi. Natijada, voqea barham topdi, Marinning reytingi, Helsingin Sanomat gazetasiga ko‘ra, dekabr oyida 64 foizni tashkil etdi.

Mavzuga oid
Top