15:38 / 10.04.2023
19236

“San’atkor uchun “zapret” degan mudhish tushuncha bor edi” - Ozoda Nursaidova

Navoiy viloyatida “Konstitutsiya meniki, seniki, bizniki! Konstitutsiya o‘zimizniki” targ‘ibot tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Bayram-konsert formatida o‘tkazilgan tadbirda taniqli san’atkorlar, turli soha faollari ishtirok etdi. Unda xonanda Ozoda Nursaidova so‘zga chiqib, o‘ziga qo‘yilgan taqiqlar haqida gapirdi. 

“San’atkor uchun “zapret” degan mudhish tushuncha juda og‘ir edi. Hamkasblarimiz biz bilan so‘rashmay qo‘ygan kunlar bo‘lgan. Bularning hammasi o‘tmishda qoldi. 

Mana hozir bemalol qo‘shiq kuylay olyapmiz. Qilingan yaxshi ishlarni e’tirof qilishimiz shart. Ularga shukur qilishimiz shart. Men ana shundaylar toifasidanman. Hayotimdagi o‘zgarishlar uchun katta rahmat aytaman. 

2016 yilda hamma san’atkorlarning “zapret”i yechildi. Meniki esa qolib ketdi. O‘ylardim — nega bunday bo‘ldi? Keyin esimga tushdi: 2013 yilda men bir intervyu bergandim. Yakkasaroy tumanida yashayman. Tuman hokimligidan yurist keldi. U buldozer bilan kelib “Ozoda opa, uyingizni buzamiz” dedi. 2013 yilda bo‘lgan narsa. O‘sha “zapret”dagi siqilib yurgan umidsizlik vaqtimiz. Ilojsizlikdan emotsiyada bo‘lgan vaqtimda intervyu berganman. 2016 yildan hammadan taqiq olindi, men qolib ketdim. Bunga shu intervyu sabab bo‘lgan bo‘lsa kerak deb o‘yladim. 

Vaqt o‘tib, menga ham yo‘l ochildi. Bir insonning mardligi menga sahnani qaytarib berdi, xalqqa qaytarib berdi. Inson qadri ulug‘lanayotgan yurtda yashayapmiz”, — dedi Ozoda Nursaidova.

Xonanda tadbir ishtirokchilarini 30 apreldagi referendumda faol ishtirok etishga, jamoatchilikni konstitutsiya islohotlariga befarq bo‘lmaslikka chaqirdi.

Targ‘ibot tadbirlari respublika hududlari bo‘ylab davom etmoqda.

Top