12:04 / 14.04.2023
3818

Norvegiya 15 nafar rossiyalik diplomatni chiqarib yuboryapti

Norvegiya Tashqi ishlar vazirligi Rossiya elchixonasining «yashirin razvedka faoliyati bilan shug‘ullangan» 15 nafar xodimini mamlakatdan chiqarib yuboradi. Boshqa razvedkachilarga vizalar berilmaydi.

Anniken Xyuitfeld / Foto: reddit

Norvegiya Tashqi ishlar vazirligi Rossiya elchixonasining «diplomatik maqomga to‘g‘ri kelmaydigan faoliyat» bilan shug‘ullanayotgan 15 nafar xodimini mamlakatdan chiqarib yuboradi. Bu haqda 13 aprel, payshanba kuni tashqi ishlar vaziri Anniken Xyuitfeld ma’lum qildi.

«Rossiya Norvegiyada eng katta razvedka tahdidini keltirib chiqarmoqda. Buni jiddiy qabul qilgan holda, biz bugun Rossiya razvedkasining mamlakatimizdagi faoliyatiga to‘sqinlik qiluvchi qadam tashlamoqdamiz. Biz rus razvedkachilarining Norvegiyada diplomatik niqob ostida ishlashiga yo‘l qo‘ymaymiz», - dedi u.

Tashqi ishlar vazirligi bayonotida ushbu razvedka xodimlarining faoliyati birmuncha vaqtdan beri kuzatilgani va ular tez orada mamlakatni tark etishi kerakligi aytilgan. Norvegiya boshqa razvedka xodimlariga viza bermaydi.

«Men Norvegiya Rossiya bilan normal diplomatik munosabatlarni davom ettirishni istashini va rossiyalik diplomatlarga qarshi emasligini ta’kidlayman. Bizning harakatlarimiz faqat istalmagan razvedka faoliyatiga qarshi qaratilgan. Biz diplomatik missiya faoliyatini saqlab qolishni istaymiz, ammo diplomatik missiyaning yashirin razvedka faoliyati maqsadida suiiste’mol qilinishini ma’qullay olmaymiz», dedi Anniken Xyuitfeld.

Mavzuga oid
Top