09:26 / 19.04.2023
17625

Samarqand viloyati hokimiga ikki o‘rinbosar tayinlandi

Samarqand viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Feruz Abilov viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari lavozimiga o‘tkazildi. Uning o‘rnini Shunqor Xudoyberdiyev egalladi.

Feruz Ne’matullayevich Abilov Samarqand viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish  masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Feruz Abilov / Samarqand viloyati hokimligi

Feruz Abilov 1978 yilda Narpay tumanida tug‘ilgan.

Muqaddam viloyatning Oqdaryo tumaniga hokimlik qilgan. 2020 yil aprelida Samarqand viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlangandi.

Uning o‘rniga Shunqor Xudoyberdiyev Samarqand viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ish boshladi.

Shunqor Xudoyberdiyev / Samarqand viloyati hokimligi

Shunqor Xudoyberdiyev 1971 yilda Past Darg‘om tumanida tug‘ilgan. 1988-1993 yillarda Samarqand qishloq xo‘jalik institutida tahsil olgan.

U mehnat faoliyatini 1993 yilda «O‘zdehqonsanoatbank» viloyat boshqarmasi Past Darg‘om tumani filiali iqtisodchisi sifatida boshlab, shundan so‘ng «Paxtabank»da turli lavozimlarda ishlagan. 2006-2015 yillarda esa «Milliy bank»ning viloyat bo‘limi boshqaruvchisi, 2015-2016 yillarda Markaziy bankning Navoiy viloyati bosh boshqarmasi boshlig‘i vazifalarida faoliyat ko‘rsatgan.

2016-2019 yillarda Samarqand viloyati hokimining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari bo‘lgan, 2019 yilda Past Darg‘om tumani hokimi lavozimiga tayinlangandi.

Mavzuga oid
Top