20:01 / 26.04.2023
13181

Surxondaryoda rossiyalik ovchi Qizil kitobga kiritilgan morxo‘rni ovlagani yuzasidan izoh berildi 

Ovchiga morxo‘r echkisini ovlash uchun ruxsatnoma berilgani ma’lum bo‘ldi. 

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Yovvoyi hayvonlarni, shu jumladan Qizil kitobga kiritilgan hayvonlarni ovlash uchun 2022 yilgi tasdiqlangan kvotaga muvofiq, Rossiya fuqarosi S.L.Mazurkevichga Surxondaryo viloyatidagi ovchilik xo‘jaligi hududida morxo‘r echkisini ovlash uchun ruxsatnoma berilgan. Bu haqda Tabiat resurslari vazirligi xabar berdi. 

Shunga asosan, Mazurkevich morxo‘r va arxarni otib o‘ldirgan. Bu haqdagi videoni ijtimoiy tarmoqlarga joylagan. 

Qayd qilinishicha, ov tugagach, viloyat ekologiya inspeksiyasi vakili tomonidan ovlangan hayvonga dalolatnoma tuzilgan. 

Vazirlik izohiga ko‘ra, yovvoyi hayvonlarni, shu jumladan O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan hayvonlarni ovlash uchun Fanlar akademiyasi Zoologiya instituti xodimlari tomonidan o‘tkaziladigan o‘rganishlar asosida kvota belgilanadi. Bunda har bir turning holati va populyatsiyasi baholanadi. 

Yo‘qolib ketish xavfi ostida bo‘lgan turlarga kvotalar qo‘yilmaydi va ov qilish taqiqlanadi. 

Vazirlar Mahkamasining qarori bilan reproduktiv ekologik maqsadlarga erishish va ov turizmini rivojlantirishga qaratilgan uzoq muddatli loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha belgilangan tartibda majburiyatlarni qabul qilgan holda, chet el fuqarolari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan hayvonlarni ovlashni tashkil etish va o‘tkazish uchun mas’ul vakolatli shaxs belgilandi. 

O‘lja olish maqsadida ovni tashkil etish va o‘tkazish uchun olingan mablag‘lar yovvoyi hayvonlar populyatsiyasini muhofaza qilish, biotexnik tadbirlarni o‘tkazish va ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarni moliyalashtirish, shu jumladan yovvoyi hayvonlarning noyob turlarini ko‘paytirish bo‘yicha pitomniklar qurish, mustaqil xalqaro ekspertlarni jalb qilish, yovvoyi hayvonlarni ro‘yxatga olish uchun ajratiladi. 

Mavzuga oid
Top