18:39 / 26.04.2023
306609

Yopilganiga 4 oy bo‘lgan Davlat tili departamenti qayta ochildi. Bu o‘zini oqlaydimi?

Ma’muriy o‘zgarishlar doirasida tugatilgan Davlat tilini rivojlantirish departamenti faoliyati tiklanmoqda. Departament bundan avvalgi 3 yillik mavjudligi davrida o‘zining aksar vazifalarini bajarmagandi, endi bajaradimi?

Davlat tilini rivojlantirish departamenti 2019 yil 22 oktyabrda prezident farmoni bilan tashkil qilingandi. Departament Vazirlar Mahkamasi huzurida tashkil etilib, tuzilmada xodimlarining umumiy cheklangan soni 9ta shtat birligidan iborat bo‘lishi belgilangandi.

O‘shanda tashkilotga quyidagi vazifalar yuklangan edi:

  • davlat tilini rivojlantirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan monitoringni amalga oshirish;
  • davlat tilining amal qilishi bilan bog‘liq muammolarni aniqlash va takliflar berish;
  • o‘zbek tilining yozma nutqi me’yor va qoidalarini ishlab chiqish va lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini to‘liq joriy etish borasidagi ishlarni jadallashtirish;
  • ilmiy asoslangan yangi so‘z va atamalarni iste’molga kiritish, zamonaviy atamalarning o‘zbekona muqobillarini yaratish va bir xilda qo‘llanishini ta’minlash, va boshqalar.

Shundan keyin, tashkil qilinganiga 3 yil to‘lganda – 2022 yilning dekabr oyida hukumatdagi ma’muriy o‘zgarishlar doirasida departament yopib yuborildi. Uning funksiyalari biror organga o‘tkazilmadi.

Tashkilotlar odatda vazifasini bajarib, qiladigan ishi qolmasa tugatiladi, yoki jamiyatga biror nafi tegmasligi ma’lum bo‘lganda yopilishi mumkin. Lekin til departamentining nega tugatilgani hech qayerda ochiqlangani yo‘q. Fikrimizcha, tashkilot o‘ziga yuklatilgan vazifalarning aksariyatini bajarmadi.

Departament tashkil qilinganda uning oldiga qo‘yilgan vazifalar qatoriga lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini to‘liq joriy etish ishlarini tezlashtirish kiritilgandi. Bu esa alifbo islohoti bilan bog‘liq edi. «Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida"gi Qonunga o‘zgartirishlar kiritish haqida»gi qonun loyihasi muhokama bo‘ldi-yu, qumga singandek yo‘q bo‘lib ketdi.

Qolaversa, bir necha yildan beri «Davlat tili to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartirishlar kiritish haqida»gi qonunning qabul qilinmay yotganiga departamentning hech qanday munosabat bildirmagani qiziq. Oxirgi ma’lumotga ko‘ra, davlat tilining maqomini kuchaytirishga qaratilgan, Senat tomonidan ma’qullangan qonun Qonunchilik palatasiga qaytib kelgan, 2022 yilning avgust oyida Qonunchilik palatasi bu masalani ko‘rib chiqishdan olib tashlash bo‘yicha qaror qabul qilgan.

Departament oldiga qo‘yilgan yana bir vazifa – ilmiy asoslangan yangi so‘z va atamalarni iste’molga kiritish, zamonaviy atamalarning o‘zbekona muqobillarini yaratish edi. Biroq ular buni ham qoyillatib uddalagani yo‘q. Haligacha chet tildan kirib kelayotgan so‘zlarninig qaysi birlaridan rasman foydalanishni boshlashimiz mumkinligi bo‘yicha ro‘yxat yo‘q. Vaholanki, bu ishlar borasida ham mas’uliyat departamentda edi.

Yoki xorijiy atoqli nomlarni o‘zbek tilida qanday yozish masalasi ham haligacha ochiq turibdi. Tilshunoslar bu muammo hal bo‘lishi uchun o‘zbek tilida orfoepik, orfografik qoidalar ishlab chiqilishi va amaliyotga tatbiq etilishi kerak deb hisoblashadi.

Bundan tashari, “Reklama to‘g‘risida”gi qonunning reklamalarda davlat tili ustunligiga urg‘u berish to‘g‘risidagi bandi tanqidlar ostida qolganda ham asosiy vazifasi davlat tili ustida ishlash bo‘lgan Davlat tilini rivojlantirish departamenti sukut saqlashni afzal ko‘rgandi. Hatto, bu qonun 2022 yilning 8 sentabridan beri kuchga kirgan bo‘lsa-da, hamon ko‘chalardagi reklama peshtaxtalarida rus va inglizcha so‘zlar qalashib yotibdi. Bu jarayon ustidan nazorat ham aynan shu yopilgan tashkilotning vazifasi edi. Lekin bu organ 2022 yil oxirida “ma’muriy islohot” doirasida tugatilgandi.

2023 yil 20 apreldagi farmon asosida, Vazirlar Mahkamasining ijro etuvchi tuzilmasida Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashkil etilyapti. Departamentga 5 ta shtat ajratilgan.

Endi savol tug‘iladi, xo‘sh shu vazifalarni bajarolmay yopilib ketgan tashkilot qayta tashkil qilingani bilan tildagi muammolar barham topadimi? Yangi tashkilot eskisidan qanday farq qiladi?

Modomiki departament qayta ochilayotgan ekan, birinchi galda avvalo alifbo islohotini oxiriga yetkazishi, «Davlat tili haqida»gi qonunga zarur o‘zgartirishlar kiritishni tezlashtirishi, o‘zbek tilining hozirgidan mukammalroq imlo qoidalarini ishlab chiqishni paysalga solmasligi kerak.

Zuhra Abduhalimova, jurnalist

Top