Reklama davlat tilida berilishi shartligi ko‘rsatilgan “Reklama to‘g‘risida”gi qonun 9 sentabrdan kuchga kiradi. Bloger Shahnoza Soatova bu borada mas’ul tashkilotlarning harakatsizligini tanqid ostiga oldi.
“9 sentabrdan yangi tahrirdagi “Reklama to‘g‘risida”gi qonun kuchga kiradi. Ammo buni go‘yo hech kim bilmaydigandek — kuzatilayotgan harakatsizlik va jimjitlik yoqmayapti.
Gap shundaki, yangi tahrirdagi Qonunga ko‘ra reklama davlat tilida berilishi shart. Vaziyatga ko‘ra boshqa tillarga tarjimasi keltirilishi mumkin, biroq uning shrifti davlat tilidagi asosiy matndan kichikroq bo‘lishi, mazmunini to‘g‘ri ifodalashi hamda umumiy reklama maydonining ko‘pi bilan 40 foizini egallashi mumkin.
Qonunning ushbu 6-moddasi yangi tahriri shaxsan meni juda quvontirgan edi — peshlavhalar tili bo‘yicha hozirgi boshboshdoqlik, boshqa tilning ustunligiga barham berilar deb o‘ylagandim.
Lekin qonun kuchga kirishiga 1 oydan kam vaqt qolganiga qaramay hamma negadir jim va harakatsiz. Hech bir tadbirkor idorasi, do‘koni yo savdo markazi peshtoqidagi reklama lavhalarini yangilashga harakat ham qilmayapti, mas’ul tashkilotlar, xususan, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi va sohaga bosh mas’ul Ma’naviyat va davlat tilini rivojlantirish departamenti jim. Departamentning ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarida bu haqida biron gap yo‘q, televideniye va radioda bu haqida so‘z aytilmayapti, tadbirkorlar lavhalarni yangilash to‘g‘risida xabarnoma ham olmaganlar. Xullas, amalda hech kim qonunning 6-moddasini bajarmoqchi emas, shekilli”, – deb yozadi Shahnoza Soatova.
Blogerga ko‘ra, qonun targ‘ibotiga bu kabi befarqlik ertaga tadbirkorlarning noroziliklarini ham keltirib chiqarishi mumkin.
“Vaholanki, bu qonun va uni bajarmaslik uchun javobgarlik borligini ham chetga surib turaylik, bular bari tadbirkor uchun xarajat va ertaga yana ko‘chadagi bannerlar majburan oldirilyapti, deb noroziliklar tarmoqqa chiqadi.
Nega shu kungacha zarur choralar ko‘rilmadi? Qonun kuchga kirgan kundan nima bo‘ladi? Bajarilmaydimi? Yo yana hokimiyat organlari bilan tadbirkorlar jangi tarmoqqa chiqib, masala siyosiylashib, “bo‘ldi-bo‘ldi” deb ortga qaytiladimi? Bu qonun-ku?
Qachongacha shaharlarimiz tugul hatto chekka qishloqlarimiz ham bizning o‘zga tilga ma’nan qaramligimizni sharmandalarcha jar solib turuvchi tashqi reklama lavhalari bilan to‘lib yotadi?














