Jamiyat | 14:44 / 17.06.2022
29655
16 daqiqa o‘qiladi

SOS: O‘zbek tilidagi xorijiy atoqli nomlar va so‘zlar imlosida hanuz yakdillik yo‘q

Gamburgermi yoki hamburger, Si Tszinpinmi yo Si Jinping, Bayraktarmi yoki Bayroqdor… Yangi-yangi atoqli otlar hisobiga ularni o‘zbek tiliga o‘girishda harxilliklar karrasiga ko‘payib bormoqda. Til mustaqilligiga 33 yil bo‘lganiga qaramay, o‘zbek tiliga chetdan so‘z qabul qilish prinsiplari hamon ishlab chiqilmadi. Xo‘sh, qaysi qoidalarga suyanish kerak?

Foto: Kun.uz

“Bizning til, adabiyotimizning eng so‘ng kunlari farg‘onali Umarxon zamonida edi. Til, adabiyotimiz Umarxon paytida birdan yashnab ko‘tarildi-da, undan keyin sekin-sekin pasaya boshladi. Bora-bora yiqilishning, yo‘qolishning eng og‘ir, eng qora daqiqalarini o‘tkazdi”.

Fitrat, “Tilimiz” maqolasidan

Hamon to‘liq tartibga solinmagan alifbo, murakkab til qoidalari, o‘zbek tili faol leksikasining haminqadarligi va buning ustiga o‘zbek tiliga chetdan so‘z qabul qilish prinsiplari ishlab chiqilmagani bugungi o‘zbek tili “yo‘qolishining, yiqilishining navbatdagi eng og‘ir daqiqalari”ga sabab bo‘layotganday.

Xorijiy tillardan matnlarni o‘zbekchaga o‘girganda ism-familiya, joy nomlari kabi atoqli otlar OAV va tarjima kitoblarida turli-turlicha yozilmoqda. Kimdir haliyam rus tilidagi shaklini qo‘llasa, kimdir ingliz tilidagi talaffuzni afzal ko‘ryapti. O‘zbek tilida aynan shunday so‘zlarni yozishda qabul qilingan orfoepik, orfografik o‘zgarmas qoida bormi?

Kun.uz shu mavzuda mutaxassislar fikri bilan qiziqdi.

O‘zbek tiliga chetdan so‘z qabul qilish masalasi ilmda hamon ochiq turibdi

Adliya vazirining davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchisi Shahnoza Soatova o‘zbek tiliga chet tillardan atoqli otlar va umuman so‘z qabul qilish masalasida aniq qoidalar ishlab chiqish uchun siyosiy iroda kerakligini aytadi.

— Xorijiy so‘zlar, atoqli otlarni o‘zbek tiliga qanday qabul qilish – umumiy bir masala. Buning tagida bitta umumiy fundamental muammo bor. Ya’ni o‘zbek tiliga chetdan so‘z qabul qilish prinsiplari ilmda ochiq turibdi. Mustaqilligimizga 30 yil, tilimizga davlat tili maqomi berilganiga undan ham ko‘p vaqt bo‘lganiga qaramay, haligacha shu qoidalar ishlab chiqilmagan.

Biz hozir so‘zlarni yo rus, yo asl tilda qanday bo‘lsa, shunday oladigan bo‘lganmiz. Bu juda noto‘g‘ri amaliyot. Masalan, mamlakatingizga chetdan mehmon kelsa, albatta, shu mamlakat qonun-qoidalari asosida yashashi kerak. Nega endi tilimizga kirib kelgan mehmon so‘zlar til qoidalarimizga bo‘ysunmasligi kerak?

Masalan, nega hamma Selchuk Bayraktar, Rejyep Tayyip Erdo‘g‘an qilib o‘girdi? Nega o‘zimizga moslab o‘girmaymiz? Saljuq Bayroqdor yoki Rajab Toyyib Erdo‘g‘an deb yozmaymiz.

Bugungi kunda tilimiz ingliz tilidagi so‘zlar bosimi ostida qoldi. Va ularga qarshi ham hech narsa qilolmayapmiz. Demak, orfoepik, orfografik qoidalar ishlanmagan. Ya’ni biz so‘zni o‘zimizning tilimizga moslaymizmi yoki o‘girilayotgan tilga moslab olamizmi, degan savol ochiq qolmoqda. Masalan, turklar boshqa tildan so‘z qabul qilsa, o‘sha tilda qanday yozilsa, shunday oladi va shunday o‘qiydi. Ya’ni bu yerda ma’lum bir prinsip bor.

Masalan, nega biz televideniye so‘zini televideniya deb urg‘uni boshqa joyga qo‘yib talaffuz qilganlar ustidan savodsiz deb kulamiz? Axir bizning tilimizning tabiati o‘sha yerdagi urg‘uni qabul qilmayapti. Bu o‘zbek tili uchun uzunlik qilyapti. Demak, o‘zbek tiliga moslagan bo‘g‘inga urg‘u qo‘yishimiz kerak.

Bu borada qilinadigan ishlar ko‘p, buning uchun ilmiy ishlanmalar, tegishli tashkilotlardan ko‘rsatmalar kerak va bu ko‘rsatmalarni ishga tushirish uchun siyosiy iroda kerak.

“Rus tilidagi manbalar hech qachon asliyatga to‘g‘ri kelmagan”

Xitoy tilidan Konfutsiyning “Muhokama va bayon”, Mengzining “Mengzi”, Laozining “Dao va fazilatlar kitobi” asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan, “Xitoycha-o‘zbekcha qisqacha tematik lug‘at”, “Xitoycha-o‘zbekcha so‘zlashgich lug‘at”lar muallifi, tarjimon-jurnalist Ilhom Qosimovning fikricha, xitoy tilidan atoqli otlarni asliyatiga yaqin o‘girishga o‘zbek tilining yuz foiz imkoniyati yetadi.

— Haqiqatdan xitoylik shaxslarning ismi va geografik joy nomlari, shaharlar, provinsiyalarning nomlarini to‘liq rus adabiyotlari, rus manbalaridan olganmiz. Lekin rus tilidagi manbalar hech qachon asliyatga to‘g‘ri kelmagan. Chunki o‘quvchilarim ba’zan xitoylik tarixiy shaxsning rus tilidagi ismini tashlashadi. Va shu shaxsning xitoy tilidagi ismini topib berishimni so‘rashadi. Xitoydagi provinsiya yoki shahar nomlarini diplom ishida yoki biror hujjatda yozish kerak bo‘lganda, o‘sha narsani xitoycha iyeroglifda yozilishi va asliyatda qandayligini so‘rashadi. Demak, rus tilidagi variant asliyatdan juda uzoqlashib ketganki, ularni asl xitoycha variantini topish qiyin.

Aslida, atoqli otlarni xitoy tilidan to‘g‘ridan to‘g‘ri, asliyatiga yaqin o‘girishga o‘zbek tilining deyarli 100 foiz imkoniyati mavjud. Faqat lotin alifbosida 1-2ta tovushni chiqarolmasligimiz mumkin.

Masalan, Xitoy sotsialistik partiyasi birinchi raislaridan biri 毛泽东 – Máo Zédōng (ingliz tilida o‘qilishi). Lekin uni ruslardan o‘rganib Mao Tszedun deymiz va ma’no ham o‘zgarib ketgan. Xitoy tilida “dong” – sharq va “dun” – tonna degan ma’nolarni anglatadi. Bu bo‘yicha inglizlar to‘g‘ri qilgan, ular xitoy tilidagi variantni to‘g‘ridan to‘g‘ri qabul qilishgan.

Yoki XXR raisi Si Jinping – bu xitoy tilida aytilishi. Ruslar tanlagan Si Tszinpin shaklda ism chiqmayapti. “Tszinpin”da boshi va oxiridagi tovush xitoy tilida bunday talaffuz qilinmaydi. Jinping shaklida talaffuz qilinadi va oxirida “-pin” emas, “-ping” bo‘ladi. Bu yerda “ng” tovushi xitoy va o‘zbek tillarida bor.

Yoki Xitoydagi shahar nomlaridan biri – 石家庄 – Shíjiāzhuāng. Bu rus tilida Shitszyachjuan, ingliz tilida Shijiazhuang deb qabul qilingan.

Bu borada shaxsiy fikrim: biz rus tilidan ko‘ra, ingliz tilidagi variantidan foydalansak, maqsadga muvofiq bo‘lardi. Chunki inglizlar asl variantni saqlashga harakat qiladi.

Xitoyliklarning o‘zi esa har bir xorijiy so‘zni o‘z tiliga tarjima qiladi. Masalan, kompyuter Amerika, Britaniya va bizda ham bir xil aytilsa, xitoyliklar bunday demaydi, ular o‘zlari uchun so‘z o‘ylab topishgan. Xorijiy atoqli otlarni ham o‘zlariga qulay shaklini tanlaydi.

“Xorijiy tildagi atoqli otlarni qanday eshitilsa, shunday yozishga harakat qilamiz”

Sharqshunoslik instituti tarjimashunoslik kafedrasi dotsenti, tarjimon Xayrulla Hamidov atoqli otlar masalasini turk tili misolida tushuntirishga harakat qildi. Uning aytishicha, turklarning o‘zi ham boshqa tillardan so‘z qabul qilganda, ham o‘sha tildagi yozilish, ham talaffuzni saqlab qolishadi.

— Men o‘zim va shogirdlarim, ya’ni talaba-magistrlarim turk tilidan o‘zbek tiliga tarjima qilinayotganda ismlar, joy nomlarini iloji bo‘lsa qanday eshitilsa, shunday yozilishini, shu bilan birga o‘zbek tili fonetik qoidalarini buzmagan holda berishga harakat qilamiz.

Ammo shu bilan birga, ayrim hollarda ismlarni berayotganda quyidagicha yo‘l tutilishini maslahat beramiz. Masalan, turkchada Feride bo‘lsa, o‘zbekchada uni Farida deb berilishi, Niluferni – Nilufar, Reshidni – Rashid, Haji Bektash Velini – Hoji Bektosh Vali, Ankara – Anqara deb berilishini talab qilamiz.

Yoki ayrim familiyalarni fonetik qoidalarga moslab quyidagicha bergan ma’qul: Akchag‘ – Oqchog‘, Aktash – Oqtosh, Chetinkaya – Chetinqoya, Akba – Oqbol, Ikbal – Iqbol kabi.

Bizning tarjimalarda Reshat Nuri Guntekin – Rashod Nuri Guntekin, O‘mer Seyfettin – Umar Sayfiddin, Seit Faik Abasiyaniq – Said Foiq Abasiyoniq deb to‘g‘ri berilmoqda. Shunga qaramay, juda ko‘p xatoliklar, ayniqsa film tarjimalarida juda ko‘p xatoliklarga yo‘l qo‘yilmoqda va bu sir emas.

Turklarning o‘zi boshqa tillardagi atoqli otlarni o‘sha til egalari qanday talaffuz qilishsa, shunday talaffuz qilishga harakat qilishadi. Hatto chet tildagi yozilishini ham saqlab qolishadi. Masalan, Bill Clinton'ni aynan o‘zidek yozishadi, lekin Bill Kilinton deb talaffuz qilishadi, holbuki turklarda “s” harfi o‘zbek tilidagi “j” tovushini beradi. Ya’ni yozuvda “Bill Jlinton” bo‘lishi kerak. Yoki Coca Cola ham turk tilida aynan yoziladi, lekin “joja jola” deb emas, “koka kola” deb talaffuz qilinadi.

“Ismlarni o‘zbekchalashtirayotganda ehtiyotkorlik kerak, ularning sharqona varianti bo‘lishi mumkin”

Lev Tolstoy, Erix Maria Remark, Jyek London, Stiven King asarlari tarjimoni Saidjalol Saidmurodov asosan rus tilidan tarjima qiladi. Tarjimon chet el atoqli nomlarini asliyatdagi til qonun-qoidalari asosida o‘zbek tiliga moslashtirishni afzal ko‘radi.

— Basharti, tarjima uchun tanlangan asar rus adabiyotiga tegishli bo‘lsa, so‘zsiz, bevosita original tildan tarjima qilaman. Ammo-lekin tarjima qilayotganim matn ingliz, fransuz, nemis yoki boshqa millat adabiyotiga oid bo‘lsa, bilvosita rus tilidan o‘giriladi. Lekin bu holda ham imkon qadar asos sifatida original matnga yuzlanaman.

To‘g‘ri, asliyatdan tarjima qilganga nima yetsin. Biroq hamma tarjimonlar ham zullisonayn bo‘lolmaydi-da. Haytovur, farang adibi Gi de Mopassanning hikoyalarini ba’zi “chapdast” tarjimonlar kabi ingliz tilidan o‘girgandan ko‘ra, tajribamizdan o‘tgan rus tili orqali o‘zbek tiliga o‘girganimiz ma’qulroqmidi, deb o‘ylayman.

Chet el atoqli nomlari uchraganda, albatta, asliyatdagi til qonun-qoidalari asosida o‘zbek tiliga moslashtirish lozim. Ayniqsa, ismlarni o‘zbekchalashtirayotganda o‘ta ehtiyotkor bo‘lmoq lozim. Negaki o‘sha ismning sharqona varianti bo‘lishi mumkin (masalan Benjamin – Ibn Yamin, David – Dovud, Iosif – Yusuf va h.k.).

Boshqa, joy nomlari, o‘zga bir millatning o‘ziga xos bo‘lgan atoqli otlar tub mohiyatidan kelib chiqib, o‘zbekchalashtirilgani ma’qul. Basharti, shunday so‘zlarga duch kelinganda, o‘zimizning suyumli ona tilimizga, shuurosti sezimlarimizga yondashganimiz ma’qul.

Muqobili o‘zimizda mavjud nom-atamalarning rus tilidagisini olishimiz shart emas, o‘zimizda “h” turganda “g”ni qo‘llash, o‘zimizda “Lubnon” turganda “Livan” deyishimiz, “Habashiston”ni “Efiopiya” deyishimiz maqbul emas.

Chetnikini qo‘ying, hozir Tiyonshon tog‘ini “Tyanshan” deb atash juda urfga kirgan. Qani endi “Hoy, baraka topgur, loaqal Erkin Vohidovning “Senga tengdosh Pomir-u Oqsoch Tiyonshon, o‘zbegim” satrlarini eslasang bo‘lmaydimi?! O‘quvchilik davrimizda hammamiz o‘qiganmiz, yodlaganmiz-ku”, deydigan odam topila qolsa.

Abdulla Qahhor, Mirzakalon Ismoiliy, Mirkarim Osim, Vahob Ro‘zimatov, Xolida Ahrorova, Qodir Mirmuhamedov, Nizom Komil kabi ustoz tarjimonlarning tarjimalarini o‘qib, ular ishlatgan nozik, diqqatga sazovor iboralarni asliyatga solishtiraman va shu yo‘l bilan bu ustozlar amaliyotidan saboq olaman. Bundan tashqari, yangi so‘z yasab ko‘raman, keyin shu so‘zni ustozlar bilan kengashamiz. Agar ma’qul bo‘lsa, tarjimada qo‘llayman.

Avvalboshda tarjima matnda “samovar”, ya’ni “o‘ziqaynar”, “pulemyot”, ya’ni “o‘tsochar”, “porox” – “o‘tkukun” shaklida yasama so‘zlarni ishlatib ko‘rdim, o‘quvchida ko‘nikma hosil bo‘lgach, yasama so‘zni bemalol alohida ishlatadigan bo‘ldim.

Chet tillar hozir bizga yangidan kirib kelayotgan tushunchalarni ifoda etadigan darajada taraqqiy topgan, shu tushunchadagi so‘zlarni yarata olgan. Shunday ekan, nima uchun biz yaratmasligimiz kerak? Bu bilan birorta ham chet so‘zlarni o‘zimizga kiritmaslik kerak demoqchi emasman. Lekin nima uchun o‘zimizdan, o‘zbek tilimizdan, turkiy tilimizdan, turkona-sharqona tilimizdan izlamasligimiz yoxud ma’nodosh so‘zlardan yangisini yasamasligimiz kerak?

Shunday qilsak, birov bizni urishmasa kerak? Yoki otuvga hukm qiladimi, yo surgunga jo‘natadimi?

Eng yaxshisi, o‘zimizning folklor adabiyotimizga, keksalarimizning tiliga e’tibor qilaylik. Mana, qarang: “kaktus”ning o‘zbekchasi bor ekan – “qumanjir”. O‘zlashtirishdan oldin o‘zimizdan izlaylik, tappa-tayyor ichimizda turibdi-ku. Xalqning o‘ziga qo‘yib berish kerakmikin, deb o‘ylab qolaman ba’zida. Balki ba’zi “ajnabiy” so‘zlarning bizda istilohi topilmas, lekin bu qo‘l qovushtirib so‘ppayib turish kerak, degani emas. Tilimizni qanday sekin-sekin buzgan bo‘lsak, endilikda ana shunday asta-sekin, sobitlik ila tiklashimiz darkor.

Nima qilish kerak?

O‘zbek tiliga chetdan so‘z olish bo‘yicha filolog va tarjimonlar zudlik bilan prinsiplar ishlab chiqishi va uni keng jamoatchilikka e’lon qilishi kerak. Hozir bilvosita emas, bevosita asl tildan tarjimalar tobora ko‘paymoqda. Rus tilini vosita til qilib olishga ehtiyoj ancha kamaygan. Qolaversa, istalgan tilda onlayn lug‘atlar topiladi. Ya’ni tarjimon so‘zning asl tilda talaffuzini topish uchun o‘sha tilni bilishi ham shart emas. Lug‘atlardan ko‘rib yozilishi va talaffuzini o‘rgana oladi.

Bizdagi asosiy masala – xorijiy tildan atoqli ot va so‘z o‘girayotganda asliyatga moslashamizmi yo o‘zbek tiliga moslashtiramizmi? So‘z o‘zbek tiliga moslashadigan bo‘lsa, bu qanday qonuniyatlar asosida moslashadi? Aksi bo‘lsa-chi?

Shu savollar ochiq qolaversa, o‘zbek tili imlo va talaffuzda bo‘linish, buzilish bekatiga ham yetib kelishiga ko‘p qolmaydi.

Zuhra Abduhalimova,
Kun.uz jurnalisti

Mavzuga oid