14:56 / 30.04.2023
43576

“Jahlim chiqsa, ayolimni tepkilab ketaverardim” – turmush o‘rtog‘ini urib, farzandlari o‘limiga sababchi bo‘lgan erkak hikoyasi

“Zarb natijasida homila nobud bo‘libdi. Rosa afsuslandim, lekin kech edi. O‘zim pishirgan osh dedimi, ketib qolmadi. Bir urgandan keyin qo‘l ketib qolaverar ekan. Undan keyin ham jahlim chiqsa xotinimni tepkilab ketadigan bo‘lib qoldim. Baribir ketmaydi, meni yaxshi ko‘radi, deb ishonchim komil bo‘lgan edi”.

Foto: Kun.uz

Inson borki, xato qiladi. Kimdir xatosidan saboq oladi, kimdir esa yo‘q, yana kimdir esa kech anglab yetadi. Bugungi qahramonimiz xatosini kech anglab yetgan insonlardan. Quyida hikoyani uning o‘zidan tinglaymiz.

“Oilada uch o‘g‘il, ikki qiz edik. Akam Afg‘onistondan bir qo‘lidan ayrilib qaytgan. Shungami, onam akamni juda ehtiyotlardi. Akamni uylantirganimizdan so‘ng men armiyaga ketdim. U vaqtlar hozirgidan ko‘proq muddat xizmat qilinardi. Xizmatdan qaytgunimcha ikkinchi akam uylangan, katta akamning ikkinchi farzandi dunyoga kelayotganda kelinoyim vafot etgan ekan.

Qaytganimdan so‘ng bir yil u-bu ishlarni qilib yurdim. Yaxshi ko‘rganim bor edi. U ham menga befarqmasdi. Oilamdagilar katta akam ikkimizni uylantirishga harakat boshlashganda ko‘nglimdagini aytdim. U paytlar negadir  bunday narsalarga juda yomon ishdek qarashardi, negaligini bilmayman. Onam olib bermayman dedi. Men uylansam faqat shu qizga uylanaman deb turib oldim.

Aslida-ku, onamning ham kelinlikka tayin nomzodlari yo‘q edi. Qaysarligimdan jahllari chiqardi. Otam aytganini oberamiz, tamom, dedi. Shunday qilib oilamizga qo‘shaloq kelin keldi. Bir hovlida uch ovsin yashay boshladi. Akalarim ikkisi onamning xohishi bilan uylangani uchunmi, ularning xotiniga onam u qadar qattiq turmasdi.

Lekin mening xotinimga juda qattiq turardi. O‘shanda yosh edim, g‘o‘r edim. Men ham rafiqam onamning barcha aytganini qilishi kerak, deb hisoblardim. Aslida ham shunday edi. Ayolim magazinda ishlardi. Rashkim kelib, u yerdan bo‘shatib oldim. Fabrikaga ishga kirdi. Ish vaqti bo‘lguncha mollarning tagini tozalab, yemini berib, sigirlarni sog‘ib ketardi. Bu ishlarni undan boshqa hech kim qilmasdi. Lekin shunda ham doim gap eshitardi.

Ichim achisa ham o‘zimni befarqdek tutardim. Bir nima desam, onam hammayam sevib uylansin ekan-da, endi ona kerakmasmi, deb gapirardi. Bu esa mening suyak-suyagimdan o‘tib ketardi. Ayolim bilan kulib gaplasholmasdik. Onam o‘shanda meni qizg‘anganmi yoki g‘ashi kelganmi, bilmayman, xullas, erkak kishi unaqa bo‘lmaydi, xotin quli, deb qattiq gapirdi. Alam ustida ayolimni kaltakladim.

Hushidan ketguncha urdim. Hushidan ketganda qattiq qo‘rqib ketganman. O‘ldirib qo‘ydimmi deb. Lekin “buning artist, rol o‘ynayapti, ataylab yotvoldi”, kabi gaplardan keyin turg‘izmadim ham, qaramadim ham. O‘shanda johilga aylangandim. Urishga urdim-u, qo‘rqdim. Ketib qolsa-chi, akalari kelib janjal qilsa-chi, nima qilaman, deb o‘yladim. Bir necha soatdan keyin o‘ziga keldi. Qornini ushlab dodlab yig‘ladi, bukchayib turolmay qoldi. Doktorga olib bordim.

Homilador bo‘lgan ekan. Zarb natijasida homila nobud bo‘libdi. Rosa afsuslandim, lekin kech edi. Bir necha kun shifoxonada yotganidan so‘ng uyimizga qaytdi. Qaytmasligiga ishonchim komil edi. To‘g‘risi, o‘shanda rosa ich-ichimdan xursand bo‘ldim. O‘zimni uning oldida aybdor his qilardim.

O‘zim pishirgan osh dedimi, ketib qolmadi. Bir urgandan keyin qo‘l ketib qolaverar ekan. Undan keyin ham jahlim chiqsa xotinimni tepkilab ketadigan bo‘lib qoldim. Atay qilmasdim, biroq o‘sha paytda o‘zimni boshqarolmasdim. Baribir ketmaydi, meni yaxshi ko‘radi, deb ishonchim komil bo‘lgandi. Bu orada singlimni chiqardik. Onam xotinimning sepidagi barcha idish-tovoqlarni olib singlimga berib yubordi. Xotinim qaytarib olaman, nega bir og‘iz so‘rashmaydi deya gap boshlagandi, ovozingni o‘chir, o‘zim oberaman senga o‘shani, dedim. Kaltak yeyishdan qo‘rqdimi, shu bilan jim bo‘ldi.

Kelinlarning ichida faqat mening xotinim topganini onamga olib kelib berardi. Lekin onam unga tushligi uchun ham pul bermasdi. Men arava sudrardim, topganimni onamga berardim. Unga berkitib pul berish xayolimga ham kelmagan.

Bu orada xotinim qandli diabet kasalligiga chalinib qoldi. Doktorlar unga yaxshi qarov kerakligini aytardi. Shu sababli ham qizimiz operatsiya bilan tug‘ildi. Undan keyingi egiz farzandlarim yana ahmoqligim tufayli tug‘ilmasdanoq nobud bo‘ldi. Ichim achisa ham ayolimni tushunmasdim. Balki, tushunishni istamagandirman. Topganimizni qo‘llariga tutsak ham onam bizga alohida chiqib ketinglar, bu yerda akang qoladi, dedilar.

Xotinimning hamma tillalarini sotib, kamiga uydagilaridan qarz ko‘tarib “dom” oldik. O‘sha paytda o‘zimni yetimdek his qilganman. Chunki na akam va na opa-singillarim yordam qo‘lini cho‘zish u yoqda tursin, bir og‘iz bular qayoqqa boradi deyishmadi. Otam yotoqda bo‘lganlari uchun ulardan umid qilishning o‘zi xato edi. Ammo onam nega bunday qilganlarini haligacha tushunmayman.

Ko‘chib o‘tganimizning ertasigayoq xotinim uyda narsa pishirib bozorga olib sotib keldi. Men esa arava tortdim. Orttirganiga ikkita non bilan bir kilo go‘sht olib kelibdi. Shuni olib borib ota-onangizni ko‘rib keling, dedi. Sen-chi, desam, men hozir borolmayman, to‘g‘ri tushuning, dedi.

Bir oz vaqt o‘tganidan so‘ng “Cizlar kelinglar, domlaringga kichkina akang ko‘chib o‘tadi, shu uyda qolasizlar”, deb onam chaqirib oldi. Avvaliga xotinim ko‘nmadi. Uyni nomimga o‘tkazib berishgandan so‘ng uyimizni akamga berib, qaytib bordik.

Bu vaqtda katta akamning xotini onam bilan chiqishmay kvartira olib chiqib ketgandi. Akam ham uning ortidan borgandi. Shundan so‘ng yana ro‘zg‘orimiz avvalgidek o‘ta boshladi. Vaqti-soati bilan yana farzandli bo‘ldik. Lekin bir kun yashab nobud bo‘ldi. Shundan so‘ng bir o‘g‘illi bo‘ldik. Xudoga shukur, u yashab ketdi. Shu farzandim tug‘ilganidan so‘ng ayolimni tushuna boshladim. Urmaydigan bo‘ldim. Ancha kech bo‘lsa ham insofga kirdim.

Bu orada otam vafot etdi. Otamning vafotidan so‘ng onam bizga “chiqib ketinglar, katta akangni olib kelaman”, deb qoldi. Miyam qizib, nima deyishimni, nima qilishimni bilmay qoldim. Uydan chiqib ketdim. Xotinimning ko‘ziga qarolmasdim. Avtovokzalga borib duch kelgan avtobusga chiqdim. Bu yerlardan, onamning bizga qilayotgan nohaqliklaridan uzoqlarga ketib qolsam, derdim. Bir vaqt xotinim bolamni yetaklab avtobus eshigi oldiga keldi. Hamma yoqdan qidirib, shu yerdan topibdi.

“Qayoqqa ketyapsiz, meni ikkita bola bilan uysiz tashlab, uyimni olib bering-da, ketavering”, dedi. U bilan qaytdim. “Nega niyatingizni shu vaqtgacha aytmadingiz? Topganimizni oldingiz, na o‘zingiz uy-joy qilib berdingiz, na bizning niyatimiz shunday, o‘zlaring uy-joy qilinglar, dedingiz”, deb xotinim birinchi marta onamga qarshi bosh ko‘tardi. Onamning mazasi qochdi. Kechasi bilan ularga qarab chiqqan ayolim ertalab onam o‘ziga kelishi bilan, “nima bo‘lsa bo‘lsin, ketamiz, dadasi”, dedi. Ijaraga uy olib chiqib ketdik, biroq hovli mening nomimda edi.

O‘g‘lim qattiq kasal bo‘lib qoldi. Narsa yesa yutolmay, yeganini qusib, holdan toydi. Doktorlarga ko‘rsatsak, Samarqandga olib bormasalaring bo‘lmaydi, deyishdi. Topganimiz ijaraga, ro‘zg‘orga ketardi. Uyga qarz so‘rab bordim, ammo bir najot topmadim.

Umidsiz qaytib keldim. Xotinim ahvolimni ko‘rgandan tushundi. Uyiga telefon qilib bolam o‘lib qolsa nima qilaman, deb yig‘ladi. Uylarida turgan sigirni sotib, pulini olib kelishdi. Samarqandga borishdan oldin tomog‘ini ham bir ko‘rsataylik, nimadir tiqilib qolmadimikan, dedi qaynim.

Tomog‘ida kichkina suyak bo‘lakchasi sanchilib qolgan ekan. Oldirib kelishimiz bilan o‘ynab ketdi. Shu bilan Samarqandga ham bormadik. Pulni qaytib bergandik, olishmadi. Bir ish boshlanglar, yurishib ketsa qaytararsizlar deyishdi.

Somsa pishirib sota boshladik. Kuniga mingtagacha ketadigan bo‘ldi. Nasibamiz shunda bo‘lgan ekan. Qarzimizni ham qaytardik. Biroz o‘zimizni tiklab olganimizdan so‘ng ota hovlimizning etagidan uy ko‘tardik. Bolalarimizni o‘qitdik. Onam yotib qolganlarida ayolim o‘zi qaradi, undan rozi bo‘lib ketdilar.

Endi yosh o‘tganda o‘sha davrlarni eslab, qilgan ishlarimdan afsuslanaman. Ayolimni vaqtida tushunganimda, avaylaganimda bugun sog‘lig‘ini yo‘qotmagan bo‘larmidi, bolalarimiz ham ikki emas olti nafar bo‘lardi. Taqdir deymiz-u, taqdirimizga o‘zimiz sababchi bo‘larkanmiz. Hozir o‘g‘limga ham, jiyanlarimga ham aytaman. Esing bo‘lsa, xotiningni urma. O‘zing uchun asra. Bir umr kerak bo‘ladi.

Yoshlikda shu aql qayoqda edi, deydi xotinim. Unga oson tutmayman. Kunda dori ichadi, ukol oladi, lekin yuzimga solmaydi. Mening taqdirimni yoshlar o‘qisin, xotinini urmasin. Qaynonalar o‘qisin, keliniga azob berayotganda o‘g‘li ham qiynalishini bilsin”, deya hikoyasini yakunladi otaxon.

Charos Mannonova suhbatlashdi.

Mavzu
Hayotiy hikoyalar
Turfa taqdirlar va umr manzaralari
Barchasi
Top