09:54 / 04.05.2023
75617

Sayyor qabuldagi mojaro: Svetlana Ortiqova fuqaro bilan janjallashib ketdi, murojaatchining muddaosi nima?

Bu yaqinda jamoatchilikka ma’lum bo‘lgan adliya vazirligi xodimi qamoqqa olinishi bilan bog‘liq ish.

3 may kuni Toshkent viloyatining Bo‘ka tumanida tashkillashtirilgan sayyor qabulda mojaroli holat kuzatildi. Bosh prokuror o‘rinbosari Svetlana Ortiqova Nig‘matilla Yo‘ldoshev bilan uchrashmoqchi bo‘lgan ayol va uning qaynotasini rahbarining qabuliga o‘tkazishni istamadi. Murojaatchilar bunga e’tiroz bildirganda esa ularga qo‘pol munosabatda bo‘lib, ichki ishlar xodimlariga ayolni bu yerdan olib ketishni buyurdi.

Murojaatchi Sevara Ravshanova Bosh prokuratura mulozimi bilan o‘rtasida ro‘y bergan mojaroga nima sabab bo‘lganini so‘zlab berdi.

“Svetlana Ortiqova bosh prokuror qabuliga kirishimizga qarshilik qildi. Sayyor qabulga kelganlarni avval bosh prokuror o‘rinbosarlari eshitib ko‘rishayotgan ekan. Tashkilotchilar bizni Svetlana Ortiqovaga yo‘naltirishdi. U dardimizni eshitib, oldin menga murojaat qilmagansizlar, arizani olib qolaman, yordamchilarim ko‘rib chiqishadi deb aytdi.

Holbuki bu paytgacha ayni masala yuzasidan Bosh prokuraturaga 5 marta murojaat qilgandik. Birortasiga javob kelgani yo‘q. Shu sababli O‘zbekiston prezidentiga murojaat qilib, bosh prokuror qabuliga kirish uchun yordam so‘ragandim. 2 may kuni kechqurun Prezident administratsiyasidan qo‘ng‘iroq qilishib, ertaga Bo‘kaga yetib borishimni aytishdi. Shu sababli kelgandim bu yerga. Bizni Svetlana Ortiqova qabul qilsin deganim yo‘q edi hech kimga.

U esa qaynotam ikkimizni bosh prokuror oldiga o‘tkazmadi. Ortiqova arizamizni olib qolib, bizni jo‘natib yubormoqchi bo‘ldi. Shunda qaynotam: “Mayli, unda arizaning ikkinchi nusxasiga murojaatimizni olib qolganingiz haqida qo‘l qo‘yib bering”, deb aytdi. U qo‘l qo‘ymasligi, yordamchisi qo‘l qo‘yib olib qolishini aytdi. Qaynotam bu holda bosh prokuror qabuliga kirishimizga imkon berishini so‘radi. Shunda u ayol: “Siz kimsiz menga buyruq berishga?” deb aytdi.

Uning qaynotamga qilgan muomalasi izzat-nafsimga tegib ketdi. “Muomalangizni to‘g‘rilang. O‘zingiz kimsiz? Menga sizning qabulingiz kerak emas. Faqat bosh prokurorning qabuliga kirish uchun bu yerga keldim” dedim unga. Shu jarayonda Ortiqova qo‘limdagi arizamni shaxsiy hujjatlarim bilan birgalikda yulib olishga harakat qildi. Tabiiyki, men qarshilik ko‘rsatdim. Shu jarayonda ariza yirtilib ketdi. Bundan yanada asabiylashdim”, deydi murojaatchi Kun.uz muxbiri bilan suhbatda.

Fuqaro va Svetlana Ortiqova o‘rtasida yuzaga kelgan mojaro Foto: Kun.uz

Murojaatchilarning muddaosi

Sevara Ravshanova – Adliya vazirligi markaziy apparatida ishlagan, shu yilning 3 fevral kuni qamoqqa olingan Husan Ravshanovning umr yo‘ldoshi. Toshkent viloyati adliya boshqarmasi boshlig‘i Abdumutalib Dadajonovni korrupsiyada ayblash orqali unga tuhmat qilishda gumonlanayotgan Husan Ravshanov hibsda ekanidan jamoatchilik aprel oyiga kelibgina xabar topgandi.

Sevara Ravshanova Foto: Kun.uz

Kun.uz ixtiyoridagi dastlabki tergov hujjatlaridan ko‘rinishicha, Facebook ijtimoiy tarmog‘ida “Sanjar Karimov” nomli akkaunt egasi 2022 yilning 18 aprel kuni o‘z sahifasida maqola e’lon qilgan. Maqolada 2019 yil yanvar oyidan 2022 yil aprel oyiga qadar Andijon viloyati adliya boshqarmasi boshlig‘i bo‘lgan, hozirda Toshkent viloyati adliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlayotgan Abdumutalib Dadajonov pora berishda dalolatchilik qilganlikda ayblangan.

2022 yil 3 may kuni ham “Sanjar Karimov” akkaunti Facebook'da Abdumutalib Dadajonovni og‘ir jinoyat, ya’ni takroran pora olishda ayblagan. Tergov bu ayblovlarni tuhmat deb baholagan.

Sevara Ravshanova Kun.uz muxbiri bilan suhbatda Facebook’dagi “Sanjar Karimov” nomli akkaunt turmush o‘rtog‘iga tegishli emasligini ta’kidladi.

Ishga doir rasmiy hujjatlarda tergov harakatlari davomida Adliya vazirligining Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi bosh maslahatchisi Husan Ravshanovning xizmat xonasidagi foydalanuvida bo‘lgan kompyuterda yuqoridagi holatlarga aloqador mazmundagi fayllar borligi aniqlangani keltiriladi.

Adliya vazirligi bayonotida ham Ravshanov hamkasblarining sha’ni va qadr-qimmatini kamsituvchi ma’lumotlarni ijtimoiy tarmoqlarda tarqatib kelgani aniqlanib, materiallar tegishli huquqni muhofaza qilish idoralariga yuborilgani qayd etilgandi. Ravshanova ham ushbu ma’lumot haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi, umr yo‘ldoshi uchinchi shaxslar fitnasi qurboni bo‘lganini aytmoqda.

“Turmush o‘rtog‘im Adliya vazirligida Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limining bosh maslahatchisi bo‘lib ishlagan. Ularga boshlig‘i qanaqadir ma’lumotlarni tashlab, detallarni bir-biriga moslab, chiroyli qilib, yozib ber va menga tashla, degan. Erim shu ma’lumotlarni yozib, tashlab bergan, xolos. Turmush o‘rtog‘imning ishi buyurtma bo‘lgan, uyushtirilgan”, — deydi u.

Sevara Ravshanova, Sayfiddin Ravshanov Foto: Kun.uz

Sevara Ravshanova turmush o‘rtog‘iga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi hanuz sudga oshirilmagani, gumonlanuvchi 3 fevraldan beri qamoqda ushlab turilganidan norozi bo‘lib Bosh prokuror qabuliga kirishga uchun prezident Shavkat Mirziyoyev nomiga yozgan arizasi ortidan Prezident administratsiyasi tomonidan Bo‘kada tashkil etilgan sayyor qabulga taklif etilgan.

“Turmush o‘rtog‘im 2023 yil 3 fevral kuni 139-modda (Tuhmat) bilan ayblandi. Keyin jinoyat ishiga 237-modda  (Yolg‘on xabar berish) ham qo‘shildi va erimni qamoqqa olishdi. Shundan beri turmush o‘rtog‘im qamoqda. Vaholanki, tergov 15 aprel kuni tugatilgan.

Tergov davomida erim 237-modda bo‘yicha aybsiz ekani tasdiqlandi va ayblovdan bu modda olib tashlandi. Shunga qaramasdan, erim haligacha qamoqda saqlanmoqda. Bu ish bo‘yicha tergov xulosasi berilgan, tergov yakun bo‘lgan. Lekin erim haligacha qo‘yib yuborilmayapti. Ish sudga oshmayapti”, – deya bosh prokurorga muddaosini bayon qildi Sevara Ravshanova.

Murojaat bosh prokuror nazoratiga olindi

Nig‘matilla Yo‘ldoshev, O‘zbekiston bosh prokurori Foto: Kun.uz

Sevara Ravshanova Bosh prokuror qabulida ichki ishlar va prokuratura xodimlari uni “koptok qilishayotgani”, turmush o‘rtog‘ining ishi qachon sudga oshishi haqidagi oddiy ma’lumotni advokatlarga ham aytishmayotganini bildirdi.

“Mayli, erimning aybi bo‘lsa, sudga chiqarishsin. Masalani sud ko‘rib chiqsin. Ammo nega tergovni yakunlasa-da, ishni sudga oshirmay hali-hamon ushlab turishgani noaniq”, — deya yozg‘iradi ayol.

Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev arizachining ko‘z o‘ngida mas’ullarga qo‘ng‘iroq qilib, tergovi yakunlangan ish nega haligacha sudga chiqmaganiga aniqlik kiritdi.

Bosh prokuror qo‘ng‘iroq qilgan mansabdor Ravshan Husanovga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha tergov xulosasi 28 aprel kuni sudga yuborilganini ma’lum qildi.

Sevara Ravshanova Nig‘matilla Yo‘ldoshevdan eriga nisbatan qo‘llangan qamoq ehtiyot chorasi o‘zgartirilishida amaliy yordam so‘radi. Bosh prokuror ushbu murojaatni shaxsan nazoratga olishi, yon daftarchasiga ariza tafsilotlarini yozib olganini, yordam berishga harakat qilishini bildirdi.

Kun.uz voqea tafsilotlarini kuzatishda, davlat mulozimlari so‘zlarining uddasidan qanchalik chiqishini o‘rganishda davom etadi.

Top