14:31 / 13.05.2023
6519

To‘lov tashkilotlarini litsenziyalash tartibi tasdiqlandi

Foto: Getty Images

Markaziy bank boshqaruvining qarori bilan To‘lov tizimi operatorlari va to‘lov tashkilotlari faoliyatini litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Nizom quyidagilarni nazarda tutadi:

  • litsenziya olish talablari va shartlari;
  • to‘lov tashkilotining muassislari, rahbarlari va ustav fondiga (ustav kapitaliga) qo‘yiladigan talablar;
  • tashkiliy, texnik, xavfsizlik hamda faoliyatning uzluksizligiga doir talablar;
  • litsenziya olish uchun taqdim etiladigan hujjatlar ro‘yxati;
  • arizani ko‘rib chiqish, litsenziya berish yoki uni berishni rad etish tartibi;
  • litsenziyani qayta rasmiylashtirish, uning amal qilishini to‘xtatib turish va litsenziyani chaqirib olish tartibi.

O‘zbekiston rezidentlari bo‘lgan yuridik va jismoniy shaxslar hamda norezident yuridik va jismoniy shaxslar to‘lov tizimi operatori yoki to‘lov tashkiloti muassislari (ishtirokchilari yoki aksiyadorlari) bo‘lishi mumkin.

Xalqaro moliya institutlari, chet el banklari hamda chet el to‘lov tizimi operatorlari va to‘lov tashkilotlari hisoblanmaydigan norezident yuridik shaxslar hamda norezident jismoniy shaxslarning to‘lov tizimi operatori va to‘lov tashkiloti ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) jami ulushi 50 foizdan oshmasligi kerak.

To‘lov tizimi operatori va to‘lov tashkiloti ijro etuvchi organlarining rahbarlari: oliy ma’lumotga ega bo‘lishi, bank-moliya sohasida yoki AKT sohasida kamida ikki yillik tajribaga ega bo‘lishi; nizomda belgilangan ishchanlik obro‘siga doir talablarga muvofiq bo‘lishi kerak.

Lisenziya Markaziy bank tomonidan cheklanmagan muddatga beriladi. To‘lov tizimi operatorlari va to‘lov tashkilotlari faoliyatini amalga oshirish huquqi litsenziya berilgan vaqtdan boshlab vujudga keladi. Lisenziya berilganligi uchun “Davlat boji to‘g‘risida”gi qonunda belgilangan miqdorida davlat boji undiriladi.

Top