07:39 / 16.05.2023
14987

Yevropa RFga sanksiyalarni aylanib o‘tishda yordam berayotgan davlatlarga eksportni cheklashi mumkin

Yevropa Ittifoqi ko‘hna qit’ada ishlab chiqarilgan tovarlarni Rossiya orqali tranzit qilishni muhokama qilmoqda, degan Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen matbuot anjumanida.

Skrinshot Youtube/European Commission

Bundan tashqari, Yevrokomissiya rahbari Moskvaga sanksiyalarni aylanib o‘tishda yordam qilganlikda gumonlanayotgan davlatlarga eksportlar ham cheklanishi mumkinligi ta’kidlab o‘tgan.

O‘tgan hafta Financial Times gazetasi Yevropadan Armaniston, Qozog‘iston va Qirg‘izistonga yetkazilishi mo‘ljallangan jami 1 mlrd yevrolik tovarlar Rossiya orqali tranzit qilish jarayonida yo‘qolib qolganini yozib chiqqan edi. Nashrning ma’lumotiga ko‘ra, bu hodisa “xayoliy savdo” deb ataladi va Ukrainada urush boshlanganidan buyon Rossiya orqali boshqa davlatlarga yetkazilayotgan ikkilamchi maqsaddagi tovarlarning teng yarmi yo‘qolib qolmoqda.

2022 yilda Yevropa Ittifoqidan MDH davlatlariga mahsulotlar yetkazib berish hajmi anomal ravishda o‘sgan, deyishmoqda ekspertlar. Ayniqsa, Rossiyaga olib kirilishi taqiqlangan tovarlar borasida bu o‘sish yaqqol ko‘zga tashlanadi. Bunday tovarlarning Yevroittifoqdan Belarus, Armaniston, Qozog‘iston, Gurjiston, O‘zbekiston va Qirg‘izistonga eksporti 2022 yilning martidan noyabrigacha qariyb ikki barobarga o‘sgan. Bundan yaqqol xulosa kelib chiqadi: MDH davlatlariga hajmi oshgan eksport mahsulotlarining katta qismi Rossiyaga yo‘naltirilmoqda.

Financial Times fikricha, bu tuynukni yopish oson bo‘lmaydi. Biroq, Yevropa Ittifoqi bunga sanksiyalarning 11-paketi doirasida urinib ko‘rmoqchi.

Avvalroq Yevrokomissiya Rossiyaga qarshi sanksiyalarni chetlab o‘tishning oldini olish uchun Yevropa Ittifoqidan uchinchi davlatlarga eksportga cheklovlar joriy etishni taklif qilayotgani xabar qilingan edi.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top