18:24 / 18.05.2023
12886

Tanzila Norboyeva: “Yoshlarni munosib mehnat, munosib ish haqi va xavfsiz mehnat sharoitlari bilan ta’minlashimiz zarur”

Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining Samarqandda bo‘lib o‘tayotgan yig‘ilishi doirasida “Yangi ko‘nikmalar yo‘li – Markaziy Osiyoda inson kapitalini shakllantirish” mavzusida muhokama o‘tkazildi. Unda xalqaro ekspertlar bilan birgalikda Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva ham ishtirok etdi.

Foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati

Muhokamalar davomida mamlakatlar aholisining o‘sib borayotgan, yosh va boshqa qatlamlari salohiyatidan qay tarzda samarali foydalanish hamda mazkur salohiyatni qanday qilib barqaror o‘sish katalizatoriga aylantirish mumkinligi yuzasidan fikr almashilgan

Xususan, professional ta’limni yangi yondashuvlar asosida tashkil etish, aholini, ayniqsa, yoshlarni zamonaviy kasblarga o‘rgatish, bunda xususiy sektor ulushini oshirish, bu doiradagi barcha jarayonlarning qonuniy asoslarini takomillashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.

Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki O‘zbekistonda 10 dan ortiq loyihalar doirasida yoshlarimizning salohiyatini oshirishga, ya’ni inson kapitalini rivojlantirishga katta ko‘mak bermoqda. Mamlakatimiz demografik jihatdan tez o‘sib bormoqda. Har yili 600 ming yoshlar mehnat bozoriga kirib kelmoqda. Ularning barchasini o‘qitishimiz va kasbga tayyorlashimiz, shu bilan birga munosib mehnat, munosib ish haqi va xavfsiz mehnat sharoitlari bilan ta’minlashimiz zarur. Albatta, bu yo‘nalishda va biz uchun strategik ahamiyatli bo‘lgan boshqa masalalarda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan izchil va samarali hamkorlik qilishimiz nihoyatda muhim”, — deya fikr bildirgan Senat raisi muhokamalar jarayonida.

YeTTB yig‘ilishi doirasida xalqaro savdo, energetika xavfsizligi, qayta tiklanadigan energiya manbalari, kichik va o‘rta biznesning iqtisodiyot uchun ahamiyati, rivojlanayotgan bozorlarda raqamlashtirish kabi yo‘nalishlarda ham xalqaro mutaxassis va ekspertlar ishtirokida muhokamalar tashkil etilgan.

Top