14:36 / 21.05.2023
32494

Baxmut. Shahar uchun janglarning 10 oyi - suratlarda

Prigojin shahar to‘liq ishg‘ol etilganini aytmoqda, Ukraina mudofaa vazirligi vaziyat - «kritik» tus olganini tan olgan.

20 may kuni «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi rahbari Yevgeniy Prigojin Donetsk oblastining Baxmut shahri o‘z yollanma jangchilari tomonidan to‘liq egallangani haqida xabar berdi. U shuningdek shaharning vayron bo‘lgan kvartallarida ko‘tarilgan Rossiya bayroqlari videosini ham e’lon qildi. RF mudofaa vazirligi bilan mojarolashgan Prigojin uning guruhi Rossiya armiyasining qolgan bo‘linmalari ishtirokisiz amaliyot o‘tkazib, bu orqali muntazam armiyaga «o‘ziga kelib olish» uchun imkon berganini ta’kidladi.

Avvaliga Ukraina tomoni «Vagner» XHKning bayonotlarini qat’iyan rad etdi: Ukraina QK Sharqiy qo‘shinlar guruhi spikeri Sergey Cherevatiy Rossiya kuchlari Baxmutni o‘z nazoratiga olgani to‘g‘risidagi xabarni rad etib, ukrain harbiylari «Baxmut uchun jangni davom ettirayotgani»ni aytib chiqdi. Keyinroq Ukraina mudofaa vaziri o‘rinbosari Anna Malyar vaziyat «kritik» tus olganini tan oldi va ukrain harbiylari shaharning so‘nggi uchastkasi — «Samolyot rayoni»ni ushlab turganini ma’lum qildi. Hozirda Yaponiyaning Hiroshima shahrida G7 sammitida ishtirok etayotgan Volodimir Zelenskiy jurnalistning savoliga javoban Baxmut boy berilgani haqidagi xabarlarni rad etdi: «Menimcha, yo‘q. Siz u yerda hech narsa yo‘qligini tushunishingiz kerak. Ular [Rossiya] barchasini vayron qilishdi. Birorta bino qolmadi. Qattiq afsus. Bu fojia. Bugungi kunda Baxmut faqat qalbimizdadir».

Ukraina mudofaa vaziri o‘rinbosari Anna Malyar esa Rossiya qo‘shinlari Baxmutni o‘rab ololmagani va ular shahar atrofidagi tepaliklarning bir qismini boy berganini ma’lum qildi. Malyarning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina QK Baxmutni yarim qurshov holatiga tushirgan, shaharning egallangan hududlarida turgan Rossiya qismlari esa mudofaalanishiga to‘g‘ri kelmoqda.

Front chizig‘i 2022 yil avgustida Baxmutga yaqinlashib kelgandi — shahar uchun og‘ir janglar kuzda boshlangandi. Keng ko‘lamli bosqinga qadar 70 mingdan ortiq kishi yashagan Baxmut bugunga kelib butkul vayron qilingan. Quyida shahardagi harbiy harakatlar xronologiyasi aks etgan suratlar.

Baxmut 2022 yil 15 may kuni qanday ko‘rinishda bo‘lganini ko‘rsatuvchi sun’iy yo‘ldosh tasviri. O‘sha kunlarda front chizig‘i shahardan taxminan 30 kilometr naridan o‘tardi
Maxar Technologies / Reuters / Scanpix / LETA
Baxmutlik kishi shahar chetida yonayotgan uy oldidan o‘tmoqda. 2022 yil 27 iyul
Bulent Kilic / AFP / Scanpix / LETA
2022 yil 11 oktyabr, Baxmutka daryosi ustidagi vayron qilingan ko‘prik. Bu vaqtda shahar to‘liq ukrain harbiylari tomonidan nazorat qilinayotgan, ammo rossiyaliklar muntazam ravishda shaharni o‘qqa tutayotgandi.
Yasuyochi Chiba / AFP / Scanpix / LETA
Ukrainlar ​​​​ «Grad» baravar o‘t ochish reaktiv tizimidan rossiyaliklarning shahar atrofidagi pozitsiyalarini o‘qqa tutmoqda. 2022 yil 24 noyabr. Foto: Libkos / AP / Scanpix / LETA
Baxmut markazida yonayotgan bino. Shu va boshqa ko‘plab uylarda — jumladan tinch aholi vakillari qolgan uylarda ham — rossiyaliklarning zarbalari oqibatida muntazam ravishda yong‘inlar yuzaga kelgan. 2022 yil 23 dekabr
Diego Herrera Carcedo / Anadolu Agency / ABACAPRESS / ddp images / Vida Press
Ukrainalik harbiylar mahalliy aholi vakillaridan birini evakuatsiya qilishga urinayotganida minomyot minasi portladi. 2022 yil 28 dekabr. Foto: Pierre Crom / Getty Images
Ukrainalik harbiy xizmatchiga birinchi yordam ko‘rsatilmoqda. Vrachlar uni qutqarib qola olishmaydi. 2023 yil 9 yanvar
Evgeniy Maloletka / AP / Scanpix / LETA
Shahar atrofida harakatlanayotgan harbiy vertolyot. 2023 yil 17 yanvar
Anatolii Stepanov / AFP / Scanpix / LETA
Baxmut atrofidagi oldingi chiziqda turgan ukrain harbiylari, 2023 yil 5 mart. Bu vaqtga kelib ukrain qo‘shini shimoliy va janubiy qanotlardagi pozitsiyalarni boy bergan va shaharning o‘zi qurshov xavfi ostida qolgandi.
Libkos / AP / Scanpix / LETA
Ukrainalik harbiy shifokorlar shahar hududida yaralangan harbiy xizmatchini evakuatsiya qilmoqda. 2023 yil 23 mart
Aris Messinis / AFP / Scanpix / LETA
«Vagner» XHK yollanma jangchilari janglar vaqtida vayron bo‘lgan uy yonidan o‘tishmoqda. Bu surat olingan 25 martga kelib Baxmut frontning eng qaynoq nuqtasiga aylangandi — xususiy harbiy kompaniya uni shturm qilish harakatlarini to‘xtatmadi.
Valentin Sprinchak/TASS
Ukraina piyodalar jangovar mashinasi (BMP) Baxmut atrofida. Ortda janglar va aholi yashash kvartallari o‘qqa tutilishi oqibatida chiqqan yong‘indan ko‘tarilgan tutun ko‘rinmoqda. 2023 yil 6 aprel
Oleksandr Klymenko / Reuters / Scanpix / LETA
«Vagner»ning T-90M tanki shaharning yollanma jangchilar egallab olgan chekkasida. 2023 yil 11 aprel
Valentin Sprinchak / TASS
Rossiyaliklarning navbatdagi zarbasi oqibatida halok bo‘lgan mahalliy aholi vakilining qabri. U turar joylar o‘rtasidagi maydonga ko‘milgan. Bu foto olingan 2023 yil 12 apreliga kelib, Rossiya kuchlari shaharning katta qismini nazorat qilayotgandi.
Iryna Rubakova / AP / Scanpix / LETA
Baxmutning 2023 yil 8 may kuni sun’iy yo‘ldosh orqali olingan tasviri shahar 10 oy davom etgan janglar va otishmalar oqibatida amalda butkul vayron bo‘lganini ko‘rsatmoqda.
Maxar Technologies / Reuters / Scanpix / LETA
Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top