22:00 / 21.05.2023
35087

Toshkentda yo‘lovchi avtobus butkul yonib ketdi

«Ashxobod» istirohat bog‘i chorrahasi yaqinida Mersedes benz avtobusida yong‘in chiqdi. Hodisaga elektr simlaridagi qisqa tutashuv sabab bo‘lgan.

Foto: Videodan kadr

21 may kuni tarmoqlarda Mersedez benz rusumli 96-avtobusda yong‘in ro‘y bergani aks etgan videolar tarqaldi. «Toshshahartransxizmat» AJning ma’lum qilishicha, 2-avtobus saroyi filiali tasarrufidagi bu avtobus 2012 yil ishlab chiqarilgan bo‘lib, tasarruf boshidan buyon 882 ming 589 km masofani bosib o‘tgan.

Qayd etilishicha, avtobus haydovchisi Yashnobod tumani «Ashxobod» istirohat bog‘i chorrahasidan harakatlanib borayotgan vaqtda transportning elektr simlarida qisqa tutashuv yuzaga kelib, elektr simlarining yonishi sodir bo‘lgan. Bu holatda haydovchi birlamchi yong‘in o‘chirish vositasi yordamida zudlik bilan yong‘inni o‘chirishga harakat qilgan, ammo yong‘in kuchayib, uni o‘chirishning imkoni bo‘lmagan. Avtobus to‘liq yonib ketgan.

Voqea joyiga yong‘in-qutqaruv bo‘linmalari xodimlari yetib borib, yong‘inni bartaraf etishgan. Hodisa oqibatida jabrlanganlar va jarohat olganlar yo‘q.

«Hozirda «Toshshahartransxizmat» AJning ishlab chiqarish texnik bo‘limi xodimlari tomonidan xizmat tekshiruvi olib borilmoqda», – deyiladi xabarda.

Avtobus yong‘inlari odatga aylanmoqda

Joriy yilda bungacha ham bir necha bor jamoat transportining eski tarkiblaridagi Mersedez benz avtobuslarda yong‘inlar kuzatilgandi. 26 yanvar kuni Toshkent halqa yo‘lidan qatnovchi, Chorsu-Chilonzor buyum bozori yo‘nalishidagi 147-avtobusda yong‘in kelib chiqqandi.

2 kun o‘tib, 28 yanvarda Yakkasaroy tumani «Qushbegi» MFY Shota Rustaveli ko‘chasida Mersedez benz’da yong‘in sodir bo‘lgandi.

29 aprelda esa Rakat mahallasi Muqimiy ko‘chasida harakatlanib ketayotgan Mersedez benz’da ham yong‘in yuzaga kelgan edi.

Top