07:45 / 22.05.2023
12116

Quriyotgan ko‘llar: insonlar, iqlim o‘zgarishi va xo‘jasizlarcha foydalanish oqibatida trillionlab litr suv yo‘qotilmoqda

Iqlim o‘zgarishi tufayli sayyoramiz haroratining oshib borayotgani va 1990-yillar boshidan buyon insonlar tomonidan suv taqsimotiga kuchli ta’sir o‘tkazilishi jahondagi ko‘llar suvining yiliga millionlab gallonga kamayayotganiga olib keldi.

Associstaed Press nashri tomonidan e’lon qilingan yangi tadqiqotga ko‘ra, jahondagi 2000 dan ziyod ko‘llar puxta o‘rganib chiqilganda ular yiliga 5,7 trillion gallon suv yo‘qotmoqda.

Bu 1992 yildan 2020 yilgacha jahon AQShning Nevada shtatidagi eng yirik suv ombori bo‘lmish Mids ko‘lidan 17 tasini yo‘q qilganini anglatadi. Bu miqdor AQSh 2015 yilda ishlatgan jami suv hajmiga ham teng.

Hattoki yog‘in-sochin ko‘p bo‘ladigan hududlarda ham ko‘llar qurib qolmoqda. Science jurnalida e’lon qilingan tadqiqotlarga ko‘ra, bunga bosh sabab — ko‘llardan suvlarning me’yordan ziyod bug‘lanishiga sabab bo‘layotgan issiq va quruq havo hamda suvlarni qishloq xo‘jaligi, elektr stansiyalari va ichish uchun olayotgan odamlar tufayli ro‘y bermoqda.

Mualliflar tabiiy hol sifatida uchinchi sababni ham tilga olishgan: yog‘in-sochinlarning kamaygani tufayli daryo o‘zanlarining o‘zgarishi. Lekin shu ham iqlim o‘zgarishi tufayli vujudga kelgan. Tadqiqotda aytilishicha, mana shu sabab Erondagi Urmiya ko‘li yiliga 1,05 trillion litr suv yo‘qotayotganining bosh sababi.

Erondagi Urmiya daryosi sathining yillar davomida o‘zgarishi. Foto: https: fotojoin.ru

Tadqiqot mualliflarining so‘zlariga ko‘ra, ko‘llar sonining kamayishi joylar to‘satdan ichimlik suvisiz qolishini anglatmaydi, lekin bu ko‘l suvlari uchun raqobatning oshishiga olib kelishi mumkin. Chunki bu suvlar hidroenergetika va dam olishda, masalan qayiqda suzishda ham ishlatiladi.

«Ko‘llar sathining kamayishi teng yarim holatlarda insonning iste’moli va bevosita inson aralashuvi tufayli hosil bo‘lgan iqlim o‘zgarishlari bilan bog‘liq», — degan tadqiqotning bosh muallifi, Kolorado universiteti iqlimshunosi Fangfang Yao.

Ko‘llardan suvlarning olinishi — suv kamayishining to‘g‘ridan to‘g‘ri inson bilan bog‘liq omili — juda keng miqyosda va sezilarli ekani ehtimoli katta, chunki u «juda keskin, ma’lum bir hududni qamrab oladi va chindan ham landshaft o‘zgarishiga sabab bo‘ladi», — degan tadqiqot hammuallifi, Kolorado universiteti hidrologi Ben Livne.

Biroq sath qisqarishining issiq havo hamda iqlim o‘zgarishi tufayli yuz berishi «global yopirilma effekt hosilasi bo‘lib, barcha joyga yoki joylarning aksariyatiga o‘z ta’sirini o‘tkazadi», — degan Livne xonim. Professor Yaoning fikricha, Kaliforniyadagi Mono ko‘li — bunday suv qisqarishiga yaxshi misol bo‘la oladi.

Kaliforniyadagi qurib borayotgan Mono ko‘li. Foto: tanya-zharkova.livejournal.com

Hattoki iqlim o‘zgarishi tufayli tobora namlik darajasi oshib borayotgan hududlarda ham ko‘llarning suvi qurimoqda, chunki issiq havo ko‘llardagi suvlarning bug‘lanishini kuchaytirmoqda. Bu degani havoda qor yoki yomg‘ir sifatida qaytib tushishi mumkin bo‘lgan namlik miqdori ortadi, lekin «alaloqibat u bug‘langan joydan uzoqda yoki okeanlar uzra yog‘ishi mumkin», — deb yozadi Livne.

Yao, Livne va ularning hamkasblari so‘nggi 30 yillik sun’iy yo‘ldosh kuzatuvlari, iqlimga doir ma’lumotlar va kompyuter modellashtirishidan foydalanib, ko‘llar bilan nima hodisa yuz berayotganini aniqlashga urinib ko‘rishdi. Aniqlanishicha, ularning yarmisidan ko‘pida suv miqdori shu qadar kamayganki, ularni aslo tasodif deb atash mumkin emas, ularning barchasi statistik jihatdan muhim ma’lumot hisoblanadi.

Yaoning so‘zlariga ko‘ra, AQShda Mid (Mead) ko‘li 1992 yildan 2020 yilgacha o‘z suvining uchdan ikki qismini yo‘qotgan. Shu vaqtning o‘zida Buyuk tuzli ko‘li ham sezilarli qisqargan. Buyuk ko‘llar esa avval 1992 yildan 2013 yilgacha qisqarib, keyin bir maromga tushib, so‘ngra yana kengaya boshlagan.

Mid ko‘li. Foto: webuildvalue.com
Foto 004. Buyuk tuzli ko‘l. Foto: evenmagazine.com

Yana bir muammo shundan iboratki, quriyotgan ko‘llar yuqoridan oqib kelayotgan daryolardan gil va loyqa cho‘kindilariga to‘lib qolmoqda.

Olimlar anchadan buyon iqlim o‘zgarishi, suvdan foydalanish va yog‘in-sochin bilan bog‘liq muammolar haqida bong urib kelishmoqda, «biroq Yao va uning hamkasblari tomonidan taqdim etilgan, katta ko‘llarning suv sathi bilan bog‘liq muammolar yangi hisoblanadi va ular avvalgi tadqiqotlarga nisbatan to‘liqroq manzara ochib beradi», — degan Shimoliy Karolina universitetining tadqiqotda ishtirok etmagan hidrologiya professori Tamlin Pavelski.

«Meni ko‘proq ekologik jihatdan muhim bo‘lgan va boshqa sifatli suv manbai mavjud bo‘lmagan hududlardagi ko‘llarning taqdiri tashvishlantirib keladi. Erondagi Urmiya ko‘li, O‘lik dengiz, Solton dengizi... ularning barchasi kishida tashvish uyg‘otadi», — degan Pavelski.

Vaziyat tobora yomonlashib borishi ehtimoli katta, chunki iqlim isib borayotgan sharoitda tobora o‘sib borayotgan insoniyat jamiyatiga ko‘proq suv kerak, ko‘proq suv omborlari talab etilmoqda, — degan Los-Anjyelesdagi Kaliforniya universitetining tadqiqotda ishtirok etmagan iqlimshunos-hidrologi Park Uilyams.

Top