15:11 / 27.05.2023
23908

Halima Yoqub Toshkentdagi restoranlardan biriga bordi. Eri doira chaldi

Singapur prezidenti Halima Yoqub turmush o‘rtog‘i Muhammad Abdulla Alhabshi bilan O‘zbekiston poytaxtidagi restoranlardan biriga tashrif buyurdi. Ijtimoiy tarmoqlarda tegishli kadrlar paydo bo‘ldi.

Halima Yoqub Toshkentdagi restoranlardan birida

Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining yozishicha, ular u yerda O‘zbekiston rasmiy vakillari ishtirokisiz kechki ovqatni tanovul qilgan, musiqachilar bilan suratga tushgan, Halima Yoqub esa mehmonlar kitobiga yozuv qoldirgan. 

«Ajoyib kechki ovqat, musiqa va atmosfera uchun rahmat. Bizga kechki ovqat juda yoqdi», — deb yozgan Singapur prezidenti. 

Muhammad Abdulla Alhabshi musiqachilar bilan birga doira chalgan. 

Qalampir nashri Singapur prezidenti kechki ovqatni tanovul qilgan restoranda «bayramona» palovning bir porsiyasi 59 ming so‘m, shilpildoq - 68 ming so‘m, kotlet - 14 ming so‘m, manti - 7 ming so‘m ekaniga e’tibor qaratdi. 

Shu bilan birga, 2022 yil 24-26 mart kunlari bo‘lib o‘tgan Toshkent xalqaro investitsiya forumini tashkil etish uchun kamida 15 milliard so‘m sarflandi. 

O‘shanda amaldorlar mas’uliyati cheklangan jamiyatlaridan biri bilan 1,5 litrli Coca-Cola’ni 32 ming so‘mdan, sharbatlarni esa 48 ming so‘mdan sotib olish bo‘yicha shartnoma imzolagan. 

Forum dasturxonida berilgan ba’zi taomlar uchun narxlar quyidagicha hisoblangan: 

  • 1 dona somsa – 70 ming so‘m;
  • 1 porsiya palov – 80 ming so‘mdan 130 ming so‘mgacha;
  • norinning 1 porsiyasi – 130 ming so‘m;
  • 1 porsiya mastava – 50 ming so‘m;
  • 1 dona sabzavot assortisi – 100 ming so‘m.

Shuningdek, 8-9 sentabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan parlamentlararo ittifoqqa a’zo davlatlar yetakchi ayollarining 14-sammitiga tashrif buyurgan mehmonlarning ovqati uchun Oliy Majlis Senati tomonidan 1 milliard 56 million so‘mdan ortiq mablag‘ sarflandi. Kechki ovqat uchun mo‘ljallangan go‘shtli assorti, dudlangan losos va pishloq soliq to‘lovchilarga qariyb 90 million so‘mga tushdi. 

Top