10:03 / 29.05.2023
16980

Xitoyning birinchi yo‘lovchi samolyoti ilk parvozini amalga oshirdi

Xitoyning Comac aviasozlik kompaniyasiga tegishli C919 yo‘lovchi samolyoti Shanhay - Pekin yo‘nalishi bo‘yicha birinchi tijoriy parvozni amalga oshirdi. Samolyot Xitoyda ishlab chiqarilgan, ammo dvigatel va avionika import qilinadi.

Foto: CNS/AFP via Getty Images

Xitoyda ishlab chiqarilgan birinchi yo‘lovchi samolyoti ilk tijorat parvozini amalga oshirdi. China Eastern Airlines aviakompaniyasining C919 rusumli layneri 28 may, yakshanba kuni Shanhay – Pekin yo‘nalishi bo‘yicha harakatlandi.

164 nafar yo‘lovchini sig‘dira oladigan samolyotda 130 kishi bo‘lgan. Parvoz davomida yo‘lovchilar Xitoy bayroqlarini ko‘tarib, vatanparvarlik ruhidagi qo‘shiqlar kuylashdi. CCTV davlat telekanali reys Xitoy poytaxtiga belgilangan muddatdan 40 daqiqa oldin yetib kelganini qayd etdi.

C919 samolyot Comac aviasozlik kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan va Boeing 737 Max hamda Airbus A320 bilan raqobatlasha oladi. U o‘rta masofaga - 5500 kilometrgacha parvozlarni amalga oshirishga qodir.

Garchi bu Xitoyda ishlab chiqarilgan samolyot bo‘lsa-da, u xorijiy komponentlar va texnologiyalarga bog‘liq. Xususan, C919 dvigatellari va avionikalari import qilinadi. Dvigatellar Amerikaning General Electric korporatsiyasi va Fransiyaning Safran kompaniyasi o‘rtasidagi qo‘shma korxona tomonidan ishlab chiqariladi.

Top