Jahon | 09:29 / 06.11.2025
1908
4 daqiqa o‘qiladi

AQShda UPS samolyoti halokati qurbonlari soni 12 nafarga yetdi

UPS logistika kompaniyasiga tegishli McDonnell Douglas MD-11 samolyoti Kentukki shtatidagi Luisvill aeroportidan parvoz qilganidan ko‘p o‘tmay qulagan va yong‘in kelib chiqqan. Kamida 12 kishi halok bo‘lgan.

Foto: X / GovAndyBeshear

AQShning Kentukki shtatida yuz bergan yuk samolyoti halokati oqibatida vafot etganlar soni kamida 12 nafarga yetdi. Bu haqda shtat gubernatori Endi Beshir 5 noyabr kungi bayonotida ma’lum qildi.

4 noyabr kuni Luisvill shahri hududida sodir bo‘lgan halokat sabablari hali aniqlanmagan. Bir necha bedarak yo‘qolganlarni qidirish ishlari davom etmoqda.

Federal fuqarolik aviatsiyasi boshqarmasi (FAA) ma’lumotiga ko‘ra, McDonnell Douglas MD-11 samolyoti Muhammad Ali nomidagi Luisvill xalqaro aeroportidan mahalliy vaqt bilan soat 17:15 (Toshkent vaqti bilan 03:15)da parvoz qilgan. Hodisa joyidan olingan kadrlarda samolyot uchish-qo‘nish yo‘lagidan uncha uzoq bo‘lmagan masofaga qulab, yong‘in chiqqanini va havo kemasi ulkan “olov”ga aylanganini ko‘rish mumkin.

Samolyot yaqinda uchgani va uzoq masofaga reysga tayyorlanayotgani bois, yonilg‘i baklari, taxminan, to‘liq to‘ldirilgan bo‘lgan. Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, yuk layneri aeroportdan taxminan besh kilometr janub tomonga qulagan.

Milliy transport xavfsizligi kengashi (NsB) aviahalokatni tekshirish uchun Luisvillga tezkor guruhlar yo‘lladi. NsB vakili 5 noyabr kuni jurnalistlarga ma’lum qilishicha, tergovchilar aeroport videokuzatuv kameralari yozuvlarini tahlil qilgan. Ularda uchish paytida samolyotning chap dvigateli qanotdan ajralib ketgani ko‘rinadi. Bort yozuvi va ekipaj kabinasi diktofoni aniqlanib, tahlil uchun Vashingtonga yuborilgan.

Amerikalik logistika kompaniyasi UPS ma’lum qilishicha, unga tegishli yuk samolyoti bortida uch nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan. FAAga ko‘ra, samolyot uzoq masofali reysni amalga oshirayotgan va Havayi orollaridagi Honolulu aeroportiga yo‘l olgan edi.

Halokat joyidan olingan kadrlarda ulkan olov va osmonga bo‘y cho‘zgan tutun ustunlari ko‘rinadi. Hokimiyat ma’lumoticha, samolyot chiqindilarni qayta ishlash va avtoqismlar savdosi korxonalari joylashgan hududga qulagan.

Qulagan paytda u yerda qancha xodim yoki mijozlar bo‘lgani noma’lum. Gubernator Beshir so‘zlariga ko‘ra, ikki nafar xodim bedarak yo‘qolganlar sifatida qidirilmoqda. Qutqaruvchilar vayrona ostidan jabrlanuvchilarni izlash ishlarini davom ettirmoqda.

Politsiya seshanba kuni halokat sodir bo‘lgan hudud bir qismida komendantlik soatini joriy qildi. “Vaziyat jiddiy”, — deb yozdi 4 noyabr kuni gubernator Beshir X platformasida Luisvillga yo‘l olganini qo‘shimcha qilar ekan. Aviahalokatdan keyin aeroport yopilgan. Luisvillga parvozlar va qo‘nishlar to‘xtatilgan.

Luisvillardagi aviahalokat AQSh tarixidagi eng uzoq davom etgan “shatdaun” avjida ro‘y berdi. Bir oydan beri cho‘zilayotgan budjet inqirozi tufayli transport vaziri Shon Daffi halokatdan oz fursat oldin aviadispetcherlar mehnatiga haq to‘lash uchun mablag‘ yetishmasligi sabab havo hududi yopilishi mumkinligidan ogohlantirgan edi. Daffining 5 noyabr kuni aytishicha, 7 noyabrdan mamlakat bo‘ylab 40 ta aeroportda rejali aviaqatnovlar 10 foizga qisqaradi.

Mavzuga oid