Texnologiya | 19:03 / 29.10.2025
9625
4 daqiqa o‘qiladi

NASA shovqinsiz va tovushdan tez uchuvchi samolyotining ilk sinov parvozini o‘tkazdi

X-59 Supersonic samolyotining o‘ziga xos shakli – havo to‘siqlarini yorishdagi portlash kabi tovushni «mashina eshigini yopilgandagi kabi past darajaga» tushiradi. Kompaniyaga ko‘ra, sinovlar yakunlangach u yo‘lovchi samolyotlaridan ikki baravar tezroq va balandroq uchadi.

Foto: Reuters

28 oktabr kuni NASA'ning tovushdan tez uchuvchi, kam shovqinli X-59 samolyoti Janubiy Kaliforniya cho‘llari uzra birinchi sinov parvozini amalga oshirdi. Ovoz tezligini deyarli shovqinsiz yorishga mo‘ljallangan ushbu eksperimental samolyot tijorat aviaqatnovlarini tezlashtirish yo‘lida muhim qadam bo‘lishi aytilmoqda.

Foto: Reuters

NASA uchun Lockhead Martin kompaniyasi tomonidan yasalgan ushbu samolyot o‘zining noodatiy shakli bilan farq qiladi. Samolyotning o‘ziga xos shakli odatda havo to‘siqlarini yorishda yuzaga keladigan portlashga o‘xshash tovushni keskin kamaytiradi: «Tovush darajasi mashina eshigi yopilgandagi kabi past darajaga”cha tushiriladi.

Reuters’ning kompaniya rasmiylariga tayanib yozishicha, aynan shu past shovqinli texnologiyani mukammallashtirish ustida ishlanmoqda. Bu – aholi punktlari ustida shovqin bo‘yicha xavotirlar tufayli cheklangan «supersonic» tijoriy parvozlarning asosiy to‘sig‘ini bartaraf etadi.

«Samolyotni chizmalardan havoga olib chiqish arzonga tushmadi. NASA 2018 yildan buyon X-59'ni ishlab chiqish va sinovdan o‘tkazish uchun Lockhead kompaniyasiga 518 million dollardan ortiq mablag‘ to‘lagan», deyiladi bayonotda.

Foto: Reuters

Bitta dvigatelli bu samolyot — burnidan dumigacha qariyb 30 metr. U ilk parvozi davomida kutilganidek, tovushdan past tezlikda uchdi va 370 km/soat tezlikka erishdi. Parvoz chog‘idagi eng yuqori balandlik esa 12 000 fut – 3 ming 660 metrni tashkil qildi. NASA'ning X-59 bo‘yicha yetakchi sinov uchuvchisi Nils Larson ushbu parvozda bir o‘rinli kabinada boshqaruvda bo‘lgan.

Foto: Reuters

«X-59 bugun ertalab ilk parvozini muvaffaqiyatli yakunladi. Bu aviatsiyadagi muhim burilish nuqtasi», — dedi Kandis Russel.

Aslida yagona namunadagi ushbu eksperimental samolyot 55 000 fut, ya’ni 16 764 metr balandlikda, taxminan 1 ming 490 km/soat tezlikda kreyser rejimida uchishga mo‘ljallangan. Bu odatiy yo‘lovchi samolyotlaridan ikki baravar yuqori va deyarli ikki baravar tez, deydi kompaniya vakili.

Keyingi sinov parvozlarida X-59 balandroq va tezroq uchadi, oxir-oqibat dengiz sathida taxminan 1 225 km/soat bo‘lgan tovush tezligidan oshadi.

Foto: Reuters

X-59 bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlar orqali olingan ma’lumotlar – quruqlikda supersonik parvoz uchun yangi shovqin me’yorlarini ishlab chiqishga xizmat qiladi.

Bunga qadar ham tovush tezligidan tezroq bo‘lgan «Konkord» samolyoti 1976 yilda Atlantika bo‘ylab muntazam qatnovlarni boshlagan. Ammo 2003 yilda yuqori ekspluatatsiya xarajatlari, o‘rindiqlar sonining kamligi va boshqa sabablar bilan foydalanishdan olingandi.

Mavzuga oid