17:38 / 02.06.2023
38979

“O‘g‘lim o‘zini tashlagan bo‘lsa, videoni ko‘rsatishsin” – Chilonzor IIBda tergov qilinayotib vafot etgan 21 yoshli yigitning otasi

IIB tergovi vaqtida vafot etgan yigitning otasi Kun.uz’ga intervyu berdi. Marhum yiqilgani aytilgan joyni ko‘rish va tasvirga olishga IIV ruxsat bermadi. Prokuratura ekspertizaning dastlabki xulosasini ochiqlamadi, ayni vaqtda tergovga qadar tekshiruv ketmoqda. Shifokorlar bemor olib kelinganida unda yiqilish alomatlari bo‘lmaganini aytishmoqda.

22 may kuni Toshkentda ichki ishlar xodimlari surxondaryolik yigitni to‘xtatgan va yonidan topilgan giyohvand modda tufayli uni Chilonzor tuman IIBga olib borgan. Rasmiylarga ko‘ra, IIB binosida so‘roq qilinayotgan 21 yoshli Hafizulloh Turg‘unov so‘roq paytida hojatxonaga borishni so‘ragan va qochmoqchi bo‘lib, 4-qavatdan o‘zini tashlab yuborgan. Shundan so‘ng Uchtepa tumani tez yordam bo‘limiga olib borilgan yigit o‘sha yerda bir hafta komada yotgan hamda 29 may kuni erta tongda o‘ziga kelmasdan vafot etgan.

Ichki ishlar vazirligining rasmiy bayonot o‘laroq taqdim qilingan bu versiyaga marhumning yaqinlari, xususan Hafizullohning nogiron otasi shubha bildirmoqda.

“O‘g‘ling 4-qavatdan o‘zini tashladi, degan xabarni eshitib o‘zimni yo‘qotib qo‘ydim. Keyin bir haftalarda o‘g‘ling o‘ldi, kelib olib ket, deyishdi. Keyin Toshkentga keldim, kasalxonaga borsam o‘g‘limning yuzi ko‘karib ketgan, tanasining boshqa joylariga hech narsa bo‘lmagan. Doktor ham oyoq-qo‘li sinmagan, hech narsa bo‘lmagan, dedi. Shunga shubham bor, o‘g‘lim baquvvat va yosh edi, qamoqdan qo‘rqadigan bola emasdi. Mening bittagina o‘g‘limni urib o‘ldirishgan deb o‘ylayman…

Marhum Hafizulloh Turg‘unov

IIB binosi oynalarida panjaralar bo‘ladi, u sig‘maydi-ku. Agar tashlagan bo‘lsa, kameralar bo‘ladi – tashlaganini ko‘rsatishsin yoki barmoq izlarini ko‘rsatishsin. Toshkent shahar prokuraturasiga borib ariza yozdim, videoni tergov siri, deya ko‘rsata olmasligini aytishdi.

Marhumning otasi Erkin Xolboyev.

O‘zim ishga layoqatsizman, o‘g‘lim Toshkentga ishlash uchun kelgandi. Qurilishda va boshqa ishlarda ishlab yurgandi. Yomon yo‘lga kirgan bo‘lsa, balki shundaydir bilmayman. Lekin yomonligi uchun o‘ldirib qo‘yish kerakmas-ku, ularning ham bolalari bordir”, — deydi marhumning otasi Erkin Xolboyev.

Holat yuzasidan dastlab rasmiylar izoh bermadi va ishni prokuratura o‘rganayotganini aytish bilan cheklandi. Kun.uz saytida ushbu xabar e’lon qilingach Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov rasmiy bayonot berdi.

Unda aytilishicha, 22 may kuni tongda ichki ishlar xodimlari shubhali ko‘ringani uchun X.T.ni to‘xtatib, yonidan 53,52 grammlik “gashish” giyohvandlik moddasini topishgan hamda unga nisbatan Jinoyat kodeksining 273-moddasi asosida ish qo‘zg‘atilgan.

Vazirlikka ko‘ra, Hafizulloh shu kuni 4-qavatda joylashgan xizmat xonasiga olib ketilayotganda hojatxonaga kirishni so‘ragan va tergovdan qochib yashirinish maqsadida derazadan pastga sakragan. “Natijada bosh va tana qismidan turli jarohatlar olgan – unga “bosh miya yopiq jarohati, bosh miya lat yeyishi, bosh suyagini sinishi, tana a’zolarining gematomasi” tashxisi qo‘yilgan. Shuningdek, IIV mazkur holat binoga o‘rnatilgan videoyozuv moslamalarida qayd etilganini ta’kidlagan.

Lekin hozirga qadar marhumning yaqinlariga ham, jamoatchilikka ham 21 yoshli yigit o‘zini 4-qavatdan tashlab yuborgani aks etgan videoyozuv ko‘rsatilmadi.

Chilonzor tuman IIO FMB

Kun.uz muxbiri Chilonzor tuman IIBga borib, Hafizulloh o‘zini tashlab yuborgani aytilgan hojatxona oynasini ko‘rishni so‘radi. Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati tergov siri, deya bunga ruxsat bermadi, muxbir IIB hududiga kiritilmadi.

Qarindoshlarining shubhalariga sabab bo‘layotgan holatlardan yana biri shifokorlarning gap-so‘zlari bo‘lmoqda. Masalan, o‘sha kasalxonada ishlagan shifokorlardan biri Hafizulloh Turg‘unov qon qusib kelgani, ichki a’zolari ezilib ketganidan, ichi bir necha marotaba yuvilganini yozgan.

Bundan tashqari marhumning yaqinlariga boshqa shifokorlar hamda morg xodimlari Hafizullohning tanasida 4-qavatdan yiqilish alomatlari yo‘qligini aytgan.

Kun.uz muxbiri bilan gaplashgan Uchtepa tumani tez yordam bo‘limi bosh shifokori o‘rinbosari marhumning kasalxonaga olib kelinishi va salomatligiga doir qaydlar prokuratura tomonidan olib ketilganini bildirdi. Shifokorlar ham o‘zlari guvoh bo‘lgan holatni tergov va sudda aytishini bildirdi.

Bosh prokurorning matbuot kotibi marhumning jasadi ustidan o‘tkazilgan sud-tibbiy ekspertizaning dastlabki xulosasi ham tekshiruvlar yakuniga qadar ochiqlanmasligini ma’lum qildi. Ayni vaqtda holat yuzasidan Chilonzor tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilmoqda

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top