10:54 / 02.06.2023
8962

Shavkat Mirziyoyev Qirg‘izistonga jo‘nab ketdi 

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrif bilan Qirg‘izistonga jo‘nab ketdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Bugun davlat rahbari Cho‘lponota shahrida "Markaziy Osiyo - Yevropa Ittifoqi" ikkinchi sammitida ishtirok etadi.

Sammit doirasida qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazilishi ham rejalashtirilgan.

Sammitda Yevropa kengashi rahbari Sharl Mishel, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov, Qozog‘iston rahbari Qosim-Jo‘mart To‘qayev, Tojikiston yetakchisi Imomali Rahmon va Turkmaniston vazirlar Mahkamasi raisi o‘rinbosari Nurmuhammet Amannepesov ishtirok etadi.

Ikki mintaqa o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-humanitar hamkorlikning holati va istiqbollari muhokama qilinadi, xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalar hamda Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi davlatlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik yuzasidan fikr almashiladi. 

Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining avvalgi, birinchi sammiti 2022 yil 27 oktyabr kuni Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan edi. Unda so‘zga chiqqan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev global va mintaqaviy vaziyat Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyodagi integratsiyani yanada faolroq qo‘llab-quvvatlashini talab qilishini ta’kidladi. 

Shuningdek, u ushbu format doirasida savdo-iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish va transport-kommunikatsiya aloqalarini rivojlantirish bo‘yicha strategik dastur ishlab chiqishni taklif qildi. 

Mavzuga oid
Top