18:09 / 03.06.2023
26618

Manchester derbisida 2-sovrin uchun kurash, Messida xayrlashuv, «Spetsiya»ning taqdiri «Roma»ning qo‘lida. Hafta o‘yinlari anonsi

Foto: Getty Images

Dam olish kunlari Yevropada milliy chempionatlar to‘liq yakuniga yetib, kubok bahslarida finallar o‘tkaziladi. Angliya va Germaniyada kubok egalari ma’lum bo‘lsa, Italiya va Ispaniyada ligada qolish uchun kurash kechadi, Fransiyada esa Messi «PSJ» bilan xayrlashadi. Yakshanba oqshomida «Roma» Eldor Shomurodovning amaldagi jamoasini quyi ligaga ravona qilishi yoki «Spetsiya» Rim klubini Yevropa ligasi yo‘llanmasidan mahrum etishi mumkin.

Angliya kubogi. Final

3 iyun (shanba)

MANCheSTeR SITI – MANCheSTeR YuNAYTeD

O‘yin boshlanish vaqti: 19:00

Angliyada yakuniga yetayotgan mavsum Manchester klublariga ataldi, deyish mumkin. «Siti» Premer-liga g‘olibligini qo‘lga kiritdi, «Yunayted» Angliya liga kubogi egasiga aylandi. Futboldagi eng tarixiy va jamoalar soni bo‘yicha yirik turnir sanalmish Angliya kubogi sovrini ham yuqoridagi ikki klubdan biriga nasib etadi. Gvardiola shogirdlari mavsumdagi so‘nggi ikki o‘yin evaziga trebl qilish imkoniyatiga ega, «Yunayted» esa mavsumdagi ikkinchi sovrinini qo‘lga kiritibgina Angliyada faqat o‘ziga tegishli bo‘lgan treblni hamshahri tomonidan ham qayd etilishiga to‘sqinlik qilishi mumkin.

Angliya kubogi finalida ilk marta o‘zaro to‘qnash kelayotgan «Siti» va «Yunayted» o‘rtasidagi bahs oldidan ko‘pchilik «shaharliklar»ning ustunligini qayd etayotgan bo‘lsa-da, Erik ten Hag jamoasi o‘zi uchun mavsumdagi so‘nggi o‘yinga maydonga jangga chiqqandek harakat qilishi aniq. Gvardiola shogirdlari esa bir haftadan keyin Chempionlar ligasi finali kutib turganini anglagan holda ehtiyotkor to‘p surishga majbur. Jamoalarning o‘zaro so‘nggi o‘yinida «MYu» Fernandesh va Reshfordning goli evaziga «Siti»dan ustun (2:1) kelgani ham «qizil iblislar»ga ruhiy ustunlik berishi mumkin.

Foto: Getty Images

Finalda «Siti» tarkibida Kevin De Bryuyne va Jyek Grilishning maydonga tushishi so‘roq ostida. Gvardiola «Siti» uchun bosh maqsad bo‘lgan YeChL finali oldidan bu o‘yinchilarning sog‘lig‘i bilan tavakkal qilmasligi mumkin. Pep finalda Ederson o‘rniga turnir davomida ajoyib harakat qilib kelgan Shtefan Ortega darvozani qo‘riqlashini ma’lum qilgan. Ten Hag esa Marsyal, Lisandro Martines, van de Bek xizmatidan foydalana olmaydi. Antonining safga qaytishi esa so‘roq ostida.

Germaniya kubogi. Final

3 iyun (shanba)

LeYPsIG – AYNTRAXT

O‘yin boshlanish vaqti: 23:00

Germaniya kubogining hali qiluvchi o‘yinigacha «Bavariya» ham, «Borussiya» ham yetib kela olmadi. Turnirning amaldagi g‘olibi «Leypsig» Berlinda «Ayntraxt»ga qarshi maydonga tushadi. Bundesligada 3 va 5-o‘rinni egallagan jamoalar o‘rtasidagi uchrashuv shiddatli o‘tishini kutish mumkin.

Fransiya chempionati. 38-tur

3 iyun (shanba)

PSJ – KLeRMON

O‘yin boshlanish vaqti: 23:59

Fransiya chempionatida YeChLga yo‘llanma olganlar va quyi ligaga tushib ketadigan jamoalar nomi deyarli ma’lum bo‘ldi. So‘nggi turda esa bu chempionat turnirning so‘nggi ikki yildagi asosiy yulduzi bo‘lgan, Fransiya 1-ligasiga yanada kattaroq auditoriya qo‘shilishiga sabab bo‘lgan Lionel Messi bilan xayrlashadi. «PSJ» muddatdan avval chempionlikni qo‘lga kiritdi va «Klermon»ga qarshi kechadigan mavsumning so‘nggi o‘yinida barchaning nigohi Messiga qaratiladi. O‘yin oldidan parijliklar bosh murabbiyi Kristof Galte parijlik muxlislardan argentinalik futbol yulduzi bilan chiroyli xayrlashishni so‘rab, futbolchilar ham Messining xayrlashuv o‘yini yaxshi o‘tishini ta’minlashlari kerakligi haqida gapirdi. Lionel ham ikki yillik faoliyati o‘tgan klubdagi ishini munosib yakunlashga intilishi aniq.

Foto: Getty Images

Italiya A Seriyasi. 38-tur

4 iyun (yakshanba)

ROMA – CPeTsIYa

O‘yin boshlanish vaqti: 23:59

«Roma» chorshanba oqshomida Yevropa ligasi finalida «Sevilya»ga mag‘lubiyatga uchrab, Chempionlar ligasiga yo‘llanma olish uchun so‘nggi imkoniyatni ham qo‘ldan chiqardi. Endi esa Joze Mourino shogirdlari A Seriya so‘nggi turida «Spetsiya»ga qarshi bahsda Yevropa ligasi yo‘llanmasi uchun kurashishadi. A Seriyada ketma-ket so‘nggi 7 o‘yindan buyon g‘alaba qozona olmayotgan Rim klubi Eldor Shomurodov to‘p surayotgan jamoaga qarshi bahsda ham ochko yo‘qotsa va «Yuventus» «Udineze»ni mag‘lub etsa, «Roma» yana bir pog‘ona pastlab, 7-o‘rin bilan keyingi mavsumda ham UYeFA Konferensiyalar ligasiga to‘p surishiga to‘g‘ri keladi.

Foto: Getty Images

«Spetsiya»ning taqdiri ham ushbu bahsga bog‘liq. Shomurodov maydonga tushgan taqdirda ushbu jamoadagi so‘nggi o‘yini bo‘ladigan bahsda «Spetsiya» A Seriyada qolishi yoki ligadan tushib ketishi mumkin. Tur oldidan «Spetsiya» 31 ochko va to‘plar nisbatiga ko‘ra 17-o‘rinni egallab turibdi, 18-o‘rindagi «Verona»da ham 31 ochko mavjud. Spetsiyaliklar Rimda ochko yo‘qotsa, Milandagi parallel o‘yindagi natijani kutishga majbur bo‘ladi.

4 iyun (yakshanba)

MILAN – VeRONA

O‘yin boshlanish vaqti: 23:59

«San-Siro»dagi o‘yin «Milan»dan ham ko‘ra, «Verona» uchun hayot-mamot masalasi hisoblanadi. «Rossonerlar» Chempionlar ligasidagi yo‘llanmani naqd qilishdi, g‘alaba esa ularga bronza medalini keltirishi mumkin. Ammo buning uchun ular YeChL finaliga tayyorgarlik ko‘rayotgan «Inter»ning «Torino»ga mag‘lubiyatini kutishiga to‘g‘ri keladi. Aks holda «Milan»ning (67 ochko) «Inter»dan (69 ochko) o‘zib ketish imkoni bo‘lmaydi.

«Verona» esa turnir jadvalida 18-o‘rinda bo‘lib, B Seriyaga tushib ketish arafasida. Veronaliklar «Spetsiya»ning Rimda ochko yo‘qotishini kutib, Milanda sensatsion natija qayd etishiga to‘g‘ri keladi. Aks holda jamoa quyi ligaga ravona bo‘ladi.

Ispaniya: La Ligada elitada qolish uchun kurash avjida

La Liga so‘nggi turidan oldin chempion va yevrokuboklarga yo‘llanma olgan jamoalar nomi ma’lum bo‘lib ulgurgan. Intriga faqat turnir jadvalining quyi qismida qolgan – biryo‘la 6 jamoa Segundaga tushish xavfi ostida turibdi. «Elche» va «Espanol» quyi ligaga ravona bo‘ldi, yana bir omadsiz chipta sohibi so‘nggi turdan keyin ma’lum bo‘ladi.

18-o‘rindagi «Valyadolid» hisobida 39 ochko mavjud, «Selta» (40), «Almeriya» (40), «Valensiya» (41), «Xetafe» (41) va «Kadis» (41) ham hali ligadagi o‘rnini kafolatlamagan.

4 iyun (yakshanba)

Valyadolid – Xetafe

Elche – Kadis

Espanol – Almeriya

Selta – Barselona

Betis – Valensiya

O‘yinlar boshlanishi vaqti: 23:59.

Top