18:59 / 07.06.2023
15722

“Kuch ishlatgan xodimlarni qat’iy jazolashga chaqiramiz” – Ombudsman

Bo‘kadagi holat yuzasidan bayonot bergan Ombudsman qiynoqlar "insonning fundamental huquqlarini buzishi hamda shaxs sifatida yo‘q qilishga qaratilgan xatti-harakat" sifatida baholanishini bildirgan. Oliy Majlisning inson huquqlari bo‘yicha vakili jamiyat tanasida kasallik bo‘lgan – qiynoqlarni davolash uchun avvalo shaffoflik ta’minlanishi kerakligini ta’kidlagan.

Foto: KUN.UZ

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili – Ombudsman Bo‘ka tumanida sodir bo‘lgan holat tergov jarayonlarida hanuz qiynoqlar qo‘llanayotganini tasdiqlashini ta’kidlagan. Shu bilan birga, tashkilot bayonotida fuqaro vafot etishi bilan, ekspertiza natijalariga ko‘ra jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, aloqador xodimlar hibsga olingani ijobiy baholangan.

“Aslida biz huquqlarimiz himoyachisi sifatida biladigan huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari orasida Bo‘kadagi holat misolida qonunga xilof ish ko‘ruvchi xodimlar borligi juda achinarli. Tizimda ishlovchi barcha xodimlar shunday degan fikrdan yiroqmiz, so‘nggi yillarda qiynoqqa qarshi kurashish borasidagi islohotlarni e’tirof etishimiz lozim. Lekin davlat siyosatiga qarshi turib, o‘z xizmat faoliyatida ruhiy va jismoniy qiynoqqa yo‘l qo‘yayotgan “xodimlar” bor ekan, fuqarolarda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga nisbatan ishonchsizlik yuzaga keladi”, — deyiladi bayonotda.

Shuningdek, ombudsman jamiyat tanasidagi kasallik bo‘lgan qiynoqlarni davolash uchun avvalo shaffoflik ta’minlanishi kerakligini ta’kidlagan: Aynan shaffoflik — qiynoqlarning barvaqt oldini olishning ta’sirchan vositalaridan biri.

“To‘g‘ri, qiynoq ko‘plab rivojlangan davlatlarning ham global muammolaridan biridir. Qiynoq insonning fundamental huquqlari buzilishi hisoblanadi. Mutaxassislarning fikricha, qiynoq insonga uzoq muddatli psixologik ta’sirga ega bo‘lgan, shaxs sifatida yo‘q qilishga qaratilgan xatti-harakat sifatida baholanadi. Inson qadri tamoyili ustuvor bo‘lgan O‘zbekiston qiynoqqa qarshi kurashish bo‘yicha o‘zining mustahkam va keskin pozitsiyasiga ega. So‘nggi yillarda qiynoq holatlariga yo‘l qo‘ygan xodimlarga nisbatan jazo choralari og‘irlashtirilib, hattoki, ularga nisbatan afv qo‘llanmasligi qat’iy belgilab qo‘yildi.

Qolaversa, mansabdor shaxslarning noqonuniy harakatlari uchun javobgarlikka tortish maqsadida qonunchilikka alohida modda kiritilgan va qiynoqni qo‘llagan shaxsga nisbatan og‘irlashtiruvchi normalar qo‘llanishi belgilangan. Jinoyat kodeksining 235-moddasi qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash uchun jinoiy javobgarlikni nazarda tutadi”.

Oliy Majlis vakili, shuningdek ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan qiynoq qo‘llanganiga oid xabarlar joyiga chiqib o‘rganilayotgani, qiynoq alomatlari mavjud bo‘lgan hollarda ish ko‘rib chiqish uchun prokuratura organlariga yuborilayotganini ta’kidlagan.

“Bo‘kadagi holat ham Ombudsman nazoratida bo‘ladi. Gumonlanuvchi yoki ayblanuvchilar surishtiruv va tergov jarayonida kaltaklanib, vafot etishi mumkin emas. Kuch ishlatish uslubidan foydalangan xodimlarni aniqlash va ularga qat’iy chora ko‘rish, tizimdagi xodimlar malakasi va faoliyatini birma-bir tahlil qilish, zo‘ravonlar va sustkashlardan voz kechish kerak. Zero, bugungi davlat siyosati inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan. Shu nuqtayi nazardan bu boradagi qadamlar izchil bo‘lishi lozim. Biz aybdor shaxslarni qat’iy jazoga tortishga chaqiramiz”, — deyiladi Oliy Majlisning inson huquqlari bo‘yicha vakili rasmiy bayonotida.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 29 may kuni o‘zini Chilonzor tuman IIB binosi 4-qavatidan tashlab yuborgani aytilayotgan 21 yoshli yigit vafot etdi. 4 iyun kuni esa Bo‘ka tumani IIB tezkor xodimlari 36 yoshli yigitni qiynab o‘ldirishgani ma’lum bo‘ldi. Rasmiylar Chilonzor IIBda vafot etgan yigitning o‘zini ayblayotgan bo‘lsa, Bo‘ka tumanidagi fojiada tezkor xodimlarning qo‘li borligi tan olindi.

Top