Jamiyat | 18:31 / 11.06.2023
23824
7 daqiqa o‘qiladi

Inson ichki olamini taftish qiluvchi “Ishqqa oid 40 qoida” romani haqida

Meni menda demang menda emasman,
Bir men bordir mendan menda ichkari.

Yunus Emro

Biz yashayveramiz. Tongda uyg‘onamiz, kun davomida odatiy yumushlarimiz bilan mashg‘ul bo‘lamiz. Asosan, jamiyat belgilab qo‘ygan qoidalar asosida hayot kechiramiz. Dunyodagi 70-80 foiz insonlarning hayoti shunday o‘tadi.

Har bir shaxs ichida o‘zga odam, o‘zga olam yashaydi. Ammo kamdan kam insonlar o‘sha o‘zga odamiga quloq soladi, uni namoyon qiladi. U bizning “men”imizdir. U bizni o‘zgacharoq yashashimizni, erkinroq nafas olishimizni, jamiyatdagi ko‘plab stereotiplarni buzib tashlashimizni istaydi. Ammo ko‘pincha qobiqni yorib chiqishimizga ba’zan kuchimiz, ba’zan esa jur’atimiz yetmaydi.

Elif Shafaqning “Ishqqa oid 40 qoida” asari aynan shu ichkaridagi “men”imizni qaysidir ma’noda izlashimizga, balki qisman topishimizga yordam beradi, yo‘l ko‘rsatadi.

Asar ikki davr – XIII va XXI asr voqealarini hikoya qiladi. Romanning yozilish uslubi juda o‘zgacha. Buni davr tafovuti ham ko‘rsatib turibdi. Undagi bosh qahramonlar: har bir shaxs ichida bitta yomon, bitta yaxshi shaxs yashirin deb bilguvchi, har yomonning bir yaxshisi bor, har yaxshining vaziyat taqozo etsa bir yomoni, albatta, bo‘ladi, degan fikrda yashovchi, hammani tushuna oluvchi, Xudoni izlab yo‘lga chiqqan Shams Tabriziy;

Shamsni o‘z ichidagi “men”i deb o‘ylaguvchi, Tabriziyga ma’naviy ishq orqali qattiq bog‘lanib, uning hajrida shoirga aylangan Mavlono Rumiy;

“Shirin shakkoklik” kitobini o‘qib, uni hatto umrida ko‘rmagan, dunyoning qaysidir burchagida kezib yurgan bir insonga xat yo‘llash orqali butun hayotiy “rejim”larini o‘zgartirgan, suratidagi “men”ini siyratidagi “men”iga almashtirib “programmalash”tirolgan Ella.

Ko‘pchilikdan eshitib qolamiz “dinda buning qoidasi unday, yo‘q xato qilyapsan bunday. Bundan so‘ng u keladi, undan so‘ng buni qilasan”, kabi tanbeh va o‘gitlarni. “Ishqqa oid 40 qoida”da bu kabi tanbehlar qoralanmaydi, ammo boshqacharoq talqin etiladi. Ya’ni “odamlar Xudo bilan qanday gaplashishlariga qarab hukm chiqarish kerak emas. Har bir insonning o‘z yo‘li va o‘z duosi bor. Xudo biz haqimizda aytgan so‘zlarimizga qarab hukm chiqarmaydi. U bizning qalbimizga teran nazar soladi.

Qonun-qoidalar (aqidalar) asosiy emas, asosiysi, bizning qanchalar sofligimiz. Oddiy misol: “Nega namoz o‘qimaysan?” degan savolga ayrimlar “asosiysi dilingda bo‘lsin”, deb javob beradi. Bu javobni noto‘g‘ri deb bo‘lmaydi. Dilingda bo‘lmasa-yu, ammo farz deb namoz o‘qiyversang, bu shunchaki amal bo‘lib qolaveradi. Endi tanganing ikkinchi tarafi ham bor: chindan dilingda bo‘lgan narsa amalga ko‘chmay qolmaydi… Ham dilda, ham amalda bo‘lishi qanchalar go‘zal!

Kitobni ilk bor ko‘rib turgan kitobxon uni sevgi-muhabbat haqida deb o‘ylaydi. Asar chindan ham sevgi-muhabbat haqida, ammo boshqacharoq, ma’naviy ishq to‘g‘risida.

Asarni psixologik asarlar sirasiga kiritsak bo‘ladi. Ruhni tozalaydi, o‘zingizga berib keladigan ko‘plab savollaringizga javob topib beradi. Eng muhimi, o‘zingizni, o‘zligingizni anglash yo‘lini ko‘rsatadi.

Shams Tabriziy uchun kechaning ahamiyati yo‘q, erta bilan ishi bo‘lmaydi. Uning uchun ayni dam muhim. Uning fikricha, odamlar ayni paytdagi umrini yashay bilishi darkor. Chunki bugun ertaga kechaga aylanadi. Erta esa bugun bo‘ladi. Shunday ekan, aynan bugunning kechagayam, ertagayam dahli bor.

Shams uchun gunoh-u savob nisbiydir. Xudoni chindan sevgan inson sababsiz gunoh qilmaydi.

Asarni o‘qir ekan, kitobxonni Rumiydek shayx, odamlarni ma’ruzalari orqali yaxshilikka boshlovchi shaxs mayxonaga borgani ozgina ajablantirishi mumkin. Buning ham o‘z sababi bor. Uni Shams jo‘natgandi.

Rumiy kuchli notiq edi. Hammani sehrlab qo‘ya olar, xalqning dardiga malham bo‘lguvchi gaplarni so‘zlardi. Shuning uchun ham xalq ichida mashhur bo‘ldi. Ammo dardmandning holini dard chekkan odamdan boshqa hech kim yaxshi tushunolmaydi. Tabriziy Rumiyning aynan shunday dardli bo‘lishini istadi. Shu sababdan ham xalqning eng-eng quyi qatlami ahvolidan Rumiyni xabardor qilish uchun hatto tilanchiga aylantirdi, mashhurlik otidan pastga tushirdi, mayxonadan may olib keltirdi, fohisha bilan muloqot qildirdi. Natijada, Rumiy hammani tushuna oladigan, his qiloladigan insonga aylandi. Shamsning eng katta oxirgi imtihoni qolgandi. Bu – Rumiyni o‘zidan judo qilish. Shunday bo‘ldiyam.

Ellaga keladigan bo‘lsak, uning osuda va tartibli, ammo mazmunsiz hayotiga jo‘shqinlik, o‘zi nafratlanadigan tartibsizlik kirib keldi. “Shirin shakkoklik”ni o‘qib o‘zi ham shirin shakkoklik istab qoldi. Qalbining qayeridadir qurum bosib uxlab yotgan ishqni taftish qila boshladi. Ayol e’tiborsiz qolsa, yo o‘chib qoladi, yoki yonib ketadi. Ella eriga nisbatan o‘chib, Azizga nisbatan yondi. Ishq Ellani uydan chiqib ketishga, mustaqil yashashga chorladi. Uning qilgan ishiga har bir kitobxon har xil baho beradi. Kimdir qoralaydi, kimdir oqlaydi, kimdir esa shunchaki tushunadi.

Lekin bir narsa aniqki, Ellaning hayotiga mazmun kirib keldi. Endi unda tabassum, maqsad. Umid mavjud. Ayni shu narsalarni hech bir odam yo‘qotib qo‘ymasligi kerak. “Men”ini qayerlargadir ko‘mib yuborgan, bir xilda hayot kechirayotgan insonlar o‘zlarini taftish qilishlari, nima uchun yashayotganlari haqida o‘ylab ko‘rishlari kerak. Bir xillik kishi hayotidan mazmunni yo‘qotadi, insonni robotlashtiradi. Shu sababdan ham har birimizga ichki odamimiz, ichki olamimiz juda muhimdir.

Mavzuga oid