Jamiyat | 11:48 / 06.07.2023
44325
12 daqiqa o‘qiladi

Qullikdan bosh vazirlikkacha. Buxoro amirligining kelib chiqishi qul bo‘lgan qushbegilari

Dunyo tarixida eng past tabaqa bo‘lmish qullikdan eng yuqori daraja — hukmdorlikkacha ko‘tarilgan shaxslar uchrab turadi. Shu bilan birga, hukmdor bo‘lmasa-da, ikkinchi darajali shaxs — bosh vazir lavozimini egallagan qullar ham anchagina. Shajaraviy an’analarga amal qilinuvchi davrlarda bunday ulkan yo‘lni bosib o‘tish, shubhasiz, ancha mashaqqatli bo‘lgan. O‘zbekiston tarixida ham qullikdan qushbegilikkacha yo‘lni bosib o‘tgan bir qancha tarixiy shaxslar bor. Ayniqsa, Buxoro amirligida.

Muhammad Davlat qushbegi

1756 yil Buxoro xonligida rasman mang‘itlar sulolasi hukmronligi boshlanadi. Mang‘itlar Chingizxon avlodi bo‘lmagani bois, o‘zlarini «xon» emas «amir» deb ataydi va Buxoro xonligi Buxoro amirligiga aylanadi.

Shu yili mang‘itlar sulolasi hukmronligiga tamal toshi qo‘ygan Muhammad Hakimbiyning qullaridan biri, asli xurosonlik fors, turkmanlar tomonidan qul qilinib, Buxoroga olib kelib sotilgan Muhammad Davlat Buxoro hukmdori Rahimbiy buyrug‘i bilan Buxoro qushbegisi etib tayinlanadi. Qushbegi (parvonachi) — Buxoro amirligida bosh vazirga teng lavozim bo‘lib, u mamlakatda amirdan keyingi ikkinchi darajali shaxs edi. Amir harbiy yurishga yoki safarga ketgan paytlarda davlatni qushbegi boshqargan va u amir bilan birga Ark qo‘rg‘onida yashagan. Buxoroning ko‘plab qushbegilari ta’sir doirasi va boylik borasida bemalol amirlar bilan bellasha olgan.

Asli xurosonlik qul bo‘lgan Muhammad Davlatning qushbegilik lavozimigacha bosgan yo‘li haqida ma’lumotlar ko‘p emas. Tarixchi va olim Ahmad Donishning «Mang‘itlar tarixi» asarida Muhammad Davlat amir Rahimbiy vafotidan so‘ng taxtga kelgan Doniyolbiy otaliq hukmronligi davrida juda ulkan hokimiyatga ega bo‘lgani, butun vazirlik ishlarini o‘z qo‘liga olgani aytiladi. Ahmad Donish Muhammad Davlatga «axloqan buzuq va shafqatsiz qotil» deya ta’rif bergan.

Yakunda Buxoroning qullikdan qushbegilikka ko‘tarilgan ilk bosh vaziri amir Doniyolbiyning o‘g‘li amir Shohmurod buyrug‘i bilan qatl etiladi. Amir Shohmurod qushbegini lavozimidan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanish va tanish-bilishchilikni kuchaytirishda ayblagan.

Muhammad Davlat 1756 yildan 1785 yilgacha, deyarli o‘ttiz yil davomida Buxoro amirligi qushbegisi lavozimida ishlagan.

Muhammad Yoqub

Muhammad Davlatdan farqli o‘laroq, Muhammad Yoqub qushbegi Buxoro amirligi tarixida ancha muhim rol o‘ynagan. U Rossiyaning Buxoro amirligiga yurishi davrida (1866-1868 yillar) Buxoro qushbegisi va amirlik qo‘shinlari bosh qo‘mondoni edi.

Muhammad Yoqub ham xurosonlik qullardan bo‘lgan. U amir Nasrullo davrida Karmanada yashagan shahzoda Muzaffarga yaqinlashgan hamda 1860 yil amir Muzaffar taxtga o‘tirishi bilan qushbegi lavozimini egallagan. Chunki Muzaffar otasining barcha amaldorlarini qatl qilgan yoki quvg‘in qilgandi.

Muhammad Yoqub ham barcha qullar qatori fan bilimlariga ega bo‘lmagan va davlat ishlarini o‘z manfaati bo‘yicha yuritgan. Keyinroq aynan uning rahbarligida Buxoro qo‘shinlari Jizzax, Samarqand va Zirabuloq janglarida rus qo‘shinlariga mag‘lub bo‘lgan.

Ahmad Donish ushbu bosh vazirga ta’rif berib, «bu umri davomida miltiq ovozini eshitmagan, jang maydonini ham ko‘rmagan odam edi; shuning uchun islom lashkarining eng kichik navkari ham u qo‘shinga boshliq etib tayinlanganidan uyalgandi» deb yozadi.

Umuman olganda, amir Muzaffardek qat’iyatsiz, davlat ishlariga beparvo amir davrida bilimsiz va noloyiq odam qushbegi lavozimini egallashi ajablanarli ish emas edi. Muhammad Yoqubning amirga ta’siri juda katta bo‘lgan. Qushbegi davlat ishlarini yuritish va harbiy soha ustidan qattiq nazorat o‘rnatgan va bir qancha yurishlar uyushtirgan.

Muhammad Yoqub 1860-1870-yillarda bosh vazir lavozimini egallab turadi, keyinroq G‘uzor beki qilib tayinlanadi.

Mulla Muhammadbiy

Mulla Muhammadbiy ham amir Muzaffarning qullaridan biri edi. U ham Xurosonda tug‘ilgan, turkmanlar bosqini paytida asir olinib, Buxoroga olib kelib sotilgan. Yosh fors qulni Buxoroning o‘sha vaqtdagi mang‘it urug‘idan bo‘lgan qushbegisi Muhammad Hakimbiy sotib oladi.

Muhammad Hakimbiy amir Nasrulloning eng ishongan odamlaridan bo‘lgan. Mulla Muhammadbiy qushbegi xonadonida ancha-muncha saroy o‘yinlarini o‘rganadi. Hakimbiy amir buyrug‘i bilan qatl etilgach, uning barcha mol-mulki va qullari shahzoda Muzaffar ixtiyoriga beriladi. Shu tariqa, Buxoroning navbatdagi qul qushbegisi ham, zamondoshlari tomonidan taxtga noloyiq deb hisoblangan Muzaffar huzuriga yo‘l oladi. U yerda u bo‘lajak amir bilan yaqinlashadi, chunki otasining irodasi bilan Karmana hokimi qilib tayinlangan Muzaffar o‘z atrofiga asosan past tabaqadan chiqqanlarni yig‘gandi.

Mulla Muhammadbiy

Amir Muzaffar taxtga o‘tirgach, Muhammadbiy birin-ketin mirshab, mirob, sarkarda lavozimlarini egallaydi va sarkarda sifatida qushbegi Muhammad Yoqub singari Buxoro amirligi va Rossiya imperiyasi o‘rtasidagi barcha janglarda qatnashadi.

Buxoro amirligi tarixi haqida qimmatli ma’lumotlar qoldirgan Ahmad Donish Muhammadiy shaxsiyatiga ham to‘xtalgan: «Buxoroni boshqarish Muhammadshoh qushbegi qo‘lida edi. U loqayd, bilimsiz va go‘l odam edi. Shu bilan birga, u doim kasal bo‘lib, hatto eng kichik narsaga — podishohga haqiqatni aytishga ham jur’at etmasdi. Uning davrida askarlar va kambag‘allar halovatini yo‘qotdi. Davlatning umumiy qulashi va tanazzuliga aniq bir sabab bo‘lsa — bu sabab Muhammadshoh qushbegidir».

Muhammadbiy qushbegi amir Abdulahad davrida ham o‘z mansabini yo‘qotmaydi. U to o‘limiga qadar Buxoro oliy qushbegisi lavozimida qoladi. 1889 yil Muhammadbiy vafot etgach, uning o‘rnini nabirasi Ostonaqulbiy egallaydi.

Mulla Muhammadbiy va avlodlari - Mulla Muhammadbiy, Muhammad Sharif va Ostonaqulbiy

1870-1889-yillarda Buxoro qushbegisi bo‘lgan Muhammadbiy katta ta’sir va kuchga ega sulolaga asos soladi. Muhammadbiyning o‘g‘li Muhammad Sharif amirlikda qushbegiyi poyon, ya’ni kichik qushbegi — bosh zakotchi lavozimini egallagan. Muhammad Sharifning o‘g‘illari: Ostonaqulbiy qushbegiyi bolo (oliy qushbegi), Haydarqulbek Chorjo‘y beki va xazinachi mansabini egallagan.

Ostonaqulbiy qushbegi

Ostonaqulbiy qushbegi (parvonachi)

Ostonaqulbiy yoshligidan bobosi Muhammadbiy homiyligi ostida Qarshi va Chorjo‘y bekligi rahbari etib tayinlangan. Otasi Muhammad Sharif xizmat vazifasini bajarish paytida halok bo‘lgach, bobosi Ostonaqulbiyni otasining o‘rniga zakotchi lavozimiga o‘tqazadi. Otasining o‘limidan bir yil o‘tib, bobosi ham vafot etgach, Ostonaqulbiy bobosi Muhammadbiy o‘rniga Buxoro amirligi qushbegisi lavozimiga o‘tiradi.

Ostonaqulbiy davlat ishlariga ancha e’tiborsiz amir Abdulahad davrida katta qudratga erishadi. U bir vaqtda ham qushbegiyi bolo, ham qushbegiyi poyon lavozimlarini egallaydi. Amirlik iqtisodiyotini tiklashga harakat qiladi. Ostonaqulbiy amirning Rossiyaga safarlarida unga hamrohlik qilgan va Rossiya imperiyasi ordenlari bilan taqdirlangan.

Buxoro amiri Abdulahad Rossiya imperatori Nikolay IIning toj kiyish marosimida. 1896 yil. Amirga o‘g‘li Sayid Olimxon va qushbegi Ostonaqulbiy (chapdan birinchi) hamrohlik qilgan.

Ammo Ostonaqulbiyning birgina jiddiy xatosi uning karerasi va islohotlariga yakun yasaydi. Kelib chiqishi xurosonlik qullarga mansub bo‘lgan Ostonaqulbiy shia mazhabiga e’tiqod qilardi va Buxoro qo‘shinidagi yuqori sarkardalik lavozimlariga o‘z mazhabdoshlarini tayinlagandi.

1910 yil yanvar oyida Ostonaqulbiy Buxoro shahrining shia aholisiga Ashuro bayramini faqatgina eronliklar yashovchi kvartallarda emas, butun shahar bo‘ylab nishonlashga ruxsat beradi. Bunga qadar shaharning yahudiy, shia va boshqa aholisi diniy bayramlarni o‘z kvartallarida nishonlagan va hech qanday muammo kelib chiqmagan.

Biroq bu safar shialar Ashuro bayramini butun shaharda nishonlashi davomida sunniylar bilan nizo kelib chiqadi va to‘qnashuvlar yuz beradi. Shialar uch nafar sunniyni qo‘lga oladi. Sunniy aholi vakillari Ark oldiga borib, amirdan qonunbuzarlarni jazolashni, asirga olingan uch sunniyni ozod qilish so‘raydi. Ammo amir Abdulahad bu paytda Buxoroda emas, Karmanada edi va mamlakatni qushbegi Ostonaqulbiy boshqarayotgandi. U sunniylarni Ark oldidan haydab yuboradi va bu bilan vaziyatni yanada jiddiylashtiradi. Ostonaqulbiyning Buxoro Registonida to‘plangan sunniylarni kuch bilan tarqatishga urinishi vaziyat nazoratdan chiqib ketishiga olib keladi. Sunniylar yo‘lida uchragan shialarni o‘ldirib keta boshlaydi. Qirg‘in uch kun davom etadi.

Buxoro rahbariyati zudlik bilan ruslardan yordam so‘raydi. Tartibsizlik haqidagi xabar Peterburggacha yetib boradi va Buxoroga maxsus delegatsiya yuboriladi. Ruslar qurol yordamida tartibsizliklarni bostiradi. Amir Abdulahad Buxoroga borishga jur’at etmaydi va o‘rniga valiahdi Sayid Olimxonni yuboradi. Sayid Olimxon va Buxoro arkoni davlati sunniylar vakillari bilan uchrashadi hamda ularning so‘rovi bilan Ostonaqulbiy va boshqa shia rahbarlarni lavozimidan ozod qiladi.

Shu tariqa, Ostonaqulbiy mansabidan ayriladi va Ziyovuddin bekligi beki qilib yuboriladi. Keyinroq Amir Olimxon buyrug‘i bilan Karmanaga olib kelinib, qamoqqa tashlanadi. Shu bilan Buxoro amirligida Muhammad Yoqubdan boshlangan, asli kelib chiqishi asli qul bo‘lgan qushbegilar sulolasi davri (1860-1910) o‘z nihoyasiga yetadi. Biroq Ostonaqulbiyning karerasi bu bilan tugab qolmaydi.

Ostonaqulbiyni zamondoshlari, xususan Ahmad Donish va Fitrat ancha iliq ta’riflagan. Xususan, Fitrat u haqda «Ostonaqul qushbegi vazirlar rahbari lavozimida bo‘lganida juda ko‘p foydali ishlarni amalga oshirdi. Masalan, u bolalarning hayosiz o‘yinlarini, mast yig‘ilishlarni va aholining bunday keraksiz sevimli mashg‘ulotlarini qat’iyan taqiqladi, davlat rivojlanishi va taraqqiyoti haqida qayg‘urdi, bozorlardagi yuqori narx sabablarini aniqladi, don narxi pasayishi va mo‘l-ko‘lligi, bozorlardagi narxlar pasayishiga doimiy ravishda e’tibor qildi. Ammo uning harakatlari Buxoro shahri raisi bo‘lmish mullo Burhoniddinga yoqmadi», deya fikr bildirgan.

Aynan mana shu ijobiy ishlari sabab, amirlik qulaganidan so‘ng Ostonaqulbiy Buxoroga qaytadi va Fayzulla Xo‘jayev rahbarligidagi Buxoro xalq sovet respublikasi hukumatida Vaqf ishlari boshqarmasi raisi etib tayinlanadi.

889-1910 yillarda Buxoro amirligi qushbegisi bo‘lib qolgan Ostonaqulbiy 1923 yilda vafot etadi.

Shu tariqa, umumiy hisobda, mang‘itlar sulolasi hukmronligining deyarli teng yarmi davomida Buxoro amirligini asli qul bo‘lgan qushbegilar boshqargandi.

Muhammadqodir Sobirov tayyorladi

Mavzuga oid