Bog‘chadan tortib universitetgacha davom etadigan vatanparvarlik tadbirlarining nega samarasi past? Nima uchun bolalarga potensial jinoyatchiga qaragandek qaraladi, o‘smirlik inqirozi esa tarbiyasizlik deb baholanadi? Psixologlar Kun.uz bilan suhbatda ta’limdagi bola ruhiyatiga e’tibor masalasida so‘z yuritdi.
“Oqni oqdan, qorani qoradan ajratib olish kerak. Qilayotgan ishning oqibatini o‘ylash kerak”. Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda ichki ishlar xodimlari mana shunday pand-nasihatlar bilan bog‘cha bolalariga ma’ruza qilayotgani aks etgan video tarqaldi. Holat jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘ldi.
Gap shundaki, bolalarning xavfsizligiga qaratilgan bunday targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilishi lozim, lekin bunday uslubda emas. Xo‘sh, o‘zi aslida bu kabi targ‘ibot tadbirlari qay tarzda tashkil etilishi kerak? Umuman, O‘zbekistonda bola psixologiyasiga munosabat qanday? O‘sib kelayotgan avlod bilan til topisha olmaslik qanday oqibatlarni yuzaga keltirishi mumkin?
Kun.uz ayni mavzu atrofidagi savollarga psixologlar Rozaliya Gabdulhakova va Sayyora Azlarovadan javob oldi.
— Ichki ishlar xodimlarining bog‘cha bolalariga «tushuntirish ishlari» olib borayotgan videosi tarqaldi. Bu holatga munosabatingiz qanday?
Rozaliya Gabdulhakova: Bog‘cha bolasining II xodimlari bilan uchrashuvi yomon emas, chunki ularda ichki ishlar xodimlariga nisbatan ishonch uyg‘onishi kerak. Lekin bunda ham oldin bog‘cha tarbiyachilari “militsiya” xodimlaridan yomon obraz shakllantirib qo‘ymagan bo‘lishi kerak.

Ijtimoiy tarmoqlarda kulgi ostiga olingan videodagi gaplarni yosh bolalar tushunmaydi. Eslab qolmagan ham. Bu yoshdagi bolalarga tushuntirilmoqchi bo‘lgan narsalar, masalan, ko‘chadagi xavfsizlik, ba’zi holatlarda o‘zini qanday tutish kabilarni amaliy tarzda, o‘yinlar bilan o‘rgatish kerak. Faqat gapirishning o‘zi bilan bolalarga tushuntirib bo‘lmaydi, bu narsalar ularning xotirasida ham qolmaydi. Chunki bolaning diqqati chegaralangan bo‘ladi, shunga ular uzoq e’tibor berib tinglay olmaydi. E’tibor bergan bo‘lsangiz, videodagi bolalar hammasi shunchaki jim o‘tirish uchun chidab o‘tirishibdi, xolos. Ularning barchasining xayollari tarqoq.















